Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2017 17:28 Chop etish versiyasi

Askar onalari uchun unutilmas kun

Askar onalari uchun unutilmas kun Toshkent viloyatida ham Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 25-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab bayram tadbirlari, turli uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

Zangiota tumanida viloyat hokimligi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, madaniyat va sport ishlari, mudofaa ishlari boshqarmalari, Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondonligi hamkorligida tashkil etilgan navbatdagi madaniy-marifiy tadbir “Askar onalarini sharaflaymiz” deb nomlandi.

Toshkent viloyatidan yurtimizning turli hududlariga Vatan oldidagi yigitlik burchini o‘tash uchun ketgan askarlarning onalari, harbiylar, keng jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, harbiylar va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlarga yaratilayotgan sharoitlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

Davraga mamlakatimizning turli hududlarida muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan bir guruh Toshkent viloyatilik askarlar kelganida onalarning dilidagi quvonch so‘zlarga, tilaklarga ko‘chdi. Qizg‘in va ko‘tarinki ruhdagi suhbatlarda onalar Vatanimizdagi tinch-osoyishta va farovon hayot, askarlarning harbiy xizmatni a’lo darajada ado etayotgani haqida faxr bilan so‘zladi. Farzandlarining harbiylik hayoti, ularga yaratib berilgan sharoitlardan ko‘ngillari xotirjam ekanini ta’kidladi.

– Farzand har qancha ulg‘aymasin, ona uchun hamisha bolaligicha qolaveradi. Boshqalar qatori men ham bu tuyg‘uni o‘zimda doim his etaman, – deydi Piskent tumani Yangiobod mahallasida yashovchi Shahodat Botirova. – Lekin o‘g‘lim Jonibekni har gal askarlik libosida ko‘rganimda, mana shunday suhbatlarda u haqida gapirilganda, qalbimdagi tuyg‘ular faxr-iftixor, ishonch, ko‘ngil xotirjamligi bilan uyg‘unlashib ketadi. Shunda beixtiyor endi mening o‘g‘lim bola emas – musaffo osmonimiz, jannatmonand diyorimiz, farovon hayotimiz himoyachisi, deyman faxr bilan o‘zimga o‘zim. Qalbim g‘ururga to‘ladi.

Tadbirda askar onalariga yuksak ehtirom ko‘rsatilib, harbiy qismlarning tashakkurnomalari topshirildi.

– Bayramda Qashqadaryo viloyatida yigitlik burchini o‘tayotgan o‘g‘lim Doniyorxo‘ja bilan uchrashaman, deb o‘ylamagan edim. Tadbirga farzandlarimizni ham taklif qilgan tashkilotchilarga onalar nomidan alohida minnatdorligimni bildiraman, – deydi Ohangaron tumani Birlik mahallasida yashovchi Rixsi opa Xolxo‘jayeva. – Farzandim yanada chiniqib, zabardast yigit bo‘libdi. Uning harbiyligidan g‘ururlanib, Vatan himoyachilariga yaratib berilgan sharoitlardan qalbim xotirjam bo‘lib, sovg‘alar, guldastalarga ko‘milib o‘tiribman. Bugungi sanani uzoq vaqt xursandchilik bilan eslab, yaqinlarimga faxr bilan gapirib beraman.

Badiiy jamoalar va taniqli xonandalar ijrosidagi Vatan, tinchlik, yoshlik va ezgulikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Ikrom Avvalboyev, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
1 547






Все о погоде - Pogoda.uz