Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.02.2017 19:12 Chop etish versiyasi

Muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yigitlar tantanali kutib olindi

Muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yigitlar tantanali kutib olindi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z yigitlik burchini o‘tab bo‘lgan yigitlar mamlakatimizning barcha hududlarida tantanali kutib olinmoqda.

...Karnay-surnay sadolari farzandlariga quchoq ochgan otalarning o‘ktam ovoziga, onalarning mehr to‘la alqashlariga, alp o‘g‘lonlarning jarangdor kulgusiga qo‘shilib ketadi. Opa-singillar o‘z jigarlariga gullar tutadi...

Toshkent temir yo‘l vokzalida Farg‘ona viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yigitlarni kutib olish marosimi ana shunday shodiyonaga aylanib ketdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi I.Mirzaaliyev, “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi o‘rinbosari Sh.Usmonov va boshqalar Qurolli Kuchlarimizda izchil amalga oshirilgan islohotlar bois bugun harbiy xizmat har bir yigit uchun yuksak mas’uliyat va shon-sharaf ishiga aylanganini ta’kidladi.

Vatan himoyachilarini bayramona kutib olish bilan birga, ularning harbiy xizmatdan keyin hayotdan, jamiyatimizdan munosib o‘rin topishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ularning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishi, jamoat ishlarida faol qatnashishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Zero, bu yoshlar o‘nlab tengdoshlari orasidan tanlab-saralab olingan. Xizmat davomida harbiy bilimlarni egallagan, jismini chiniqtirgan, irodasini toblagan, ma’naviyatini yuksaltirgan. Mardlik va matonat maktabini o‘tagan bunday yigitlar o‘z tengdoshlariga, ukalariga namuna bo‘lib qolmay, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun xizmatga shay.

– Vatan himoyasidek muqaddas burchni ado etib, yorug‘ yuz bilan ota-onam bag‘riga qaytganimdan xursandman, – deydi oddiy askar Diyorbek Nabiyev. – Harbiy xizmat davomida jismonan chiniqdim. Endigi maqsadim – harbiy yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga o‘qishga kirish. Olgan bilimlarimni, to‘plagan tajribamni Vatanimiz tinchligi, taraqqiyoti yo‘lida sarf etishni maqsad qilganman.

Dilshod Karimov, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA
563






Все о погоде - Pogoda.uz