Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.09.2018 10:50 Chop etish versiyasi

“Atlas bayrami” festivali doirasida tadbirlar boshlandi

“Atlas bayrami” festivali doirasida tadbirlar boshlandi

Margʻilon shahridagi milliy hunarmandchilikni rivojlantirish markazida “Atlas bayrami” anʼanaviy toʻqimachilik festivali doirasida mahorat saboqlari boshlandi. Unda taniqli ustalar tomonidan mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan yosh hunarmandlarga anʼanaviy kashtadoʻzlik, tabiiy boʻyash, liboslar dizayni boʻyicha amaliy mashgʻulotlar oʻtkazmoqda.

7.JPG

Toʻrtinchi bor oʻtkazilayotgan tadbir YUNЕSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Hunarmand“ uyushmasi, YUNЕSKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi, Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilmoqda.

8.JPG

Margʻilon deganda beixtiyor kishi koʻz oʻngida kamalak ranglarida tovlanuvchi atlasu adraslarga boy koʻhna va betakror shahar namoyon boʻladi. Navqiron shaharning nafis chiroyini butun dunyoga mashhur etgan xonatlasning goʻzal nusxalari koʻplarning koʻnglini rom etgani rost. Mazkur anʼanaviy “Atlas bayrami” ham aynan qadimiy shaharning milliy hunarmandchiligi, milliy arxitekturasi va milliy madaniyatini namoyish qilish, yosh, iqtidorli dizaynerlar malakasini yanada oshirish va ularni yangicha, zamonaviy uslubda ishlashga oʻqib oʻrgatish maqsadida tashkil etilmoqda.

– Oʻtgan yilda oʻzbek ipak matolari – atlas va adras toʻqish texnologiyasi YUNЕSKOning insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritildi, – deydi “Hunarmand” uyushmasining Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi Rasuljon Mirzaahmedov. – Margʻilon azaldan atlas va adrasni tayyorlashning tarixiy markazi boʻlib kelgan. Yoʻqolib borayotgan anʼanalarni tiklash va saqlash maqsadida 2007 yilda Margʻilonda hunarmandchilikni rivojlantirish markazi ochilgan boʻlib, bu markaz atlas va adras matolarini tayyorlash texnologiyasini saqlash, rivojlantirish va ommaviylashtirish bilan shugʻullanib kelmoqda. Anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Atlas bayrami” milliy ipak matolarimizni jahon miqyosida kengroq targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Anʼanaviy toʻqimachilik va tadbirkorlik boʻyicha amaliy treningni yurtimizdagi mashhur hunarmandlar bilan birga Mongoliya, Bangladesh kabi davlatlardan kelgan mutaxassislar ham olib bormoqda.

– Anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan bu festivalda ikki yildan buyon ishtirok etib kelmoqdaman, – deydi bangladeshlik dizayner Bibi Rassel. – Yurtingizdagi milliy ipak matolaridan tayyorlanayotgan mahsulotlar butun dunyoni hayratga solib kelmoqda. Mana bunday amaliy mashgʻulotlar esa yoshlar orasida ham mashhur dizaynerlar chiqishiga xizmat qiladi.

M.Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), OʻzA
1 646