O‘zA O`zbek

28.08.2018 12:03 Chop etish versiyasi

Asl mard Vatanga sadoqat bilan yashar

Asl mard Vatanga sadoqat bilan yashar

Vatanga sadoqatli boʻlish, unga xolis xizmat qilish chinakam insoniy fazilatlardan. Bu mard va fidoyi insonlarning qoʻlidan keladi.

Bunday tuygʻulardan mosuvo odamlargina nafaqat oʻz yurtidan ayb qidirishi, balki unga xoinlik qilishdan ham toymasligi mumkin.

Vatan – ona kabi muqaddas. Biz uning mevasi, bir boʻlagimiz. Vatanga tosh otsang shaksiz oʻzingga qaytadi. Onangni qanchalik ardoqlasang – nafaqat uning, balki Yaratganning roziligiga erishasan. Vatanni qanchalik ardoqlasang, u seni shunchalik ardoqlaydi.

Shuhrat Abbosov, Muhammadqodir Abdullayev, Habib Abdullayev, Orif Alimaxsumov, Mutal Burhonov, Suyima Gʻaniyeva, Berta Davidova, Odil Yoqubov, Naim Karimov, Uchqun Nazarov, Ruslan Nuruddinov, Rufat Risqiyev, Shavkat Salihov, Artur Taymazov, Ravshan Ermatov, Halima Xudoyberdiyeva kabi insonlar haqida koʻp eshitganmiz. Ularning ilm-fan, sanʻat, madaniyat, maʻnaviyat va sport sohalarida halol mehnat qilib, nafaqat oʻzi, balki yurtimiz dovrugʻini dunyoga tanitganini yaxshi bilamiz.

Buni bejiz yodga olmadik. Boisi Vatanni ardoqlab yashagan bu fidoyi insonlar Vatanimizning yuksak mukofoti – “El-yurt hurmati” ordeniga sazovor boʻlganlar.

Bundan yigirma yil oldin, yaʻni 1998 yil 28 avgustdagi Oʻzbekiston Respublikasining “El-yurt hurmati” ordenini taʻsis etish toʻgʻrisida”gi qonuni bilan taʻsis etilgan bu yuksak mukofot bilan taqdirlangan orasida nafaqat yuqorida tilga olingan, balki yurt ravnaqiga hissa qoʻshib, tom maʻnoda el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan yana oʻnlab vatandoshlarimiz, Oʻzbekistonga chin doʻst boʻlgan, yonida turishga munosib boʻlgan doʻstlarimiz ham bor.

Alohida taʻkidlash oʻrinliki, “El-yurt hurmati” ordeni bilan mamlakat mustaqilligini, uning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga, milliy maʻnaviyatni, madaniyatni yuksaltirishga katta hissa qoʻshgan, oʻz mehnati, ilmiy, jamoat ishi, mehnatsevarligi va vatanparvarligi bilan jamoatchilikning izzat-hurmatiga sazovor boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari mukofotlanadilar. Shu bilan bir qatorda, bu orden bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham mukofotlanishi mumkin.

“El-yurt hurmati” ordeni 1 mikron qalinlikdagi tilla qoplangan 925 probali kumushdan tayyorlanadi. U ikki yoqlama nurlar taraluvchi sakkiz qirrali yulduz shaklida boʻladi. Yulduz burchaklari orasida moviy rangdagi shaffof emal qoplangan, taraluvchi nur tutamlari joylashgan. Yulduzning qarama-qarshi qirralari oraligʻi 52 millimetr. Nurlarni oʻz ichiga olgan doira diametri – 49 millimetr.

Ordenning markazida, doirada qizil rangli yoʻl bilan hoshiyalangan Registon arxitektura majmui tasvirlangan. Uning orqasida, fon bilan berilgan, rangli emal qoplangan vodiylar va togʻlar, ular uzra esa moviy osmon fonida chiqib kelayotgan quyosh tasvirlangan. Butun tasvir shaffof emal bilan qoplangan boʻlib, u tasvir uzra yarim doira segmentini tashkil etadi.

Tasvir atrofi aylana bilan hoshiyalangan boʻlib, aylananing yuqori qismida, oq fonda “YEL-YURT HURMATI” degan yozuv, aylananing pastki qismida yashil shaffof emal bilan qoplangan dafna novdasi joylashgan.

Orqa tomonining pastki qismida ordenning tartib raqami 1 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozigʻliq.

Orden Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi ranglaridagi shoyi lenta sirilgan qadagʻichga halqa va ilmoqcha yordamida ulanadi.

Bu mahobatli orden koʻksini bezagan insonlarga qancha havas qilsa arziydi. Chunki bu orden tom maʻnoda elu yurt hurmatini qozona olgan shaxslargagina beriladi. Bunday sharafga erishish esa faqat mehnat qilish emas, katta fidoyilikni talab etadi.

“El-yurt hurmati” ordeniga munosib koʻrilgan sportchilar jahon sport arenalari, olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarishi bilan yurt shaʻnini ulugʻlagan. Xalqning gʻururiga gʻurur qoʻshgan.

Ordenga sazovor boʻlgan boshqa kasb sohiblari ham xalqimizga kerakli yangilik yarata olgan. Bu yuksak mukofot bilan taqdirlangan shoira Halima Xudoyberdiyeva esa yuragi bilan emas, yurak qoni bilan bitilgan oʻlmas misralari uchun elu yurt hurmatiga sazovor boʻlgan edi. 

Qon aslan yorugʻlik. Yorugʻlan, tiz choʻk.
Asl mard Vatanga tiz choʻkib oʻtar.

Qancha qoning boʻlsa, Vatan uchun toʻk,

Qancha shoning boʻlsa – Vatanni koʻtar!

Shoiraning bu satrlarini oʻqigan odam Vatan muqaddas ekani, kerak boʻlsa unga jonini berishga tayyor fidolar kerakligini anglabgina qolmay, yuragidagi bir choʻgʻ alanga oladi. Bu – Vatanga muhabbatdir.

N. Abduraimova, OʻzA
1 360