O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

“Asaka“ bank tadbirkorlarning muammolarini hal etishga koʻmaklashmoqda

“Asaka“ bank tadbirkorlarning muammolarini hal etishga koʻmaklashmoqda

Andijonda “Asaka“ bank boshqaruvi raisining oʻrinbosari Boboxon Abdullayev sayyor qabul oʻtkazdi.

Sayyor qabulda “Asaka“ bank tomonidan viloyatda ishlab chiqarish hamda xizmat koʻrsatish korxonalarini tashkil etish, tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilayotganligi taʼkidlandi.

Qabul davomida turli yoʻnalishlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirok etib, bank bilan bogʻliq oʻzlarini qiynayotgan muammolar va boshqa turli masalalar yuzasidan murojaat qildi.

– Oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish boʻyicha umumiy qiymati 360 ming dollarga teng loyihani amalga oshiryapmiz, – deydi Asaka tumanidagi “Said-plast Argʻin” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Sharifjon Yusupov. – Birinchi bosqichda oʻz aylanma mablagʻlarimiz va kredit hisobidan bino qurilib, hamkorimiz Xitoyning “Henan Huatai Cereals And oils Co LTD” kompaniyasi tomonidan bir qism dastgoh va jihozlar olib kelib oʻrnatildi. Ikkinchi bosqichda olib kelinadigan dastgoh va texnologiyalar uchun 160 ming dollar miqdorida kredit olish uchun ikki oy avval bankka zarur hujjatlarni taqdim etganmiz. Biroq haligacha kredit berilmayotganligi uchun ishimiz toʻxtab qolmoqda.

Qabulda sutkasiga 35 tonna oʻsimlik moyi ishlab chiqarish va 45 ta yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilayotgan mazkur loyiha boʻyicha soʻralayotgan kredit muammosi yaqin kunlar ichida hal etiladigan boʻldi.

Bank boshqaruvi raisi oʻrinbosari shu kabi masala va takliflarni oʻrganib chiqilib, imkon qadar yordam koʻrsatilishini bildirdi.

Shuningdek, qabulda qator korxonalar vakillari, tadbirkorlar oʻz muammolari yuzasidan murojaat qildi. Murojaatlarning bir qismi joyida hal etildi, bir qator masalalar oʻrganib chiqilib hal etiladigan boʻldi.

Reklama huquqi asosida.

935
Faxriddin UBAYDULLAYEV, OʻzA