O‘zA O`zbek

25.08.2018 12:57 Chop etish versiyasi

“Atlas bayrami”da osh tanlovi ham oʻtkaziladi

“Atlas bayrami”da osh tanlovi ham oʻtkaziladi Yurtimiz hunarmandlari ishlab chiqarayotgan buyumlar va tovarlar (ishlar, xizmatlar) yoʻnalishlar 25 tadan 34 taga yetdi. Bu mahsulotlar Oʻzbekistonning tashrif qogʻoziga va turizmning brendiga aylanmoqda.

Vaholanki, yurtimizgatashrif buyurayotgan chet ellik sayyohlar hunarmandlarimiz oddiy qoʻl mehnati ila yaratayotgan moʻjizalar qarshisida lol qolayotgani barchamizni quvontiradi.

Shunday ekan, turizmni rivojlantirish, mamlakatimizga kelayotgan chet ellik sayyohlar oqimini yanada koʻpaytirish, atlas, adras, zardoʻzlik va kashtachilik singari milliy mahsulotlarimizni yanada keng targʻib qilish choralari koʻrilmoqda. Xususan, anʻanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Atlas bayrami” festivali ulardan biri.

Margʻilonning adrasu atlaslari butun dunyoda mashhur. Ularning oʻziga xosligi shundaki, bezak va gullar matoga emas, balki oʻrish ipining oʻziga chiziladi. Eʻtiborlisi, barcha rang tabiiy usulda, boʻyoq beruvchi giyohlardan tayyorlanadi. Shu bois ular yillar oʻtsa-da, oʻz sifatini yoʻqotmaydi, ranglar qorishib ketmaydi.

“Hunarmand” uyushmasining matbuot xizmatidan maʻlum qilishlaricha, joriy yilning 11-15-sentyabr kunlariYUNЕSKO ishlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligidaana shu festival toʻrtinchi marta oʻtkaziladi.

Unda mamlakatimizning barcha hududidan ishtirok etadigan hunarmandlar oʻz mahoratini namoyish etadi. Yosh hunarmandlar uchun taniqli ustalar ishtirokida anʻanaviy kashtadoʻzlik, tabiiy boʻyash, liboslar dizayni boʻyicha mahorat saboqlari tashkil etiladi.

YUNЕSKOning nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilishdagi ilgʻor tajribalar roʻyxatiga kiritilgan hunarmandchilikni rivojlantirish markazining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Shuningdek,“Buyuk ipak yoʻlidagi Sharq va Gʻarb madaniyatlari almashinuvi: “Xanchjou-Margʻilon-Valensiya” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman, “Hunarmandlar shaharchasi”nomli amaliy sanʻat buyumlari yarmarkasi, Oʻzbekiston modelyerlari shou-defilesi, konsertlar, kurash musobaqasi, dorbozlar tomoshasi hamda “Devzira” osh tanlovi ham oʻtkaziladi.

OʻzA
1 713