O‘zA O`zbek

15.05.2019 21:04 Chop etish versiyasi

Atom texnologiyalari boʻyicha axborot markazi ish boshladi

Atom texnologiyalari boʻyicha axborot markazi ish boshladi

Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar majmuasida “Oʻzbekiston neft va gazi – OGU 2019” yigirma uchinchi va "Energetika, energiyani tejash, atom energetikasi, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2019” oʻn toʻrtinchi xalqaro koʻrgazmalari oʻz ishini davom ettirmoqda.

Mazkur koʻrgazmalar doirasida koʻplab tadbirlar tashkil etish rejalashtirilgan. Bugun poytaxtimizda oʻz faoliyatini boshlagan Atom texnologiyalari boʻyicha axborot markazi ulardan biri.

“Oʻzatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasining qoʻshma loyihasi boʻlgan ushbu Atom texnologiyalari boʻyicha axborot markazining ochilish marosimida mahalliy va xorijlik mutaxassislar, keng jamoatchilik vakillari, oʻquvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari jam boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yoʻldoshev, “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov va boshqalar mamlakatimizda atom energetikasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar zamirida mamlakatning iqtisodiy oʻsishi va aholining farovon hayotini taʼminlashdek maqsadlar mujassam ekanini qayd etib oʻtdi.

photo5395825606932934579.jpg

Markaz ekspozitsiyasi barcha yoshdagilar uchun moʻljallangan boʻlib, faoliyati notijoriy va bepul xizmat koʻrsatiladi. Markaz maydonida olimlarning ommaviy maʼruzalari oʻqiladi, atom tarmogʻi mutaxassislari bilan uchrashuvlar va shu bilan bogʻliq turli tadbirlar tashkil etiladi.

“Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovning taʼkidlashicha, xorijiy davlatlarda tashkil etilgan markazlarning bu yettinchisidir. Uning ochilishi Oʻzbekistonda ilk atom elektr stansiyasini barpo etish boʻyicha kompleks loyihani amalga oshirishning muhim qismi. Jamoatchilik qoʻllab-quvvatlashini shakllantirishda targʻibot-tashviqot ishlarining alohida oʻrni bor. Toshkentda oʻz ishini boshlagan mazkur markaz shu maqsadga xizmat qiladi.

– Bu loyiha ustida ish olib borish jarayonida xalqaro tajribani oʻrganib chiqdik, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi energetika vazirining birinchi oʻrinbosari, “Oʻzatom” agentligi bosh direktori Joʻrabek Mirzamahmudov. – Ushbu markaz yanada zamonaviy va yangi texnologiyalar bilan boyitilgan. Bundan keyin ham AES loyihasiga doir maʼlumot va eksponatlar bilan bosqichma-bosqich toʻldirilib boriladi. Bu yerda atom haqida turli audiovizual texnologiyalar yordamida axborot olish uchun imkoniyat yaratilgan. 

photo5395852231435201514.jpg

Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA
630