Asosiy maqsad – aholi turmush darajasini yuksaltirish
Nukusda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan “Bosh maqsadimiz xalqimizning turmush darajasini yuksaltirish” shiori ostida saylovoldi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Nukusda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi tomonidan “Bosh maqsadimiz xalqimizning turmush darajasini yuksaltirish” shiori ostida saylovoldi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi X.Yeshimbetov, “Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi Sh.Usnatdinov va boshqalar mamlakatimizda joriy yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlikning borishi, saylovlarning yurtimizda demokratik jarayonlarni jadallashtirishdagi ahamiyati, partiyaning yangi saylovoldi dasturida belgilanayotgan asosiy g‘oya va vazifalarga to‘xtalishdi.
Ta’kidlanganidek, partiya birinchi navbatda, davlat va jamiyatning manzilli ijtimoiy himoyasiga muhtoj aholi vakillarining manfaatlarini ifoda etishi, ijtimoiy tenglik va adolat, ijtimoiy birdamlik hamda demokratiya g‘oyalari uchun kurashadi. Bugungi kunda odamlarning dunyoqarashi, ongu tafakkuri, huquqiy madaniyati, siyosiy faolligi, islohotlarga qiziqishi va talabi ortib bormoqda. Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mana shunday yangilanish va taraqqiyot yo‘lini tanlamoqda.
– Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, partiya saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlarini aholiga yetkazish va bo‘lajak saylovlarda aholining, jumladan, yoshlarning faol ishtirokini ta’minlashdan iboratdir, – deydi partiya faoli Aysha Matniyazova. – Bunda asosiy e’tibor aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa yoshlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlarning yuqori sifatini ta’minlash, aholining ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish yo‘nalishidagi vazifalarga qaratiladi.
Tadbir doirasida saylovga oid savol-javoblar viktorinasi o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlandi. Yig‘ilganlarga san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.