O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

11.09.2018 13:20 Chop etish versiyasi

“Atlas bayrami” festivali xalqaro miqyosda nishonlanmoqda

“Atlas bayrami” festivali xalqaro miqyosda nishonlanmoqda

Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan “Atlas bayrami” festivaliga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Unda YUNЕSKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

7.JPG

Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev, YUNЕSKOning Oʻzbekistondagi vakili Dendev Badarch “Atlas bayrami” festivaliga tayyorgarlik va uning dasturi haqida batafsil maʼlumot berdi.

– Bugun mehmondoʻst, bagʻrikeng, yurt gavhari va marvaridi deya eʼzozlanuvchi Fargʻonada jahon hamjamiyatiga milliy qadriyatlarimizni namoyon etuvchi “Atlas bayrami“ katta shodiyona sifatida nishonlanmoqda, –deydi Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev. – “Atlas bayrami” festivali xalq amaliy saʼnatining bebaho ifodasi sifatida millatlararo totuvlikka xizmat qilayotgani, yangi tajriba va anʼanalar, soha faoliyatiga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etishga katta hissa qoʻshayotgani bilan ham ahamiyatlidir. Eng asosiysi ushbu festival xalqimizning oʻziga xos milliy qadriyatlarini aks ettirib, hamyurtlarimiz va xorijlik sayyohlarni Margʻilon xalq badiiy hunarmandchiligi bilan yaqindan tanishtirish imkoniyatini yaratadi.

Darhaqiqat, Margʻilonda joriy yilda mazkur festivalga katta tayyorgarlik koʻrildi. Festival dasturi sezilarli ravishda kengaytirildi. Unda mamlakatimizning barcha hududidan tashrif buyuradigan hunarmandlar oʻz mahoratlarini namoyish etadilar. Yosh hunarmandlar uchun taniqli ustalar ishtirokida anʼanaviy kashtadoʻzlik, tabiiy boʻyash, liboslar dizayni boʻyicha mahorat saboqlari tashkil etiladi. Liboslar koʻrgazmasida ishtirok etuvchi dizaynerlarning barcha matolari esa yuz foiz shahar hunarmandchilikni rivojlantirish markazi tomonidan taqdim etiladi.

Festival xalqaro miqyosda nishonlanmoqda. Unda Rossiya, Xitoy, Ispaniya, Fransiya, Mongoliya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston kabi 30 dan ziyod mamlakatlarning ustalari, rassomlari, soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida “Buyuk ipak yoʻli anʼanaviy toʻqimachiligi” mavzusida ekspertlar kengashi, “Buyuk ipak yoʻlidagi Sharq va Gʻarb taʼsiri: Xanchjou, Margʻilon, Valensiya“ mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkaziladi. “Hunarmandlar shaharchasi“ deb nomlangan amaliy sanʼat buyumlari yarmarkasi, Oʻzbekiston modelyerlari shou-defilesi, konsertlar, kurash musobaqasi, dorbozlar tomoshasi, qoʻgʻirchoq teatrlari chiqishlari ham boʻlib oʻtadi.

“Atlas bayrami” toʻqimachilik festivalining tantanali ochilishi 14 sentyabr kuni Margʻilon shahridagi ijodkorlar bogʻida boʻlib oʻtadi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob olindi.

M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), OʻzA