Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.01.2018 13:29 Chop etish versiyasi

Askar onalariga hokimlik va jamoat tashkilotlarining esdalik sovg‘alari topshirildi

Askar onalariga hokimlik va jamoat tashkilotlarining esdalik sovg‘alari topshirildi
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni

Namangan viloyati hokimligi tomonidan viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamda boshqa qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida “Askar onalarini sharaflaymiz!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.


O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirga milliy armiyamiz saflarida yigitlik burchini o‘tayotgan askarlarning onalari, Sharqiy harbiy okrugiga qarashli qismlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar taklif etildi. 



– Tinchlik-osoyishtaligimiz barqarorligini Qurolli Kuchlarimizsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, – deydi Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova. – Shuning uchun uning saflarida xizmat qilayotgan yigitlarimizni, ularni dunyoga keltirgan, el koriga yaraydigan inson etib tarbiyalagan ota-onalarini har qancha sharaflasak, oz. Bugun milliy armiyamiz tom ma’nodagi vatanparvarlik maktabiga, uning saflarida xizmat qilish esa har bir yigitning ezgu maqsadi, sharaf va iftixoriga aylangan.

Tadbirda askar onalariga viloyat hokimligi va jamoat tashkilotlarining guldastalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.

  

– Farzandi ortidan rahmat eshitish, izzat-ikrom ko‘rish ota-ona uchun ulkan baxt ekanini yana bir bor his etdim, – deydi o‘g‘li Surxondaryoda harbiy xizmatni o‘tayotgan Gavharoy Ismatullayeva. – Men barcha onalarga shunday baxtni tilayman. Vatanimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon bo‘lsin. 



– Hozir bu yerda askar onalariga ko‘rsatilayotgan ehtiromni ko‘rib, onajonimni sog‘inib ketdim, – deydi xorazmlik Hayot Otaboyev. – Armiya yigit kishiga ko‘p narsa o‘rgatar ekan: Vatanni, tinchlikni, ota-onani qadrlash, shu ne’matlarga munosib bo‘lish. Menga shu baxt nasib etganidan baxtiyorman.

Harbiy orkestr, viloyat san’atkorlari va yosh iste’dodlar ijrosidagi konsert dasturi tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Akramjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
8 835