Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.01.2018 10:34 Chop etish versiyasi

Askar onasi armiyadan maktub oldi

Hademay Boburmirzo harbiy xizmatdan qaytadi. Nargiza opa esa to‘yga hozirlikni boshlab yuborgan. Axir, o‘g‘li tengilarning ko‘plari allaqachon oilali bo‘lgan.

Qo‘ni-qo‘shnilar ayvonda, qish quyoshining iliq taftidan bahra olib, bo‘lajak kelin uchun ko‘rpa qavishardi. Shu topda eshik qo‘ng‘irog‘i chalinib, pochta xodimi ko‘rinish berdi. U armiyadan bir emas, ikkita xat olib kelgandi.

Nargiza opa avval katta konvertdagi xatni hayajon bilan ochdi-yu, o‘qishga jur’ati yetmay, qo‘shni ayolga uzatdi: “O‘qing!”. Xatda shunday so‘zlar bitilgandi:

“Hurmatli Baxtiyor aka va Nargiza opa! Sizga shuni mamnuniyat bilan ma’lum qilamizki, o‘g‘lingiz Boburmirzo Vatanimizning tinchligini, xalqimiz osoyishtaligini himoya qilishdek o‘z konstitutsion burchini sharaf bilan o‘tab kelmoqda. U harbiy xizmati davomida jangovar, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yuqori natijalarga erishib, o‘z safdoshlariga o‘rnak bo‘lmoqda. Hurmatli Baxtiyor aka va Nargiza opa! Sizlarga el-yurt xizmatiga munosib o‘g‘ilni tarbiyalab, voyaga yetkazganlaringiz uchun minnatdorlik bildiramiz...”.

Qalbida faxr va hayajon tuygan Nargiza opaning ko‘zlarida sevinch yoshlari yarqirardi. U endi qo‘shni xotin-qizlarning tashakkurnomani biri olib, biri qo‘yishiga parvo qilmas, bugungi quvonchga sabab bo‘lgan o‘sha kunni eslardi. Bu voqea bundan bir yarim yil burun, kuz oqshomlaridan birida ro‘y bergan edi...

Zangiota ziyoratgohi “Sortepa” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan Berdiyevlar xonadoni tomidan kaftdek ko‘rinib turadi. Shu bois Boburmirzo sport mashg‘ulotlarida ushlanib qolganida ota tom ustida, o‘g‘lining yo‘liga ko‘z tikadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi.

Birozdan so‘ng ko‘cha muyulishida sharpa ko‘rindi. Baxtiyor aka uning odimlashidan farzandini tanidi.

“O‘g‘ling qaytyapti, kutib ol”. Baxtiyor akaning ovozidan xotirjamligi sezilib turardi. Biroq mushtipar onaning ko‘ngli bezovta. Go‘yo uning qalbi ota ko‘rmagan nimanidir ko‘rgandek, his etayotgandek edi.

Ko‘cha eshigi ochilib, Boburmirzo kirib kelganda onaizor uni aftodahol ko‘rdi. Yuragi bezovta bo‘lganicha bor ekan – yuz-ko‘zidan mushtlashganligi sezilib turardi. Ammo qayerda, nima sababdan, kim bilan?... Har safar beriladigan savollar bu daf’a javobsiz qolmadi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay hovliga kirib kelgan mahalla posboni Olimjon Rixsiyev voqeaga oydinlik kiritdi: Boburmirzo muyulishdagi do‘konda janjal chiqargan edi.

Boburmirzo tabiatan vazmin, mushohadali yigit edi. Sport bilan muntazam shug‘ullanib, jismonan chiniqqan bo‘lsa-da, mushtumzo‘rlik unga yot edi. U o‘qishni oliy ta’limda davom ettirib, oilasi, mahallasi, Vataniga nafi tegadigan inson bo‘lish istagida edi. Biroq imtihonlarda yetarli ball jamg‘ara olmagani bois keyingi vaqtlarda jizzaki bo‘lib qoldi.

Shunday kunlarning birida tuman mudofaa ishlari bo‘limidan chaqiruv qog‘ozi keldi. Harbiy xizmat yigitlarning irodasini toblashi, jismonan va ruhan chiniqtirishi, ularda mardlik, jasurlik, vatanparvarlik fazilatlarini mustahkamlashini yaxshi bilan Baxtiyor aka o‘g‘liga "oq yo‘l" tiladi.

Ammo Nargiza opa biroz ikkilandi. Ko‘z oldida unib-o‘sgan o‘g‘lini uzoqqa yuborishga ko‘nmadi.

Odatda onalar farzandining jismu joni uchun kuyunib, ularning mustaqil bo‘lishlariga monelik qilishadi. Bu bilan go‘yo o‘zlari ularni asragan bo‘lishadi. Aslida esa bunday cheklovlar hayot ostonasida turgan yoshlarning kamol topishiga to‘sqinlik qiladi. Hayotni anglash, qiyinchiliklarga bardoshli bo‘lishlariga xalal beradi.

Baxtiyor aka Nargiza opaga qarorining xato ekanini obdon tushuntirdi. Harbiy xizmatni o‘tash har bir o‘g‘lonning yigitlik burchi ekanini aytdi. Nihoyat Nargiza opa o‘g‘lining kamoloti yo‘lida to‘g‘ri qaror qabul qilish zarurligini tushunib, Boburmirzoning harbiy xizmatga jo‘nashiga rozilik berdi...

Nargiza opa shular haqida o‘ylarkan, beixtiyor unutilgan ikkinchi xat yodiga tushdi. Bunisi o‘g‘lidan ekan. Ayollarning qistovi bilan uni baland ovozda o‘zi o‘qidi:

“Assalomu alaykum, orzulari ro‘yobini menda ko‘rayotgan, qadrli otam, yo‘llarimga intizor, tunlari bedor onam. O‘g‘lingiz siz bildirgan ishonchga munosib bo‘lish yo‘lida xizmat qilmoqda. Bir vaqtlar sizning qalbingiz va ko‘cha tinchini buzgan Boburmirzoyingiz bugun xatosini tushunib yetdi. Harbiy xizmat men uchun nafaqat jismoniy chiniqish, balki hayot maktabi vazifasini ham o‘tayotir. Haq-huquqimni anglash barobarida, burch va mas’uliyatni teran anglashimda, Vatan oldidagi mas’uliyatni his etishimda muhim omil bo‘lmoqda. Har tong uyg‘onib xizmatga kirishar ekanman, jonajon mahallam, siz – ota-onam, yaqinlarim, Vatanimni o‘ylab, kuchimga kuch qo‘shiladi. Qaysidir hovlida onalar beshik tebratayotgani, murg‘ak qalblar esa osuda orom olayotgani va bunda mening ham hissam borligidan g‘ururlanaman. Shuning uchun zimmamdagi burchimni sharaf bilan ado etishga, har soniya hushyorlikni qo‘ldan boy bermaslikka intilaman. Tez orada bag‘ringizga qaytaman. Sizlarni sog‘inib qoluvchi o‘g‘lingiz Boburmirzo!”

Ayvonda turib, ayoli tilidan aytilayotgan dilbandining so‘zlarini eshitgan Baxtiyor akaning ko‘zlarida yosh qalqidi. Bu sevinch yoshlari, farzandining yutuqlari va kamolidan mamnun otaning ko‘z yoshlari edi.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
1 445