O‘zA O`zbek

11.01.2018 14:38 Chop etish versiyasi

Asosiy maqsad – soliq yukini kamaytirish

«O‘zekspomarkaz»da tashkil etilgan ko‘rgazmali seminar doirasida Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Fayziboyev soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar hamda belgilangan imtiyozlar mazmun-mohiyatini soha xodimlari, viloyatda faoliyat olib boruvchi tadbirkorlik subyektlariga yetkazdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik rivojini qo‘llab-quvvatlash, zarur huquqiy zamin va qulay shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan soliq yukini kamaytirish, soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini oshirish borasidagi talablari 2018-yil soliq-byudjet siyosatida o‘z ifodasini topdi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 29-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori hamda “Soliq va byudjet siyosatining 2018-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Mazkur qonun bilan 3 ta qonunga, jumladan, Soliq kodeksining 47 ta moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Shuningdek, Soliq kodeksining 147-moddasidagi 28 turdagi soliq solish bazasidan chegirilmaydigan xarajatlardan 10 tasini chegirish imkoni berilmoqda. Bunda tadbirkorlik subyektlarining 70 milliard so‘m mablag‘lari tejalishi ko‘zda tutilgan.

Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i bo‘yicha uchinchi va to‘rtinchi shkaladagi stavkalari 0,5 foizga pasaytirilib, 16,5 va 22,5 foiz qilib belgilandi hamda fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan majburiy badal summasi 1 foizdan 2 foizga oshirildi. Buning natijasida fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga daromad solig‘i hisobidan o‘tkaziladigan mablag‘lar 453 milliard so‘mga ko‘payadi. Soliq stavkasining pasayishi hisobiga 92 milliard so‘m jismoniy shaxslar ixtiyorida qolishi kutilmoqda.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkalari o‘rtacha 30 foizga pasaytirildi. Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlariga soliq yukini yanada kamaytirish maqsadida ularni faoliyatini amalga oshiradigan hududiga qarab ajratgan holda soliqqa tortish belgilandi. Bu imtiyoz natijasida tadbirkorlar ixtiyorida 86 milliard so‘m qolishi hisob-kitob qilindi.

Misol uchun, amalda oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari bilan chakana savdo qilish uchun qat’iy belgilangan soliq miqdori Toshkent shahri uchun eng kam ish haqining 10 barobari o‘rniga 2018-yilda 7 barobar va viloyatlar markazlarida 6,5 barobari o‘rniga 5 barobar miqdorida belgilandi.

Benzin va dizel yoqilg‘isi uchun soliq stavkasi 2017-yilga nisbatan 50 foizga pasaytirildi, suyultirilgan gaz stavkasi saqlanib qolindi va siqilgan gaz uchun soliq stavkasi 10 foizga indeksatsiya qilindi. Suvdan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va yer solig‘i stavkasi 15 foizga indeksatsiya qilindi.

Soliq yuki 2018-yilda keskin oshib ketmasligi uchun kadastr qiymatiga asosan hisoblangan soliq summasi 2017-yildagi soliq summasiga nisbatan 20 foizdan ko‘p bo‘lmasligi belgilandi. Misol uchun, Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan, kadastr qiymati 321,2 million so‘mni tashkil etadigan hovli-uy uchun 2018-yil 429,1 ming so‘m mol-mulk solig‘i hisoblanishi lozim edi. Lekin 2017-yilda ushbu mulk uchun soliq summasi 134,4 ming so‘mni tashkil qilgani uchun 2018-yilda soliq miqdori 161,3 ming so‘mgacha hisoblanadi, ya’ni ushbu summa o‘tgan yildagiga nisbatan 20 foizdan oshmaydi.

Yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan va muqaddam tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi natijasida yuzaga kelgan soliq qarzdorligiga ega bo‘lgan fuqarolarga – jismoniy shaxslarga bankrotlik qo‘llanilishi belgilanib, bu borada Fuqarolik kodeksining 26-moddasiga, Soliq kodeksining 62-moddasiga hamda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi qonunning 27-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Seminarda tadbirkorlarning savollariga mutasaddi xodimlar tomonidan javob berildi. Ishtirokchilarni o‘ylantirayotgan muammolar o‘rtaga tashlandi. Ularni hal etish bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
15 153