O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

“Ataganingizni tashlab keting” yoxud ishidan koʻra serialga ishqiboz va tavsiyasini pulga chaqadigan shifokorlar yoʻq emas!

“Ataganingizni tashlab keting” yoxud ishidan koʻra serialga ishqiboz va tavsiyasini pulga chaqadigan shifokorlar yoʻq emas!

Kunning ikkinchi yarmi. Bosh shifokorning hisobotini olish uchun tibbiyot markaziga bordim. Maʼlumotni olib ketarkanman, shamol esib, tinimsiz yogʻa boshlagan yomgʻirdan oʻzimni panaga oldim. 

Shifoxona zalida turib zimdan kuzatarkanman, atrof ozoda, sanitariya-gigiyena talablari asosida, karantin qoidalariga rioya qilingan holda ish faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Qoʻli qoʻliga tegmay harakat qilayotgan shifokorlarning mehnati tufayli koronavirus pandemiyasi bilan ogʻrigan juda koʻp yurtdoshlarimiz shifo topmoqda. Barakat topishsin, jonkuyar shifokorlarimizning tunni tongga ulab qilayotgan mehnati, saʼy-harakati bilan pandemiya ortga chekinmoqda...

Ikkinchi qavatdan kelayotgan ovozlar xayolimni boʻldi. Kimdir yigʻlar, yana birov esa tinimsiz baqirardi. Bexosdan nimadir tushib ketib, sindi shekilli ovoz yana-da balandroq jarangladi.

Qiziqishim ustun kelib yuqori qavatga chiqdim. Eshigiga “Navbatchi shifokor” deb yozib qoʻyilgan xona burchagida yoshgina qiz tinmay yigʻlardi. Yoshi kattaroq shifokor esa uning boshida turib allanimalar deb baqirardi. Toʻgʻrisi, shu yerda boʻlsam-da, xonadagi tartibsizliklar tufayli ayolning soʻzlarini umuman eshitmadim. Atrofni oʻrab olgan 5-6 shifokor qoʻlini bigiz qilib olgan ayolni tinchlantirish, uni boshqa xonaga olib ketish oʻrniga, yigʻlayotgan qizga doʻq urishardi. Goʻyoki, ular uyiga bostirib kerib kelgan bosqinchini qoʻlga olgandek harakatlanishardi. Toʻgʻrisi, hozirgidek, ayniqsa, davlat ishxonasida boʻlayotgan vaziyatga birinchi marta duch kelishim. Qancha vaqt oʻtdi, bilmayman, hamon “piq-piq” yigʻlayotgan, koʻzlari yigʻidan qizargan hamshira bilan yolgʻiz oʻzim qolib ketibman. Garchi uni tanimasam-da, vaziyatni yumshatishga harakat qildim.

- Opa xafa boʻlmang. Rahbaringizni biroz jahli chiqibdi-da. Hali hammasi yaxshi boʻladi. Koʻrmagandek boʻlib ketasiz.

- Jonimdan toʻydirib yubordi oʻzi. Men ham oliy maʼlumotli shifokorman. Aybim, undan yoshligim, oʻtgan yili oliygohni tamomlaganimmi?! Vazifam yuzasidan ikkita bemorga toʻgʻri maslahat berganim, dardiga darmon topganim uchun buncha xoʻrlanishimni bilmagandim. Ikki oy avval ham boquvchisi boʻlmagan, keksa bobosi bilan kelgan yigitchaga, oʻzimizda turgan antibiotik vositalardan foydalanib, ukol qilganimda ham jahl qilgandi. Oʻzi davlat bergan dori-darmonlardan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillari uchun foydalanishim kerak. Shunga ham yoʻl bermaydi bu yerdagilar. Qachon qarama, “bemorni aytganini qilma, unga biroz boʻsh kelsang, boshingga chiqib oladi. Ular haddidan oshishiga sabab boʻladigan harakatlarni qilma”, deb koyigani-koyigan. Nima qilishim kerak, hayronman? Koʻp emas, oz emas, yetti yil bemorlarning dardiga malham topish uchun tahsil olganman axir. Qoʻlimdan keladigan ishni, bemorlarga beradigan amaliy yordamimni nega ulardan ayashim kerak?

Hamsuhbatimning gapi ogʻzida qoldi. “Zoʻravon” shifokor menga ham ahamiyat bermasdan “Bugun ham sen navbatchisan. Tongacha turasan. Tekinga ishlashga oʻrganib qolgansan-ku. Menga esa oylik kerak. Qachon bir aklad ragʻbat yozib berishsa, oʻshanda navbatchilikka turaman. Ungacha esa sen navbatchilik qilasan”, deya qoʻlidagi roʻmolchani suhbatdoshimning yuziga otgancha, dadil qadamlar bilan bizdan uzoqlashdi.

- Ana, koʻrdingizmi?! Bu ayolni tanglayini pul bilan koʻtarishgan. Hozirgi sinovli kunlarda hamma shifokorlarga ishonib, suyanib turgan bir vaqtda oliy toifali shifokorning munosabati bu. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari boʻyicha tibbiyot birlashmamizda navbatchilik tashkil qilingan. Jadval asosida bir oyda ikki martagina navbatchilikka turishimiz talab etiladi. Bechora oddiy hamshiralar vazifasiga sidqidildan yondashib, aytilgan vaqtgacha turishadi. Ammo, koʻrib guvohi boʻlganingizdek, oliy maʼlumotli shifokorlarimiz ikki kunlik navbatchiligi uchun davlatdan ragʻbat talab qiladi. 

Ragʻbat berishmasa, navbatchilikka ham kelishmaydi. Kerak boʻlsa, ish vaqti yakunlanmasdan serial koʻrishga ketadiganlari ham bor. Baʼzida safimizda uquvsiz, faqatgina oylik maosh olish va vaqt oʻtishi uchun xizmat qilayotgan hamkasblarimni koʻrsam, shu sohani tanlaganimga pushaymon boʻlib ketaman. Hozir, el boshiga ish tushgan bir vaqtda vijdonan yondashmasak, qachon ishlaymiz. Pul, boylik, tanish-bilish foyda bermaydigan joylar koʻp-ku. Shifokor bemor bilan yolgʻiz qolganda oʻrgangan bilimidan boshqa hech narsa, hech kim unga yordam berolmaydi.

Mamlakatimizda shifokorlar oʻz kasbiga sadoqati, xalqimiz, ota-onalarimiz, farzandlarimiz sogʻligʻi yoʻlida tunu kun qilayotgan mehnati bilan jasorat koʻrsatayotgan bir vaqtda bizning shifokorlarimiz ijtimoiy koʻmakka muhtoj oila vakillari uchun ishlatilishi kerak boʻlgan dori-darmonlarni dorixonalarda sotish, ragʻbat berilmasa, navbatchilikka turmasdan, uyiga borib serial koʻrish bilan band. Dardiga shifo istab kelgan bemorni davolashni qoʻying, oddiy maslahatini, vazifasi yuzasidan bergan tavsiyasini ham pulga chaqadi. Ishonmasangiz, boring, hozir borib qabuliga kiring. Gaplarimga oʻzingiz guvoh boʻlasiz.

Allanimalarni yozib oʻtirgan ayol meni tanimadi. Yuzimdan tibbiy niqobni olib, biroz boshim ogʻriyotganidan shikoyat qildim. Vo, ajab. Shifokor pinagini ham buzmadi. Hech gapdan hech gap yoʻq, bir enlik qogʻozga qatorasiga 5 turdagi dorini yozib, qoʻlimga tutqazar ekan, “ataganingizni tashlab keting”, desa boʻladimi?!

Toʻgʻrisi, koʻrganimga va eshitganimga oʻzimning ham ishongim kelmasdi. Qani shifokorning kasbiga boʻlgan masʼuliyati, vazifasiga boʻlgan mehri. Nahotki, ular zimmalaridagi masʼuliyat, vazifa va mehrni birgina “ataganingizni tashlab keting”, degan soʻzga almashtirgan boʻlsa?! Nahotki, egnidagi oq xalat bilan bemorlarni davolash, ularga yaqindan koʻmak berish maqsadida ichgan qasamini unutgan boʻlsa?! 

Ayni vaqtda oʻz jonini xatarga qoʻyib, bemorning sogʻligi uchun jon kuydirib, haqiqiy qahramonlik koʻrsatayotgan shifokorlar orasida “kurmak” ham bor ekan-da. Xalqimiz sinovli kunlarni boshdan kechirayotgan bir vaqtda inson taqdiri bilan bogʻliq oʻta masʼuliyatli va sharafli kasb egasi boʻlgan shifokorlarni ragʻbat puli talab qilishi, serial koʻrish yoki kishilar haqida noxush axborotlarni tarqatish uchun vaqtini sarflayotgan qaysi mezon talablariga toʻgʻri keladi?

Uzoqqa bormaylik, yaqinda ijtimoiy tarmoqda ikki nafar shifokor Surxondaryo viloyat hokimining salomatligi haqida yolgʻon axborot tarqatgani uchun jazolanganidan xabaringiz boʻlsa kera?!. Toʻgʻri, soʻz erkinligi konstitutsiyaviy kafolatlangan. Ammo, bu boshqalarning qonun bilan himoyalangan huquq va manfaatlariga zarar yetkazish, degani emas.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 26-mart kuni mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish boʻyicha xalqimizga yoʻllagan murojaatida ham shifokorlarning bugungi kundagi masʼuliyati yuzasidan toʻxtalib, jumladan, shunday degandi: “Koronavirusga qarshi kurashishdagi oʻziga xos “jang maydoni”da tibbiyot xodimlari birinchi zarbani qabul qilmoqdalar. Oddiy haqiqatni tan olish adolatdan boʻladi. Kasallarga oʻz vaqtida yordam berilsa, ular shifo topadi, kasalxonalarni tark etadi. Lekin oxirgi kasal tuzalmaguncha tibbiyot xodimlari ish joyini tark etolmaydi”. Mana shunday ishonchga, ayrim shifokorlarimiz serial tomosha qilish, yolgʻon axborot tarqatish va ragʻbat puli berilmasa, navbatchilikka turmaslik bilan javob berishi haqiqatga toʻgʻri keladimi?!

Nigina SHOYEVA,
jurnalist

1 744
OʻzA