O‘zA O`zbek

15.05.2019 21:32 Chop etish versiyasi

Asriy qadriyatlarga zamonaviy yondashuv

Asriy qadriyatlarga zamonaviy yondashuv

Toshkent shahridagi “Suzuk ota” majmuasida Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulugʻbek Abdullayev, usta hunarmandlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan XPK sessiyasida asosiy muhokamalar “Suzuk ota” majmuasining barpo etilishi, hunarmandlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga qaratildi.

2019 yilning 15 may holatiga koʻra, sohada band boʻlgan hunarmandlar soni 28,5 ming nafarga, ularning shogirdlari soni 33,6 ming nafarga yetdi. 2019 yil davomida 46 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

Milliy hunarmandchilik mahsulotlarini xorijiy mamlakatlarda oʻtkaziladigan koʻrgazma va yarmarkalarda taqdimot qilish va bu orqali hunarmandchilik mahsulotlarini tashqi bozorlarda sotishga koʻmaklashish maqsadida 30 dan ortiq turli tadbirlar, jumladan, koʻrgazma, yarmarka, festival va savdo-koʻrgazmalarida 178 nafar hunarmandning ishtiroki taʼminlandi, ushbu tadbirlarda 45 mingga yaqin hunarmandchilik mahsulotlari eksporti amalga oshirilgan.

– Oʻtgan yil AQSHning Santa-Fe shahrida oʻtkazilgan “Xalq amaliy sanʼati xalqaro bozori” festivalida mamlakatimizdan 24 nafar hunarmand ishtirok etdi, – deydi “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulugʻbek Abdullayev. – Festivalda ishtirokchilar tomonidan 451 ming AQSH dollari miqdorida milliy hunarmandchilik mahsulotlari sotildi. Tadbirda mamlakatimiz mahsulotlar realizatsiyasi boʻyicha eng yuqori oʻrinlarni egalladi. 2018 yil davomida hunarmandlarimiz 6,5 million AQSH dollari miqdoridagi hunarmandchilik mahsulotlarini chet mamlakatlarga eksport qildi.

Shuningdek, tadbirda joriy yil 10-15 sentyabr kunlari Qoʻqon shahrida ilk marotaba oʻtkaziladigan Xalqaro hunarmandchilik festivali xususida ham toʻxtalib oʻtildi. Xalqaro tadbirga dunyoning beshta qitʼasidan hunarmandlar, mutaxassislar kelishi kutilmoqda. Tadbir doirasida xalqaro ilmiy anjuman ham oʻtkaziladi. Festival uchun maxsus handicrafters.uz veb-sayti ham yaratildi. Unda festival, milliy hunarmandchilik, hunarmandlar, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan hunarmandchilik mahsulotlar haqidagi maʼlumotlar joylashtirildi. Festivalda ishtirok etishni istagan xorijlik va mahalliy hunarmandlar onlayn tarzda ariza berishlari va roʻyxatdan oʻtishlari mumkin.

Inobat AHATOVA, OʻzA
639