Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.03.2017 12:55 Chop etish versiyasi

Atrof-muhit muhofazasida fuqarolar yig‘inlarining roli

Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kollejida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda fuqarolar yig‘inining ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyasi faoliyati samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzuida seminar tashkil etildi.

Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Ekologik harakati Toshkent shahar hududiy bo‘linmasi hamda Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti asosida “Logos” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotgan “Obod mahalla har bir fuqaroning, jamiyatning va mamlakatning g‘amxo‘rligidir” loyihasi doirasida o‘tkazildi.

Mamlakatimizda ekologik muammolarning oldini olish va hal etish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, atrof-muhitni va aholi salomatligini muhofaza qilishda jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirishda va ekologik nazoratning jamoatchi inspektorlari faoliyatini muvofiqlashtirishda fuqarolar yig‘inining ekologiya va tabiatni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha komissiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur komissiya obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, bolalar sport maydonchalarini tashkil etish va asrash, moddiy madaniy meros obyektlarini yaroqli holda saqlash, dafn etish joylarini qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash va yaroqli holda saqlashga doir ishlarda aholining ixtiyoriy ravishda qatnashishini tashkil etadi, hasharlar uyushtiradi.

Atrof-muhit musaffoligini ta’minlashga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklashga, mavjud ekologik muammolarni hal etishga keng jamoatchilikni jalb qilish va ekologik madaniyatni yuksaltirish orqali erishish mumkin.

Seminarda ekologik nazorat sohasida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining o‘zaro hamkorligi, atrof-muhit sohasidagi qonunlar talablarining bajarilishi va ushbu yo‘nalishdagi davlat dasturlarining hayotga tatbiq etilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va xalq deputatlari shahar Kengashining o‘zaro hamkorligi masalalari muhokama qilindi.

Mohigul Qosimova, O‘zA
2 205






Все о погоде - Pogoda.uz