O‘zA O`zbek

23.05.2020 Chop etish versiyasi

Asalarichilikning zamonaviy tajribasi

Asalarichilikning zamonaviy tajribasi
Qaror va ijro

Mamlakatimizda asalarichilik qishloq xoʻjaligining eng muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Asalari boqish, asal yetishtirish va sotish bilan shugʻullanuvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bunda davlatimiz rahbarining 2017-yil 16-oktyabrdagi “Respublikamizda asalarichilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim oʻrin tutmoqda. Qaror ijrosi doirasida “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi tuzilib, hozirgi kunda u “Apimondiya” Xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasiga aʼzo boʻlgan.

Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va tijorat banklari hamkorligida 2017-2021-yillarga moʻljallangan “Asalarichilikni kompleks rivojlantirish dasturi”ni amalga oshirish davom etmoqda.

Bunda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, asalarichilikdagi ilgʻor tajribalar, tayyor mahsulotni realizatsiya qilish marketingini oʻrganish katta ahamiyat kasb etadi. Shunga bogʻliq holda “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi Rossiya, Isroil, Ukraina va Germaniya davlatlarining ilmiy va taʼlim muassasalari bilan aloqalar oʻrnatib, uni kengaytirmoqda.

– Hozirgi kunda isteʼmolchilar bozorini talabgir ekologik toza mahsulot bilan toʻldirish, uning eksportini oshirish, asalarilar bilan qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini changlantirish agrotexnika usulini keng joriy etish imkonini beruvchi ushbu tarmoqni yana-da rivojlantirish zarur, – deydi fargʻonalik asalarichi Sherali Suyunqulov. – Bir necha yil mobaynida uch guruh oʻzbek mutaxassislari Isroildagi zamonaviy asalarichilik tajribasini oʻrgandi. Biz, bir guruh asalarichilar bir necha ming asalari oilasiga xizmat koʻrsata olishini oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Mahsulotni qayta ishlash, uni qadoqlash, chiroyli bezatish ishlari zamonaviy uskunalarda amalga oshiriladi, asalni sotish ishlari ham yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Navbatdagi safar “Oʻzbekiston asalarichilari” hududiy raislarining maxsus sanoat asalarichiligini rivojlantirish usullarini oʻrganib kelishi uchun tashkillashtirildi.

Fargʻona viloyati asalarichilar uyushmasi bilan MASHAV – Isroil davlati Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Rivojlantirish yoʻlidagi xalqaro hamkorlik assotsiatsiyasi hamkorlik qilmoqda. Kichik grantlar dasturi doirasida viloyat asalarichilar uyushmasi markazi tashkil etildi. Uyushmaning 20 aʼzosi shu mamlakatning tayyorlov kurslarida taʼlim olib qaytdi. Tanishtiruv va taʼlim dasturlari boshqa hududlardagi asalarichilik sohasi vakillari uchun ham tashkil etiladi. Masalan, Oʻzbekistonning 9 ta hududidan 13 uyushma rahbari va yirik fermerlar asalarilar yordamida qishloq xoʻjaligi ekinlarini changlantirish, asal sifati standartlari, ishlab chiqarish unumdorligini oshirish va asalarilar salomatligi kabi yoʻnalishlarda Isroil davlatida tajriba oshiradi.

Bu yil koronavirus pandemiyasi sabab MASHAV oʻz ishini onlayn tartibda davom ettirmoqda. Yaqinda asalarilar populyatsiyasini asrash, ularning butun ekotizimdagi tutgan muhim oʻrni masalalariga bagʻishlangan navbatdagi seminar boʻlib oʻtdi.

791
O.XARCHENKO, OʻzA