Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.01.2018 20:08 Chop etish versiyasi

Askar onalari tinchlik so‘rab duo qiladi

Vatan himoyachilari kuni arafasida o‘tkazilayotgan bayram tadbirlaridan birida O‘zA muxbiri muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan bir necha askarning onalari bilan suhbatlashdi. Ular o‘z o‘g‘illari, ularning orzu-umidlari, kelajak rejalari haqida quyidagilarni so‘zlab berdi:

Oddiy askar Abdulloh Ismoilovning onasi Oygul Sattorova:

– O‘g‘lim Samarqand garnizoni harbiy qismlaridan birida xizmat qilmoqda. Abdulloh uch o‘g‘ilning kenjasi bo‘lgani bois turmush o‘rtog‘im bilan undan ko‘proq xavotirlanayotgan edik. Harbiy qasamyod munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirga borganimizda harbiy qismda yaratilgan sharoitlarni ko‘rib hayratlandik.

O‘g‘limni tetik va xush kayfiyatda ko‘rib, qo‘mondon va xizmatdoshlarining u haqda bildirgan iliq fikrlarini eshitib, juda mamnun bo‘ldim. Abdulloh xizmatni yaxshi o‘tayapti, u harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan oliy o‘quv yurtiga kirish imtiyozini beruvchi tavsiyanomani qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.

Aslida, imtiyoz o‘g‘lim uchun asosiy maqsad emas, balki faol jamoatchilik ishida ishtirok etishga undovchi maqsaddir. O‘zim ham jamoat ishlaridan chetda turmayman, Shahar telefon stansiyasidagi muhandislik faoliyatidan tashqari, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputatligiga saylanganman. Meni yoqlab ovoz bergan saylovchilar manfaatini himoya qilib, ularning muammolarini hal etishga ko‘maklashmoqdaman.

Har bir askar onasi singari men ham farzandlarimiz tinch davrda xizmat qilishi, mamlakatimizda osoyishtalik va hamjihatlik hukm surishini tilayman.

Oddiy askar Javohir Abdullayevning onasi Shoira Mirzohidova:

– Javohir Jizzax viloyatida, chegara qo‘shinlari bo‘linmasida xizmat qilyapti. U yoshligidan armiyada xizmat qilishni orzu qilardi. Buyuk sarkardalar, ayniqsa, Sohibqiron Amir Temur haqida ko‘p kitob o‘qirdi. O‘g‘lim orzu bilan cheklanib qolmay, harbiy xizmatga puxta tayyorgarlik ham ko‘rdi: yaxshi o‘qishga harakat qildi, sport bilan muntazam shug‘ullandi. U kurash bo‘yicha shahar miqyosida o‘tkazilgan bir necha musobaqalar sovrindori.

Aslini olganda, oilamiz oddiy: turmush o‘rtog‘im tadbirkor, o‘zim pedagogman. Javohirning Vatan himoyachilari safida xizmat qilish orzusi – uning qadrdon maktabi, mahallamiz faollarining mehnati samarasidir. Buning uchun o‘qituvchilar, o‘zini-o‘zi boshqarish organi oqsoqolidan minnatdormiz.

Harbiy qasamyod qabul qilish munosabati bilan tashkil etilgan tantanaga o‘g‘limni tabriklashga borganimizda, u kelajakda ofitser bo‘lmoqchi ekanini aytdi. Farzandimizga oq fotiha berdik. Ilohim, xalqi uchun nafi tegadigan inson bo‘lib kamolga yetsin!

Oddiy askar Samariddin Sultonmurodovning onasi Hilola Yo‘ldosheva:

– Samariddin oilamizda yolg‘iz o‘g‘il bo‘lsa ham, uni talabchanlik bilan tarbiyalaganmiz. Toshkent transport kasb-hunar kollejini bitirgach, o‘g‘lim armiyada xizmat qilish istagini bildirdi. Barcha saralash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, test sinovlarini topshirdi.

Ayni paytda Samariddin Qarshidagi chegara qo‘shinlari harbiy qismida xizmat qilmoqda. Qo‘mondonlari u haqda ijobiy fikrda. Armiyaga chaqirilishga qadar u “Lokomotiv” futbol klubida sport bilan shug‘ullanar edi. Bu unga jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha sinovlarni topshirishida asqotdi, hozir ham Samariddin o‘z bo‘linmasida yetakchilardan biri.

Xizmatdan so‘ng o‘g‘lim institutga o‘qishga qirmoqchi. Uning orzusi – muhandis bo‘lib, temir yo‘l sohasida mehnat qilish. Lekin avval u harbiy xizmatni o‘tashga qaror qildi. Biz uning qarorini ma’qulladik, chunki erkak kishi qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, hamisha o‘z Vatanini himoya qilish, ona tuprog‘ini ko‘z qorachig‘idek asrashga shay turishi kerak.

Ablay Kamolov , O‘zA
1 315