Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.01.2009 16:46 Chop etish versiyasi

Askarlari baquvvat el qudratli bo‘lur

Yangi yilning dillarni chulg‘agan shukuhi tarqamasdan yana bir qadrli sana – Vatan himoyachilari kunini nishonlashga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Bu bayramlar tinch-osoyishta, bunyodkor el-yurtga yarashadi, degan hikmatning amaldagi yana bir ifodasidir.

Bu ona-Vatanimizning xavfsizligi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligining mustahkam kafolati – Qurolli Kuchlarimiz tomonidan ishonchli tarzda ta’minlanayotgani, milliy armiyamizda xizmat qilish O‘zbekiston fuqarolari uchun nafaqat konstitutsiyaviy burch, ayni paytda tom ma’nodagi shon-sharaf ishiga aylangani tufaylidir.

Mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik nafaqat el-yurtimiz ravnaqi yo‘lida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish, balki bayramlarni katta shodyonalar bilan nishonlash uchun ham keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bularning barchasi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat, demokratik huquqiy davlat barpo etish borasida uzoqni ko‘zlab o‘tkazilayotgan islohotlar berayotgan samaralardandir.

Yurt posbonlari haqida so‘z borar ekan, davlatimiz rahbarining tashabbusi va bevosita rahbarligida amalga oshirilgan tarixiy voqea xotirada qayta gavdalanadi. 1992 yilning 14 yanvarida mustaqil O‘zbekiston hududida joylashgan harbiy qismlar va bo‘linmalarning mamlakatimiz tasarrufiga o‘tkazilishi yurtimiz aholisi tinchligi hamda istiqlolimizni mustahkamlash yo‘lidagi misli ko‘rilmagan voqea bo‘lgan edi. Shu bois 1994 yildan ushbu sana mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida keng nishonlanadi.

Eng muhimi, o‘tgan vaqt mobaynida mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash – umumxalq ishi, shu yurtda yashayotgan har bir insonning muqaddas burchi ekanligini tobora teranroq, yanada chuqurroq anglab yetmoqdamiz. Bu yuksak tuyg‘u farzandlarimiz qalbiga singib bormoqda.

To‘rt-besh yoshli bolakayning harbiy libos kiygan yigitlarga zavq-shavq va havas bilan qarab turganini kuzatganmisiz. Harbiy kishining haybati va harakatlaridan “sehrlanib qolgan” bolakay o‘ng qo‘lini beixtiyor chakkasiga qadab, o‘zicha “salom” berganida, quvonib ketasiz!

Bu xalqimizning matonatli o‘g‘lonlari Vatanni himoya qilar ekan, birinchi navbatda o‘z ota-onasi, kindik qoni to‘kilgan tuprog‘i, mehribon opa-singlisi, yoru birodorlarini ko‘z oldiga keltirishining avloddan avlodga o‘tib kelayotgan amaliy ko‘rinishi, harbiy xizmat nufuzining naqadar oshganining yana bir dalolatidir.

Albatta, bunga o‘z-o‘zidan erishilmadi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatni o‘tash tizimini isloh qilish bo‘yicha miqyosi, sifati va samaradorligi jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ulkan ishlar amalga oshirildi. Fuqarolarni tanlov asosida muddatli harbiy xizmatga olish tizimi yaratildi, chaqiruv komissiyalarining ishida oshkoralik va jamoatchilik nazoratini ta’minlash uchun ular tarkibiga mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birga jamoat tashkilotlari vakillari kiritildi.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 20 noyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tash shart-sharoitlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir. Ushbu hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmatga yiliga bir marta – fevral-mart oylarida chaqirish belgilandi. Shuningdek, muddatli harbiy xizmatdagi, safarbarlik chaqiruvi zaxirasidagi yoshlarni har tomonlama kamol toptirishga, ularda ona yurtning metin qalqoni bo‘lish uchun hamisha shay turishga asoslangan mukammal xarakterni, dunyoqarashni shakllantirishga yo‘naltirilgan ma’naviy-ahloqiy va targ‘ibot ishlarining samaradorligini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.

Yurtimizda muddatli harbiy xizmatni o‘tash tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan islohotlar Qurolli Kuchlarimizni chaqiriluvchilar bilan to‘ldirishni sifat jihatidan yaxshilash imkonini berayotgani, ularning jismoniy va intellektual rivojlanish darajasi sezilarli darajada oshgani, aholi orasida harbiy xizmatning obro‘-e’tibori tubdan o‘sgani nafaqat mamlakatimizda, xorijda ham keng e’tirof etilmoqda.

Bu borada harbiy xizmatchilarga berilayotgan e’tibor va yaratilayotgan imtiyozlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2005 yil 31 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan armiyada yigitlik burchini o‘tab, qo‘mondonlikning tegishli tavsiyasiga ega bo‘lgan yoshlarga oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘planadigan eng ko‘p ballning 25 foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi. Yana bir muhim jihati, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va to‘lov-kontrakt shaklida o‘qishga qabul qilingan talabalarga, ular o‘qish davrida ushbu harakat faoliyatida faol ishtirok etsa, kontrakt summasining 35 foizini moddiy yordam tariqasida to‘laydi. Mazkur tashkilot markaziy kengashidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2007-2008 o‘quv yilining o‘zida respublika bo‘yicha 9628 nafar yigit ana shu imtiyozdan foydalangan. Hozirgi vaqtda mamlakatimizdagi turli oliy o‘quv yurtlarida milliy armiyamizda mardlik va matonat maktabini o‘tagan 22 ming nafardan ziyod yosh ta’lim olayotganini ham ta’kidlash joiz.

Shu o‘rinda yaqin o‘tmishimizga oid bir holatni eslash o‘rinli bo‘ladi. Sho‘ro zamonida harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruv boshlandi deguncha ko‘pchilik ota-onalar tashvishga tushar, ayrimlari o‘sha paytdagi harbiy komissariatlarga serqatnov bo‘lib qolardi. Maqsad – qanday qilib bo‘lmasin, o‘g‘lini harbiy xizmatdan olib qolish. Sababi – o‘zga yurtlarga xizmatga olib ketiladigan farzand hamisha ham sog‘-omon qaytib kelmas, milliy, ma’naviy va jismoniy tahqirlashlarni boshidan o‘tkazishga majbur edi.

Hozir buning tamoman aksi. Bugun milliy armiyamizda zamonaviy bilimga ega, shijoatli, har tomonlama yetuk farzandlar xizmat qiladi. Ularni harbiyga kuzatish va kutib olish marosimlari katta tantana qilinadi. Ilgari o‘g‘li armiyaga ketayotganida yig‘i-sig‘idan tiyilmagan ota-onalar bugun farzandi chaqiriluvchilar tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tganidan g‘ururlanadi. Oq yuvib, oq taragan bolasi almisoqdan qolgan kiyimda xalta orqalab emas, xushbichim kiyimda yuzida quvonch bilan jo‘nab ketishini, borgan joyida nim qorong‘u kazarmada emas, zamonaviy jihozlangan xonada yashashini, bir paytlardagidek muzlagan karam va kartoshka emas, o‘zimizning sara mahsulotlardan tayyorlangan ovqatlarni tanovul qilishini, xohlagan vaqtda uni borib ko‘rishi mumkinligini yaxshi biladi. Eng muhimi, uning jigarbandi o‘z yurtida o‘z xalqini – ona Vatanini himoya qilayotganidan faxrlanadi.

Shuning uchun 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini nafaqat harbiylarimiz, balki butun xalqimiz keng nishonlaydi, bayram qiladi. Zotan, bu mustaqil O‘zbekistonning o‘z bayrami. Bizning elimizda har bir bayram o‘zgacha shodiyona bilan tantana qilinadi, nishonlanadi.

O‘ng qo‘lini chakkasiga qadagan go‘dakning beg‘ubor qalbida ana shunday navqiron akalariga o‘xshash istagi paydo bo‘lgani, ezgu niyat kurtak yoza boshlagani Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar berayotgan yuksak samaralarning amaldagi bir ifodasidir. Sohibqiron Amur Temur bobomiz ta’biri bilan aytganda, askarlari baquvvat el qudratli bo‘lur, qudratli elning askarlari esa baquvvat bo‘lur!


O‘zA, Ozod Rajabov
6 044