Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.11.2017 16:21 Chop etish versiyasi

Universitetda bo‘lib o‘tgan tadbir atoqli adib xotirasiga bag‘ishlandi

Xalqimizning sodiq farzandi, atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 27-martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarda Sharof Rashidovning yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida qilgan fidokorona xizmatlari, milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi, insoniylik fazilatlari haqida so‘z yuritilmoqda.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida bo‘lib o‘tgan shunday tadbirda ko‘p millatli xalqimiz bu ulug‘ inson nomini yod etib, uning o‘lmas xotirasiga chuqur hurmat-ehtirom bajo keltirayotgani, o‘zining noyob aql-zakovati, boy bilim va tajribasi bilan nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham katta obro‘-e’tibor qozongani ta’kidlandi.

– Men tarixchi sifatida bu ulug‘ insonning davlat arbobi sifatidagi faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan chambarchas bog‘lagim keladi, – deydi olim Jalg‘as Aytmuratov. – U kishi Orolbo‘yining iqtisodiyoti, madaniyatini rivojlantirish uchun juda katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan. 1966-va 1972-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha ikki marta O‘zbekiston Respublikasi hukumatining qarori qabul qilingan. Shu asosda o‘lkada sanoat, qishloq xo‘jaligi sohasi rivojlangan, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan, yo‘l va ko‘priklar qurilgan. O‘sha paytlarda respublikamizga keltirilgan qishloq xo‘jaligi texnikalarining 40 foizi Qoraqalpog‘istonga berilgan. Paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish ko‘paygan.

Sharof Rashidov ayni paytda iste’dodli ijodkor sifatida milliy adabiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shgan. Uning “Kashmir qo‘shig‘i”, “Ikki dil dostoni”, “G‘oliblar”, “Qudratli to‘lqin”, “Bo‘rondan kuchli” asarlari o‘zbek adabiyoti xazinasini boyitgan. “Kashmir qo‘shig‘i” va “Ikki dil dostoni” asarlari dunyoning 56 tiliga tarjima qilingani ham yozuvchining yorqin iste’dodidan dalolat beradi.

Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab Ellikqal’a tumanida o‘tkazilgan tadbirda ham uning sermazmun hayoti va ijodi haqida so‘z yuritildi.

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA
2 223






Все о погоде - Pogoda.uz