O‘zA O`zbek

22.09.2019 Chop etish versiyasi

“Asaka bank” xodimlari sport bilan muntazam shugʻullanmoqda

“Asaka bank” xodimlari sport bilan muntazam shugʻullanmoqda

Mamlakatimizda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish, har bir mahalla, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalarida jismoniy tarbiya va sport faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-yanvardagi “Oʻzbekistonda sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilish va aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb qilish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Asaka bank” xodimlari ishtirokida ertalabki badantarbiya mashgʻulotlari tizimli yoʻlga qoʻyilgan.

Jumladan, bank xodimlari haftaning har shanba kuni erta tongdan poytaxtimizdagi “Yoshlik” sport-sogʻlomlashtirish majmuasiga tashrif buyuradi. Ular bu yerda badantarbiya bilan bir qatorda, futbol, suzish va yugurish kabi sport turlari bilan shugʻullanadi.

– Hafta davomida bir yerda oʻtirib ishlaymiz. Bu esa oʻz-oʻzidan qon aylanish tizimi va asab faoliyati bir maromda ishlamasligiga olib keladi, – dedi “Asaka bank” xodimi Farrux Tulovov. – Shu sababli ham rahbarlarimiz boshchiligida sport orqali oʻz salomatligimizni tiklaymiz. “Sport – salomatlik garovi“ deb bekorga aytishmagan.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda mamlakatimizda sport va jismoniy tarbiya orqali aholining salomatligi yanada yaxshilanmoqda. Bu esa yurt kelajagi boʻlgan yosh avlodning sogʻlom voyaga yetishi uchun eng samarali yoʻldir.

Reklama huquqi asosida

3 127
Javohir TOSHHOʻJAYEV, Muhammad AMIN (surat), OʻzA