O‘zA O`zbek

03.08.2018 22:37 Chop etish versiyasi

Asosiy maqsad – muammolarga yechim topish

Asosiy maqsad – muammolarga yechim topish
Milliy matbuot markazida Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim, va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining joriy yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlariga va kelgusidagi ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjmuni o‘tkazildi.

Tadbir davomida qayd etilganidek, yalpi majlislarga tayyorgarlik doirasida qo‘mita tomonidan “Davlat mukofotlari to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.

Qo‘mita tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning Sirdaryo viloyatidagi ijrosi o‘rganildi va bir qator yechimini kutayotgan muammolar aniqlandi. Xususan, viloyatdagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning o‘zlashtirish jarayoni qoniqarsiz ekanligi qayd etildi. Ya’ni, bu ko‘rsatkich 52 foizni tashkil etayapti. Shuningdek, maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Shu sababdan aynan maktab o‘quvchilari jinoyatchiligi 2017-yil 2016-yilgiga nisbatan ko‘paygan. Umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasi, sharoitlari o‘rganilganda, 170 dan ortiq maktabga kompyuter yetkazilmagani, bor kompyuterlar ham yaroqsiz holga kelgani aniq bo‘ldi.

O‘rganishlar jarayonida 160 dan ortiq maktabda tibbiyot xonasi mavjud emasligi, tibbiy xizmat o‘z vaqtida amalga oshirilmayotgani ma’lum bo‘lgan. Umumta’lim maktablarida 211 nafar pedagog xodim o‘rni vakant ekanligi aniqlangan. Matematika, fizika, kimyo, tarix, rus tili kabi fanlardan pedagog yetishmovchiligi mavjud. Shunday ekan, bu o‘quvchilardan qanday qilib yuqori ko‘rsatkichli o‘zlashtirishni kutish mumkin?

O‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi. Bu o‘rta maktablarda ta’lim jarayonini tashkil etish sifatini yaxshilash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan intensiv foydalanish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni, moddiy-texnik ta’minotni mustahkamlash, kadrlar qo‘nimsizligining oldini olish bo‘yicha tadbirlar o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qildi.

O‘zbekiston Respublikasining “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuni davlat nazorat organlari tomonidan ijro etilishini o‘rganish davomida qator muammolar aniqlandi. Xususan, birgina 2017-yil sertifikatlashtirish ishlari natijasida 897 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari yaroqsiz deb topilgan. O‘tgan yilda 612 ta oziq-ovqat obyektlaridan olingan 536 ming 511 ta oziq-ovqat mahsulotlarining namunasi tahlil qilinganda 18 ming 810 tasi amaldagi sanitariya qoidalariga javob bermasligi aniqlangan. Bu 20 yil avval qabul qilingan mazkur qonun hujjati zamon talablariga javob bermaydi, degan xulosaga kelish uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Mazkur masala yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzurida Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etish zarurligi qayd etildi.

Qo‘mita tibbiyot xodimlarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, tibbiyot xodimlari zimmasiga me’yordan ortiq vazifalar yuklanishi, tibbiyot muassasalarida ish o‘rinlari qisqartirilishi, xodimlarning o‘z faoliyat turi bilan bog‘liq bo‘lmagan turli mavsumiy ishlarga jalb qilinishi bilan bog‘liq masalalar muhokama etilgan tadbirda “Tibbiyot xodimlarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish zarurligi haqida taklif tayyorlandi va Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Turli dolzarb masalalar bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Qo‘mitada to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish yuzasidan o‘tkazilgan jamoatchilik fikrini o‘rganish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tuzildi. Respublika ishchi guruhi tomonidan davlat va jamoat tashkilotlari ishtirokida 10 mingdan ortiq uchrashuv, davra suhbati va tashviqot tadbirlari o‘tkazildi. Muhokamalarda 120 mingdan ziyod mutaxassis, ekspert, jamoatchilik ishtirok etdi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Hisobot davrida Senatga fuqarolarning 4 ming 675 ta murojaati kelib tushdi. Ularning 20 foizi bevosita Qo‘mita tomonidan ko‘rib chiqildi, 321 tasi nazoratga olindi, 46 foizi esa ijobiy hal etildi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 384