O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 20:05 Chop etish versiyasi

Asosiy maqsad – ekin maydonlaridan unumli foydalanish

Oliy Majlis Senati Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi ishchi guruhining “Qishloq xoʻjaligida ekin maydonlaridan samarali foydalanish mexanizmi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

2018 yil 30 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonunning maqsadi qishloq xoʻjaligidagi ekin maydonlaridan foydalanish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan iborat.

Qonunning 1-moddasiga muvofiq, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan. Unga koʻra, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tegishli hududda qonunlar va boshqa qonun hujjatlarining ijro etilishi, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyati subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi, kommunal xizmat koʻrsatish tashkilotlari tomonidan kommunal xizmatlar koʻrsatish sifati, imoratlar qurish hamda hovlilar va uylar atrofidagi hududlarni saqlash qoidalariga rioya etilishi, shuningdek, ekin maydonlaridan samarali foydalanilishi va yerlarni muhofaza qilish ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.

Bu kabi oʻzgartish va qoʻshimchalar qishloq xoʻjaligi ekinlarini toʻgʻri joylashtirish, yer maydonlaridan unumli foydalanish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni koʻpaytirish hamda eksport hajmini oshirishga zamin yaratadi. Shu bilan birga, tomorqadan samarali foydalanish boʻyicha jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi.

Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksi, “Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qonunlariga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga muvofiq yosh fuqarolar tomonidan dehqon va fermer xoʻjaliklari tashkil etish, yer uchastkalarini olish jarayonida imtiyozlar taqdim etishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda.

Bunda fermer xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkasini olishda fermer xoʻjaligi tashkil etilayotgan joyda yashovchi shaxslar, shuningdek, tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman (shahar) kengashining birgalikda berilgan tavsiyasiga ega boʻlgan yosh fuqarolar boshqa teng shartlarda ustun huquqdan foydalanishi belgilab qoʻyilmoqda. Jumladan, tegishli tavsiyaga ega boʻlgan yosh fuqarolarga dehqon xoʻjaligi yuritish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga yer uchastkasi sugʻoriladigan yerlarda 0,35 gektargacha va sugʻorilmaydigan (lalmikor) yerlarda 0,5 gektargacha oʻlchamda, choʻl va sahro mintaqasida esa sugʻorilmaydigan yaylovlardan 1 gektargacha oʻlchamda beriladi.

Bundan tashqari, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun hamda Soliq kodeksiga ham tegishli oʻzgartishlar kiritildi.

Qonun muhokamasida ishchi guruh aʼzolari oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Nurillo Nasriyev, OʻzA