O‘zA O`zbek

08.08.2018 20:49 Chop etish versiyasi

Asad suvi – asal suv

Toshkent viloyati Bo‘ka tumani paxtakorlari 12 ming 626 gektar maydonda “Sulton” navli g‘o‘za parvarishlayotir. Mahalliy iqlimga mos, serhosil g‘o‘zaning rivoji baravj. Ayniqsa, 2 ming 126 gektardagi g‘o‘zalar 9-10 donadan ko‘sak tukkan.

“Hosilga-hosil qo‘shish dolzarb ikki oyligi” doirasida 672 fermer xo‘jaligining ishchi, suvchi va mexanizatorlari g‘o‘za rivojida muhim palla – avgust oyining har bir daqiqasidan unumli foydalanishga astoydil bel bog‘lagan. G‘o‘za parvarishi bilan bog‘liq agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, otryadlarga biriktirilgan 200 kultivator yordamida kuniga 1 ming 300 gektardagi g‘o‘za qator oralariga ishlov berilmoqda. 1 ming 100 gektarda chilpish ishlari olib borilayotir.

– Prezidentimiz raisligida 31 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida g‘o‘za rivojini jadallashtirish bilan bog‘liq zarur vazifalar belgilab berildi, – deydi Bo‘ka tumani hokimining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari I.Jo‘raniyozov. – Shunga muvofiq, g‘o‘zani qo‘shimcha oziqlantirish, zararkunandalarga qarshi kurashish, g‘ovlashining oldini olish bo‘yicha zarur choralar belgilanib, bor kuch va imkoniyat ishga solinmoqda. Bu borada ayniqsa, g‘o‘zani asad suviga qondirishga alohida e’tibor qaratayapmiz.

Darhaqiqat, g‘o‘zani asad oyida me’yoriga yetkazib sug‘orish juda muhim. Chunki bu oy shonalar gulga, gullar ko‘sakka, ko‘sak esa lo‘ppi-lo‘ppi paxtaga aylanadigan payt. Usta paxtakorlarning ta’kidlashicha, g‘o‘za asad suviga qonmasa, gul tashlaydi. Oqibatda hosildorlik pasayadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda har gektariga 5 tonnadan, qo‘shqator g‘o‘za parvarishlanayotgan 3 ming gektarga esa 6 tonnadan mahalliy o‘g‘it chiqarilib, “sharbat” usulida sug‘orish joriy etilgan. Ayni paytga qadar aksariyat paxta dalalari ana shunday usulda 2 marta sug‘orilib,uchinchi suv berilmoqda.

Tumanning “Sharof bobo Toir o‘g‘li“ fermer xo‘jaligi haqida bunday deb bo‘lmaydi. Boisi, fermer xo‘jaligi mirishkorlari tomonidan 17 gektar maydonda parvarishlanayotgan g‘o‘zaning asosiy qismi shu kunga qadar bir marta sug‘orilgan. Bor-yo‘g‘i 4 gektardagi g‘o‘za endigina ikkinchi suvdan chiqdi.

– G‘o‘za rivoji baravj, shig‘il ko‘saklamoqda, – deydi xo‘jalik rahbari Sh.Sharopov. – Uni zudlik bilan sug‘ormasak, hosildan ajrab qolishimiz tayin. Ammo sug‘orish jarayoni juda og‘ir kechmoqda. Xo‘jalikka suv mahalla va dalalardan o‘tib kelishi sababli kutilmaganda to‘xtab qoladi. Borsang, kimdir unga ega chiqqan bo‘ladi. Masofa ancha olis. Suvni yana olib kelguncha vaqt boy beriladi...

Avazbek Xudoyqulov, O‘zA
3 261