Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.01.2017 15:13 Chop etish versiyasi

Askar o‘g‘lim ishonchimni oqlamoqda

Askar o‘g‘lim ishonchimni oqlamoqda Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Buxoro va Toshkent viloyatlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar va ularning ota-onalari ishtirokida “Mening o‘g‘lim – Vatan himoyachisi” deb nomlangan videomuloqot o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.To‘yyeva va boshqalar mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasida yurtimiz xavfsizligini ishonchli himoya qiladigan ixcham va tezkor milliy armiyamiz shakllantirilgani, uning safida xizmat qilish sharafli ishga aylanganini ta’kidladi.

Videomuloqotda ota-onalar Vatan oldidagi konstitutsiyaviy burchini o‘tayotgan askar farzandlari bilan suhbatlashdi. Askarlar o‘zlari uchun yaratilgan sharoit, harbiy xizmat haqida so‘zlab berdi.

– Onajon, siz bilan diydorlashib turganimdan juda xursandman, – dedi askar Toir Ahmedov Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi Ra’no Muhammadiyevaga. – Xizmatim yaxshi o‘tmoqda. Xizmatga kuzatuv paytida bergan va’damga amal qilib, ishonchingizni oqlayapman. Qismimizda askarlik burchimizni sidqidildan o‘tash uchun hamma qulaylik yaratilgan.

Toshkent viloyatida xizmat qilayotgan g‘ijduvonlik Solijon bilan diydorlashgani onasi Feruza opa va boshqa oila a’zolari keldi.

– Bo‘yingdan aylanay, Solijon o‘g‘lim! Ancha ulg‘ayibsan, – dedi nevarasiga Amina momo Sharipova. – Yaxshi xizmat qilayotganingdan men ham xursand bo‘ldim. Sen bilan faxrlanaman. Senga qarab, ukang ham akam singari “O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!” deyapti. Vatan ravnaqi uchun jon kuydirayotgan, tinchligimiz posboni bo‘lgan askar yigitlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Prezidentimizga rahmat. Barcha yoshlar qatori seni ham Yaratganning o‘zi panohida asrasin.

Vatan, mustaqillik, ona, tinchlik va ezgulikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), O‘zA
845






Все о погоде - Pogoda.uz