O‘zA O`zbek

01.06.2020 Chop etish versiyasi

Asossiz boylik orttirish deganda nima tushuniladi?

Asossiz boylik orttirish deganda nima tushuniladi?

Yangi tahrirdagi Fuqarolik kodeksi loyihasiga munosabat

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, jamiyatda qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda fuqarolar bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Iqtisodiyotda maʼmuriy-buyruqbozlikka voz kechilib, bozor islohotlari oʻtilishi hamda puxta oʻylab olib borilgan makroiqtisodiy siyosat mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratilishiga xizmat qilmoqda.

Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tizimida oʻzgarishlar yuzaga kelayotgan dolzarb masalalarni har tomonlama oʻrganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qoʻllash amaliyoti va ilgʻor xorijiy tajribani tahlil qilish asosida qonunchilikni jamiyatda sodir boʻlayotgan jarayonlarga mos ravishda takomillashtirishni talab etadi.

Shu bois Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning Harakatlar strategiyasida qonunchiligini takomillashtirish muhim ustuvor yoʻnalishlar vazifalaridan biri sifatida belgilab qoʻyildi. Fuqarolik-huquqiy tartibga solishning eng muhim qoidalarini belgilovchi kodifikatsiya qilingan qonun hujjati boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi fuqarolik qonunchiligi hujjatlari tizimida markaziy oʻrinni egallaydi.

Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik Kodeksi (FK) (1995-yil 21-dekabrdagi 163-1-sonli, 1996-yil 29-avgustdagi 257-1- sonli qonunlar bilan tasdiqlangan) 1997-yil 1-yanvardan amalga kiritilgan. Ushbu davrdan buyon FK jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar tizimini tartibga soluvchi muhim qonun hujjati sifatida amaliyotda qoʻllanilib kelinmoqda.

Qonunchiligini takomillashtirish zaruriyati

Mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyotni globallashuv jarayonlari tezlashishiga sabab boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi rivojlanishining yangi bosqichi iqtisodiyotni yana-da liberallashtirish, iqtisodiy munosabatlarni tartibga solishda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk kafolatlarini himoya qilishni kuchaytirish, tadbirkorlikning rivojlanishini ragʻbatlantirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb etishni talab etmoqda. Ushbu vazifalarni bajarish uchun esa erkin bozor iqtisodiyoti va ilgʻor xalqaro standartlar talablariga javob beradigan, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan zamonaviy fuqarolik qonunchiligini shakllantirish zarur.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF 5464-sonli Farmonida:

fuqarolik qonunchiligi normalarini tizimlashtirish va unifikatsiya qilish, ularning eng namunali xorijiy amaliyotlar bilan uygʻunligini taʼminlash, shuningdek, ushbu sohada ilgʻor xalqaro standartlarni implementatsiya qilish;

xususiy mulkning daxlsizligi kafolatlarini taʼminlaydigan, jismoniy va yuridik shaxslarning, ayniqsa tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladigan samarali fuqarolik-huquqiy mexanizmlarni belgilash

ommaviy va fuqarolik huquq normalarini aniq chegaralash, iqtisodiyotni boshqarishda maʼmuriy-buyruqbozlik tamoyillariga asoslangan, oʻz ahamiyatini yoʻqotgan va eskirib qolgan qoidalarni chiqarib tashlash;

davlat-xususiy sherikligi, klasterlik ishlab chiqarishi, elektron tijorat, kripto-valyuta aylanmasi, yer uchastkalarini xususiylashtirish, ulushli qurilish va boshqa zamonaviy fuqarolik-huquqiy institutlar va iqtisodiy munosabatlar shakllarini huquqiy tartibga solishni taʼminlash asosiy ustuvor vazifalar etib belgilandi. .

Ushbu Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida, hozirda Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining yangi tahriri loyihasi ishlab chiqilgan.

Maqola doirasida majburiyat tushunchasi, uning mazmuni, fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilayotgan oʻzgarishlar ahamiyati toʻgʻrisidagi fikrlarimiz bilan oʻquvchilar bilan oʻrtoqlashmoqchimiz.

Majburiyat fuqarolik huquqiy munosabatlarining muhim ahamiyatga ega huquq turi hisoblanadi. Majburiyatning taraflari juda keng va turli tumanligi bilan xarakterlanadi, chunki majburiyatning oʻziga xos xususiyatlari mavjud. Ushbu oʻziga xos xususiyatlar majburiyatni fuqarolik-huquqiy institutlaridan farqlanadi.

Qonunchilikda nazarda tutilayotgan yangilik

Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksida 257-moddasi majburiyat tushunchasi va uning vujudga kelish asoslariga bagʻishlanadi. Ushbu moddada taklif etilayotgan yangi taʼrif mazmuni “Majburiyat-fuqarolik huquqiy munosabati boʻlib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, pul toʻlash va hokazo yoki muayyan harakatdan oʻzini saqlashga majbur boʻladi, kreditor esa — qarzdordan oʻzining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega boʻladi.

Majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida, asossiz boylik orttirish oqibatida hamda ushbu Kodeksda koʻrsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi“ dan iborat.

Amaldagi majburiyat tushunchasidan farqli ravishda loyihada majburiyatning kelib chiqish sababli “asossiz boylik orttirish oqibatida” yuzaga kelishi mumkinligi toʻgʻrisidagi qoʻshimcha bilan toʻldirilmoqda.

Asossiz boylik orttirish deganda nima tushuniladi?

Asossiz boylik orttirish qonun hujjatlarida taʼqiqlanadigan holat boʻlib, lekin u kundalik hayotimizda uchrab turadigan amaliyot hisoblanadi. Asossiz orttirilgan boylik boshqa shaxs jabrlanuvchi yoki daʼvogar hisobidan mol-mulkni egallab olingan yoxud mulkni tejab qolish evaziga uni qoʻlga kirituvchi shaxs tomonidan orttirilgan boylik hisoblanadi.

Jamiyatda hayotimiz va iqtisodiyotning raqamlashib borishi barchani yangi texnologiyalardan foydalanish bilan bogʻliq fuqarolik huquqiy munosabatlari ishtirokchisiga aylantirdi. Elektron toʻlov tizimi orqali mobil telefon yoki boshqa turdagi xizmatlar uchun toʻlovni amalga oshirish jarayonida biror raqamni notoʻgʻri ishlatib, toʻlov amalga oshirilishi shaxsga asossiz boylik orttirishiga sabab boʻladi.

Mulkni tejash hisobiga orttiriladigan boylik kreditor mulkini ishlatish natijasida tejalgan mulkka egalik qilish oqibatida olinadi. Masalan, qurilish tashkiloti buyurtmachi materiallari hisobidan qurilish ishlarini amalga oshirgan taqdirda, bajarilgan ish uchun sarflangan buyurtmachining qurilish materiallarini tejab qolib, uni buyurtmachiga qaytarmagan mulk qurilish tashkiloti tomonidan asossiz orttirilgan boylik hisoblanadi.

Xuddi shuningdek quyidagi ham asossiz boylik orttirish holatlari hisoblanadi:

uyni xarid qilish boʻyicha ogʻzaki dastlabki kelishuv asosida berilgan zakalat puli, ogʻzaki kelishuv boʻyicha qarz berilgan, ammo qarz oluvchi mablagʻni qaytarmagan holat;

koʻcha yuzidagi shaxsiy uy yoki korxona binosiga kelishuvsiz, ruxsatsiz reklama bannerini oʻrnatib xizmat yoxud mahsulot reklama qilish;

soliq boʻyicha notoʻgʻri imtiyoz qoʻllash evaziga olingan daromad;

byudjet oldida majburiyat yoʻq soliq toʻlovchining soliq boʻyicha toʻlangan ortiqcha toʻlovi.

Maʼlumki, amaldagi FKning 182-moddasi talabiga koʻra mulk huquqining vujudga kelish asoslari mehnat faoliyati; mol-mulkdan foydalanish sohasidagi tadbirkorlik va boshqa xoʻjalik faoliyati kabi asoslaridan iborat hisoblanadi. Jismoniy yoki yuridik shaxs qonunchilikda belgilangan ushbu asoslarga koʻra mulkka egalik huquqini olgan. Lekin vaqt oʻtgandan soʻng ushbu asoslar sud tartibida bekor qilingan taqdirda, uning egallovchisi asossiz orttirilgan boylik subyekti va olingan mulk esa asossiz orttirilgan boylik hisoblanadi.

Asossiz orttirilgan boylik bogʻliq munosabatlar qanday tartibga solinadi?

Asossiz orttirilgan boylikni egasiga qaytarish barcha davlatlar qonunchiligida belgilangan meʼyor hisoblanadi. Masalaga baho berish uchun meʼyorlarni taqqoslab baholash maqsadida ushbu toifadagi munosabatlar va ularni tartibga solish boʻyicha Rossiya Federatsiyasi hamda Qozogʻiston Respublikasi FKlarining mavzuga oid huquqiy meʼyorlari bilan qisqacha tanishib chiqamiz.

Rossiya Federatsiyasi FK 314-moddasi talabiga koʻra asossiz boylik uning qonuniy egasiga boylik olingani maʼlum boʻlgan kundan soʻng 7 kunlik muddatda qaytarilishi zarur. Rossiya FKning 1102-moddasi asossiz boylik orttirgan shaxs zimmasiga uni egasiga qaytarish majburiyatini yuklaydi.

Qozogʻiston Respublikasi FKda belgilangan meʼyorlarga muvofiq mulk yoki jamgʻarma boshqa shaxs hisobidan olingan, uning huquqiy asosi boʻlmagan va uning oluvchisida mulk yoki jamgʻarmaga egalik qilish qasddan amalga oshirilmagan holatlarda olingan boʻlsa, asossiz orttirilgan boylik, deb eʼtirof etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi FKsi 1023-1030-moddalari “Asossiz boylik orttirish oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar” bilan bogʻliq fuqarolik munosabatlarini tartibga solishga bagʻishlangan. FKning 1023-moddasi asossiz orttirilgan boylikni olgan shaxsga boylikni (mulk qiymatini) jabrlanuvchiga qaytarib berishi majburiyatini yuklaydi. Ushbu talab asossiz boylik orttirish uni qoʻlga kirituvchi tomonidan, boylik orttirish jabrlanuvchi, uchinchi shaxslar xulq-atvori natijasi boʻlganligi yoki ularning irodasidan tashqari sodir boʻlganligidan qatʼi nazar boylikni egasiga qaytarishni nazarda tutadi.

Shu bilan birga fuqarolik qonunchiligida asossiz orttirilgan boylik qanday hollarda uning egasiga qaytarilmasligi mumkinligi ham belgilab qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasi FKning 1030-moddasi talabiga koʻra quyidagi holatlar asossiz orttirilgan boyliklar uning egasiga qaytarilmaydi:

ijro etish muddati toʻlgunga qadar majburiyatni bajarish yuzasidan topshirilgan mol-mulk, agar majburiyatda boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa;

daʼvo muddati oʻtganidan keyin majburiyatni bajarish yuzasidan topshirilgan mol-mulk;

ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sogʻliqqa yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablagʻlari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar boʻlmaganda;

mavjud boʻlmagan majburiyatni bajarish uchun berilgan pul summalari va boshqa mol-mulk, agar qoʻlga kirituvchi mol-mulkni qaytarishni talab qilayotgan shaxsning majburiyat yoʻqligini bilganligini yoxud mol-mulkni xayriya maqsadlarida berganligini isbotlasa.

Xuddi shu kabi Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻiston Respublikasi fuqarolik qonun hujjatlarida ham asossiz orttirilgan boylikni qaytarilmaydigan turlari va shartlari belgilab qoʻyilgan.

Munosabat:

Majburiyat tushunchasiga Rossiya Federatsiyasi (307-m.) va Qozogʻiston Respublikasi (268-m.) FKlarida quyidagi mazmundagi qariyb bir xil “Majburiyat —bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar koʻrsatish, pul toʻlash va hokazo yoki muayyan harakatdan oʻzini tiyishga majbur boʻladi, kreditor esa- qarzdordan oʻzining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega”, degan taʼrifni beradi.

Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksi loyihasida majburiyat tushunchasini taʼrifi tahlili, birinchidan fuqarolik-huquqiy munosabati ahamiyatini toʻliq anglashga xizmat qilishidan dalolat beradi. Ikkinchidan, majburiyat munosabatlari taraflari boʻlgan kreditor va qarzdor tushunchalari mazmuni hamda ular tomonidan bajarilishi zarur boʻlgan harakat yoki harakatsizlik tarkibini aniq ifodalashga qaratilgan takomillashgan huquqiy atamani belgilab bermoqda.

Ushbu taʼrifda majburiyatlar boʻyicha amalga oshiriladigan harakatlar tizimida keltirilgan “pul toʻlash” iborasi tor maʼnoni anglatadi. Ushbu ibora eʼtibor beradigan boʻlsak, Rossiya va Qozogʻiston FKda berilgan taʼriflarda ham qoʻllanilgan.

Ammo kreditor tomonidan bajarilgan ish, koʻrsatilgan xizmat va yetkazib berilgan mahsulot uchun, qarzdor kreditorning mahsuloti (ish, xizmati) uchun toʻlovni faqat pul toʻlash usulidan tashqari, qonunchilikda mavjud boʻlgan pulsiz tartibda amalga oshiriladigan hisob-kitob qilish usullari bilan ham amalga oshirilishi mumkin.

Masalan, kreditor va qarzdor oʻrtasidagi majburiyatni bajarish sud qaroriga asosan qarzdorning mol-mulkiga qaratilishi mumkin. Majburiyat tushunchasiga beriladigan taʼrifda “pul toʻlash” jumlasining qoʻllanilishi oqibatida qonun hujjatlari bilan hisob-kitob qilish uchun ruxsat etilgan boshqa toʻlov turlaridan majburiyatni bajarish uchun foydalanishni cheklab qoʻyadi.

Shu sababli fikrimizcha, majburiyat tushunchasiga Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi FKda taklif etilayotgan taʼrifdagi “pul toʻlash” jumlasini “hisob-kitob qilish” mazmundagi jumla bilan oʻzgartirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Ushbu taklifni qabul qilinishi natijasida taʼrifdagi majburiyatni bajarish boʻyicha amalga oshiriladigan harakatlar mazmuni aniqlashadi va yuqorida qayd etilgan holatlarni oldi olinadi.

Bohodir Isroilov, 
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 
Yuristlar malakasini oshirish markazi professori

11 497
O'zA