O‘zA O`zbek

10.09.2018 20:22 Chop etish versiyasi

Atrof-muhit muhofazasiga barcha masʼul

Atrof-muhit muhofazasiga barcha masʼul
Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslar, jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanish, suvi muhofaza qilinadigan zonalar tartib-qoidalariga rioya etishni taʼminlash, mazkur sohada yuridik va jismoniy shaxslar masʼuliyatini oshirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish masalalari muhokamasiga bagʻishlanganmuloqot boʻlib oʻtdi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Ekoharakat deputatlari guruhi va Qonunchilik palatasiga Buxoro viloyatidan saylangan deputatlar hamkorligida tashkil etildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari B.Alixonov olib borgan muloqotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashlari deputatlari, mutasaddi tashkilotlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

– Mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanish, turli ekologik muammolarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Sobirov. – Prezidentimizning 2017 yil 21 apreldagi “2017-2021 yillarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilayotir. Ushbu hujjatga asosan, maishiy chiqindilarni boshqarish sohasida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi huzurida “Toza hudud” davlat unitar korxonasi va uning hududiy filiallari tashkil etildi. Mazkur tizim maishiy chiqindilarni yigʻish va olib chiqib ketish qamrovini tubdan kengaytirdi.

Afsuski, hali joylarda maishiy chiqindilar bilan bogʻliq muammolar bor. Aholi va yuridik shaxslarning maishiy, qurilish, tibbiy, biologik chiqindilarni belgilangan joylarga tashlamasligi noqonuniy chiqindixonalar paydo boʻlishiga olib kelmoqda. Sohada olib borilgan monitoring natijalari shuni koʻrsatdiki, joylarda sanitar va ekologik holat yomonlashuviga chiqindilarni maydonlar, koʻchalar, sugʻorish tarmoqlari ichiga, suvi muhofaza qilinadigan zonalarga, daryo boʻylariga, aholining madaniy-maishiy dam olish hududlariga tashlanayotgani sabab boʻlmoqda. Masalan, Gʻijduvon tumanining “Baraka” mahalla fuqarolar yigʻini hududidan oʻtuvchi Jilvon kanali atrofida oʻzboshimchalik bilan noqonuniy holda chiqindixona tashkil etilgan. Bu yerda yillar mobaynida qurilish chiqindilaridan tortib, tibbiyotda qoʻllanilgan turli buyumlar, chorva mollarining qoldiqlarigacha uyum boʻlib qolgan. Bu mahalliy hokimiyat, mahalla faollari, sanitariya-epidemiologiya xizmatining muammoga befarq qarab kelganidan dalolat beradi. Oʻrganishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrilishi natijasida bu yerdan 2 ming tonna chiqindi belgilangan joyga olib chiqildi.

Qonunchilikda ruxsat etilmagan joylarga chiqindi tashlaganlik uchun shaxslarni javobgarlikka tortish mexanizmi mavjud emasligi bu kabi holatlarga zamin tayyorlayotgani taʼkidlandi. Bu esa “Chiqindilar toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga fuqarolar tomonidan chiqindilarni belgilanmagan joylarga joylashtirish va chiqarib tashlashni taqiqlovchi norma kiritish zarurligini taqozo etmoqda. Yuridik shaxslarga aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlariga, yoʻl chekkalariga, yoʻllarning qatnov qismiga qurilish, maishiy chiqindilar tashlanishi va joylashtirilishining oldini olish majburiyatini belgilash lozim. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ruxsat etilmagan joylarga qattiq maishiy va qurilish chiqindilari tashlash, suyuq chiqindilarni toʻkkanlik uchun javobgarlikni oshirishni nazarda tutuvchi norma kiritilishi ham muayyan natija beradi.

Tadbirda yana bir ogʻriqli masala xususida soʻz yuritildi. “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunning 41-moddasiga asosan, suvi muhofaza qilinadigan zonalarning, sohilboʻyi hududlarining, suv obyektlari sanitariya muhofazasi zonalarining hamda yerusti va yerosti suvlari hosil boʻlish zonalarining rejimi, yaʼni sohilboʻyi mintaqalarida suv xoʻjaligi obyektlarini qurishdan tashqari har qanday turdagi qurilish taqiqlangan. Lekin joylarda qonunning mazkur talabiga rioya etmagan holda, suvi muhofaza qilinadigan mintaqalarda yashash uchun moʻljallangan binolar, umumiy ovqatlanish obyektlari va boshqa qurilishlar amalga oshirilgan.

Oʻrganishlar davomida Gʻijduvon tumanidan oqib oʻtuvchi Permas, Qalqonroʻd kanallari va Mavlaniyon kollektori suvi muhofaza qilinadigan zonalarda aholi va tashkilotlar tomonidan 50 dan ortiq uy-joy, ovqatlanish, xizmat koʻrsatish va boshqa obyektlar qurilganianiqlandi.

Tadbirda yuqorida qayd etilgan holatlarning oldini olish va bartaraf etishda jamoatchilik nazorati faoliyatini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, aholining ekologik-huquqiy bilimini boyitish, masʼuliyatini oshirish, targʻibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega ekanigaalohidaeʼtibor qaratildi.

Tegishli tashkilotlar, jumladan, nazorat organlari rahbarlarining axboroti tinglandi. Shuningdek, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan undan tejamkorlik bilan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilib, birinchi oʻqishda qabul qilingan “Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslar, jumladan, ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi haqida maʼlumot berildi.

Erkin Yodgorov, OʻzA
1 570