O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Asrimiz umidlari – nasrimiz umidlari

Asrimiz umidlari – nasrimiz umidlari

Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan badiiy adabiyotning nasr yoʻnalishida samarali ijod qilib kelayotgan 10 nafar yosh ijodkorning “Asrimiz umidlari” turkumi ostida nasriy kitoblari nashr etildi. Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga qarashli bogʻda ushbu kitoblarning taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, yosh ijodkorlar, talaba-yoshlar va jurnalistlar ishtirok etdi. Unda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston xalq shoiri Anvar Obidjon, adabiyotshunos olim Suvon Meli va boshqalar soʻzga chiqib, bugungi kunda yozuvchi va shoirlarga yaratilgan imkoniyatlar, ayniqsa yosh ijodkorlarga boʻlgan eʼtibor, ularning erkin ijod qilishi uchun berilayotgan imkoniyatlar haqida gapirdi. Yangi chop etilgan kitoblarning mavzu koʻlami, koʻtarilgan mavzuning dolzarbligi, badiiy tili va xalqona uslubi, yosh yozuvchilarning keng mushohadalar bilan adabiyot maydoniga kirib kelayotgani taʼkidlandi.

– Nasr ogʻir qadam, nazm chopogʻon, deyishadi. Bugungi kunda oʻzbek adabiyotida nasrimiz chopogʻonlashib ketayotgandek, nazdimda. Bu quvonarli hol. “Asrimiz umidlari” turkumi ostida kitobi chiqqan chiqqan ijodkorlarning oʻrtacha yoshi 30-35 yoshda. Yozganlari orqali ular kelajakka dadil qadam tashlamoqda. Ularni bemalol ham nasrimizning, ham asrimizning ham umidlari, deya atashimiz mumkin, – dedi adabiyotshunos olim Bahodir Karimov.

– Ijod qilishdan maqsad uni xalqqa yetkazish ekan, yozilganlarning kitob holida chiqishi ana shu vazifani bajarishiga turtki boʻladi. “Yurakning bir cheti” bu mening ikkinchi nasriy kitobim. Unda “Soʻngsiz gurunglar”, “Koʻhna belbogʻ”, “Mehmon”, “Tirik tovon”, “Erkak” kabi oʻndan oshiq hikoyam kiritilgan, – dedi Jasur Kengboyev.

Kitobni tahrirga tayyorlashda Sirojiddin Sayyid, Akmal Saidov, Anvar Obidjon, Usmon Azim, Erkin Aʼzam, Bahodir Karim, Shavkat Yusupovlar ishtirok etgan. Kitobni nashrga tayyorlashda gʻoya muallifi Sanjar Tursunov jonbozlik koʻrsatgan. Loyiha davomli boʻlishi va anʼanaviy chop etilishi rejalashtirilgan boʻlib unda boshqa janrlarda ijod qilgan yoshlarning ijod namunalari tizimli chop etib boriladi.

671
Dilobar MAMATOVA, OʻzA