O‘zA O`zbek

28.08.2018 16:54 Chop etish versiyasi

Asriy orzular roʻyobi

Asriy orzular roʻyobi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan taʻlim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yetuk va malakali mutaxassislar tayyorlash, mamlakatimizni yangi bosqichda rivojlantirishda yuksak samaralar bermoqda.

Buning uchun har bir hududning kadrlarga boʻlgan ehtiyoji chuqur tahlil qilinib, mamlakatimizdagi nufuzli oliy taʻlim muassasalarining filiallari tashkil etilayotir. Jahon andozalariga mos jihozlanib, zarur mutaxassisliklar boʻyicha shu yerning oʻzida oliy maʻlumotli kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilmoqda.

Buni keyingi ikki yilda Surxondaryo viloyatida amalga oshirilgan ishlar misolida ham yaqqol koʻrish mumkin.

Termiz davlat universitetida iqtisodiyotning toʻrt-besh tarmogʻi boʻyicha mutaxassislar tayyorlanayotgan edi.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viloyatda mamlakatimizdagi yetakchi oliy taʻlim muassasalarining filiallari tashkil etilgani vohada malakali mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni toʻldirish barobarida taʻlim jarayonida halol raqobatni ham yuzaga keltirdi, – deydi Termiz davlat universiteti rektori A.Toshqulov. – Termiz davlat universitetining monopol mavqeiga chek qoʻyib, yoshlar uchun nafaqat mutaxassislik, balki oliy taʻlim muassasasini ham tanlash imkoniyatini yaratdi. Professor-oʻqituvchilarni taʻlim sifati va samaradorligini oshirishga undadi. Bu qulaylik, bu imkoniyat viloyat ahli, ayniqsa, ziyolilarning koʻp yillik orzusi edi.

Albatta, bu orzuni roʻyobga chiqarish, chuqur bilimli, izlanuvchan oʻgʻil-qizlar viloyatning oʻzida oliy taʻlim olib, malakali mutaxassis boʻlishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratish oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Bu – odamlar bugungi kundan rozi boʻlib yashashi kerak, degan ezgu gʻoyaning, xalqimizning obod va osuda hayotini taʻminlash yoʻlida olib borilayotgan izchil islohotlarning amaldagi ifodasidir. Bu – xalq bilan yaqin muloqot qilish asnosida odamlarning dardu tashvishi, taklifu istaklari tinglanib, shu asosda roʻyobga chiqarilayotgan tub oʻzgarishlar samarasidir.

Oʻtgan yili viloyatda Toshkent davlat agrar universiteti va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiallari tashkil etilib, sanoat-transport tarmoqlari va agrar soha uchun yetuk mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Davlatimiz rahbari joriy yilning 18-19 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida taʻlim va sogʻliqni saqlash tizimlarida mavjud muammolarni bartaraf etish, kadrlarga boʻlgan ehtiyojni taʻminlash boʻyicha tegishli topshiriqlar berdi. Shunga muvofiq, joriy yil boshida Toshkent tibbiyot akademiyasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz, Termiz davlat universitetining Denov filiallari tashkil etilib, zamonaviy jihozlandi. Boʻlajak pedagog va tibbiyot xodimlarining soha sirlarini puxta egallashi uchun barcha sharoit yaratildi.

– Vohada shifokorlarga boʻlgan talab yil sayin ortib borayotgan edi, – deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi A.Norqobilov. – Jumladan, 1 ming 880 dan ortiq malakali shifokorga ehtiyoj mavjud boʻlgan, tibbiyot muassasalarining umumiy amaliyot shifokorlari bilan taʻminlanish darajasi qariyb 50 foizni tashkil etib turgan bir paytda hududda oliy maʻlumotli shifokorlar tayyorlaydigan oʻquv dargohi tashkil etilgani aholi salomatligini saqlashni yangi bosqichga koʻtardi. Birlamchi tibbiyot muassasalarida xizmat koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirib, aholining tibbiy madaniyatini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Termiz tibbiyot kolleji negizida ish boshlagan yangi taʻlim muassasasida talaba-yoshlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Toshkent tibbiyot akademiyasi auditoriyalarida olib boriladigan maʻruza va darslarni toʻgʻridan-toʻgʻri talabalarga namoyish etishga moʻljallangan xonalarga ega oʻquv binolari bilan taʻminlangan. Axborot-resurs markazi, yopiq sport zali, 460 oʻrinli ikkita talabalar turar joyi boʻlajak shifokorlar xizmatida. Mashgʻulotlar oʻzbek, rus va ingliz tillarida olib borilmoqda. Bu oʻquv dargohiga qabul qilingan 300 oʻgʻil-qiz dastlabki oʻquv kursini muvaffaqiyatli yakunlab, ikkinchi bosqich talabasi boʻldi. Bu yil ochiq-oshkora oʻtgan test sinovlarida eng yuqori ball toʻplagan yana shuncha yigit-qiz viloyatning oʻzida shifokorlik kasbi boʻyicha taʻlim olish baxtiga erishdi.

Yoshlar Toshkent davlat agrar universiteti va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Termiz filiallarida voha sanoati, transport infratuzilmasi va agrar tarmoqlari uchun 10 dan ortiq mutaxassislik boʻyicha oʻzlari tanlagan kasb sirlarini puxta oʻrganmoqda. Toshkent tibbiyot akademiyasi va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Termiz, Termiz davlat universitetining Denov filiallarining boʻlgʻusi mutaxassislarini talabalar safiga qabul qilish Termiz shahri va barcha tumanlar kesimida shifokor hamda oʻqituvchilarga boʻlgan ehtiyoj hisobga olingan holda berilgan kvotalarga muvofiq amalga oshirildi. Bu mazkur taʻlim muassasalarida kasb sirlarini oʻrganayotgan talabalarni oʻz hududida aniq ish bilan taʻminlashda muhim omil boʻladi.

– Biz shifokorlik kasbini egallash uchun uzoq-uzoqlarga borib oʻqiganmiz, – deydi keksa shifokor S.Pardayev. – Oʻshanda bir kun kelib bizning ham viloyatda yetuk tibbiyot xodimi tayyorlaydigan oliy taʻlim muassasasi boʻlishini tasavvur qilolmaganmiz. Mustaqillik yillari bu filialni ochish uchun koʻp harakat boʻlganidan ham xabarimiz bor. Lekin, turli sabablar bilan bu taklif rad etilayotgan edi. Mana, qilsa boʻlar ekan-ku! Qarang, endi yoshlarimiz qishlogʻidan uncha olis boʻlmagan shaharda oʻqib, shifokorlik kasbini egallash baxtiga erishib turibdi. Erta tongdan ularning aʻlo kayfiyatda oʻqishga ketayotganini kuzatib, gapning rosti, havasim keladi.

– Talabalik yillarimni eslasam, bugungi imkoniyatlar bilan bizning davrimizdagi sharoitlar oʻrtasida osmon bilan yercha farq borligini sezaman, – deydi oltinsoylik mehnat faxriysi B.Soatov. – Pedagog boʻlish maqsadida uzoqda oʻqiganim mayli, u paytlarda oliy taʻlim muassasamizda hozirgidek sharoitlar qayoqda deysiz. Bugun yoshlarimiz qishloqdan uncha uzoq boʻlmagan Denov tumanidagi oliy taʻlim muassasasida oʻqimoqda. Ota-onasi ham “bolamning ahvoli ne kechdi”, deya xavotir olmaydi. Talabalar esa tez-tez uyiga kelib turadi. Hademay ular maktabimizda yosh avlodga fan sirlarini oʻrgata boshlaydi. Bularning barchasi mamlakatimizda xalqni rozi qilish, yoshlarning baxtu-kamoli yoʻlida zarur qulayliklar yaratish, ularning orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish, munosib turmush kechirishini taʻminlash borasida koʻrsatilayotgan beqiyos gʻamxoʻrliklar samarasidir.

Mamlakatimiz oliy va oʻrta maxsus taʻlim tizimida yuz berayotgan bu kabi oʻzgarish va yangilanishlar nafaqat yurtimiz, balki qoʻshni davlatlar uchun ham malakali mutaxassislar tayyorlashga keng imkoniyat yaratib, oliy taʻlim sohasini dunyodagi zamonaviy taʻlim xizmatlari bozoriga aylantirmoqda. Bunga Termiz tumanida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʻlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʻlim markazi yaqqol misoldir.

Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan zamonaviy taʻlim muassasasi Afgʻoniston tomoni ehtiyojlari asosida iqtisodiy-ijtimoiy, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalar uchun yetuk malakali oliy va oʻrta maxsus maʻlumotli mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan. Markaz ish boshlagan dastlabki yilda muhtasham muassasada 130 dan ortiq afgʻon oʻgʻil-qizlari taʻlim olib, oliy maʻlumotli oʻqituvchi va temir yoʻl transporti mutaxassisligi sirlarini oʻrgana boshladi. Kelgusida bu yerda Afgʻoniston iqtisodiyotining boshqa tarmoqlari uchun ham oliy va oʻrta maxsus maʻlumotli mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun qoʻshimcha inshootlar, servis va xizmat koʻrsatish nuqtalari barpo etilmoqda. Qoʻshni davlat yoshlari ham barcha qulayliklarga ega taʻlim muassasasida oʻqib, kasb oʻrganayotganidan behad mamnun.

– Vatanimdan uzoq boʻlmagan, oʻz navbatida buyuk ajdodlarimiz yurtida oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchisi kasbini egallayotganimdan juda faxrlanaman, – deydi afgʻonistonlik talaba A.Faruqiy. – Bizning aʻlo baholarga oʻqib, oʻzimiz tanlagan kasbni chuqur egallashimiz uchun bu yerda barcha sharoit yaratilgan. 10 dan ortiq toʻgarak faoliyat yuritmoqda. Tinch, farovon yurtda tashkil etilayotgan turli koʻrik-tanlov va festivallarda ham oʻzbekistonlik tengdoshlarimiz bilan birga faol ishtirok etmoqdamiz. Afgʻonistonning kelgusi taraqqiyoti va afgʻon yoshlarining baxtu kamoli yoʻlida bunday sharoitlar yaratib berilgani uchun Oʻzbekiston Prezidentidan minnatdormiz.

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA
1 565