O‘zA O`zbek

23.08.2018 13:37 Chop etish versiyasi

Asad boboning xotiralari

Asad boboning xotiralari

Yaqinda ish yuzasidan Navoiy viloyatiga borishimga toʻgʻri keldi. Yoʻl olis. Mashina ravon yoʻlda shamoldek yelib borardi. Hamrohlarimdan biri yoshi ulugʻ otaxon keng va ravon yoʻllarimizga qarab ketar ekan, Sirdaryo koʻprigidan oʻtayotganimizda gap boshladi:

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 27 yilligi oldidan

– Ajoyib zamonlar keldi-da. Qarang, bir paytlar choʻlu biyobon boʻlgan bu yerlar endi boʻstonga aylangan. Odamning qoʻli gul-da. Mana bu binolarni aytmaysizmi, oʻgʻlim, bular qachon qurilgan, – soʻradi nuroniy.

– Bularninng qurilganiga ham 5-6 yil boʻlib qoldi. Mana bu old qatordagilari savdo va xizmat koʻrsatish majmuasi, bunisi restoran. Eng keyingisi kemping, – dedi haydovchi.

– Ha, yurtimizga koʻz tegmasin kundan-kunga chiroy ochib boryapti. Bularning hammasi mustaqillik sharofati bilan-da bolalarim, – dedi otaxon. 

Umuman kasb taqozosidanmi yoki yoʻlovchi ekanimni hisobga olibmi, harqalay qari bilganni pari bilmas, deganidek, u kishi bilan yaqindan tanishdim. Asad bobo Samarqand viloyatidagi xoʻjaliklardan birida uzoq yillar brigadir, agronom boʻlib ishlagan ekan. Qisqa tanishuvdan keyin nuroniy davom etdi: 

– Bundan 30 yillar ilgari Toshkentga kelmoqchi boʻlsak, poyezdda qariyb ikki kun yoʻl yurardik. Maboda avtobusda kelmoqchi boʻlsak, bu ham “bosh ogʻrigʻi” edi. Shalogʻi chiqqan avtobuslar manzilga yetib kelguncha qizib ketaverar, ha deb toʻxtayverganidan bezib qolardik. Hozirgidek, yengil mashinalar qayoqda deysiz. Bori ham anqoning urugʻi edi. Eski “pobeda”yu, yarim yoʻlga bormay buzilib qoladigan “moskvich”lar boʻlardi. Sizdek navqiron yoshimda ish yuzasidan Toshkentga koʻp kelib ketardim. Ishni bitirish uchun haftalab qolib ketardik. Idorama-idora hujjat koʻtarib, yurganlarimni eslasam koʻnglim buzilib ketadi. Byurokratiya edi oʻsha davrlar.

Bir kuni shaharning narigi chekkasida joylashgan boshqarmaga borishimga toʻgʻri keldi. Bu yerdan hujjatni imzolatib, keyin ortga qaytishim kerak edi. Kun issiq. Avtobusga chiqib, haydovchidan boradigan manzilim haqida soʻradim. U boʻlsa, goʻyo menga bepisand qaragandek, rus tilida javob berdi. Men rus tilini bilmasdim. Ichimdan nimadir uzilgandek boʻldi. Avtobusdan har bir bekatda odam tushib-chiqadi. Koʻp oʻtmay haydovchi manzilimga kelganimni aytdi. Bekatdan tushib, balandparvoz shiorlar ilib qoʻyilgan binoning yoniga keldim. Hatto, tashkilot nomi ham rus tilida yozib qoʻyilgan edi. Idorada hujjatga imzo qoʻydirish uchun navbat boʻlmasa ham juda koʻp vaqt kutdim. 

Nihoyat kechki payt kotiba hujjatlarni qoʻlimga tutqazdi. Ortga qaytdim. Kechki ovqatni qilish uchun yoʻlda bir nechta oshxonalarga kirdim. Afsus, ularning aksariyatida joylar band, joy borida esa ish vaqti tugagan edi. Bilasizmi, umuman, oʻsha yillari Toshkentda oshxonalar koʻp emasdi. Noiloj magazindan biron narsa olaman deb, kirganimni bilaman, oxiri koʻrinmaydigan navbatga duch keldim. Deyarli ikki soatdan soʻng navbatim yetib kelganda, magazinda deyarli hech narsa qolmagan, buning ustiga vaqt allamahal boʻlgandi. Oʻzimga tasalli berib, mehmonxonaga ketdim. Ertasi kuni ishlar bitdi. Uyga qaytish oldidan magazinlarni aylanib, bolalarimga sovgʻa-salom olmoqchi boʻldim. Bitta kattaroq magazinda yaxshi narsalar deyarli yoʻq edi. Chiqib ketayotganimda sotuvchining peshtaxta tagidan xaridorga uzatayotgan bejirim sumkacha eʻtiborimni tortdi. Qizimga shundan olib boraman. Boʻlarkan-ku, asl narsalar, menga ham shundan bering, dedim. Sotuvchi qizarib-boʻzarib, menga rus tilida bu yerdan joʻnab qolishim kerakligini aytdi. Shunda figʻonim falakka chiqdi. Men soʻragan narsani nega bermaysiz, deb oʻz tilimda gapirganimni bilaman nega rus tilida gapirmaysan sendaqalarni joying qamoqda, deb sotuvchi ayol ayuhannos koʻtardi. Hech narsa demay chiqib ketayotganimda militsioner kelib nima boʻlganini soʻradi. Keyin meni oʻzi bilan boʻlimga olib ketdi. Militsiya idorasida bor gapni aytib berganimdan soʻng qoʻyib yuborishdi. 

Otaxon bir oz tin oldi. Soʻng chuqur xoʻrsinib soʻzida davom etdi. 

– Mustaqillikdan oldin doʻkonlarimizdagi mollarning 95 foizi respublikamizga chetdan keltirilgan. Kiyim-kechak deysizmi, kir yuvish kukuni hatto gugurt bilan tuz ham chetdan keltirilgan. Rasmiy idoralarda oʻzbek tilida gapirilmasdi. Gapirib koʻring, eshitadiganingizni eshitardingiz yoki xayfsan olardingiz. Maktabda toʻrtinchi sinfda oʻqiydigan bola bilan savol-javob qilsangiz, hozirgi ikkinchi sinf bolasi biladigan javobni zoʻrgʻa berardi. Buning asosiy sababi nimada edi?

Oʻquvchilar yangi oʻquv yilini intiqlik bilan kutar, oʻquv yili boshlangach, bir hafta oʻtmay sinf xonalari paxta dalasiga “oq oltin” terimiga alishtirilardi. Terim qishgacha davom etar, dekabrning izgʻirinli kunlarida maktabda oʻqish boshlanar, derazasidan gʻuv-gʻuv shamol oʻtib turadigan abgor holdagi sinf xonalarida dars oʻtish qiyin edi. Bunday vaziyatlarda oʻqituvchilar oʻquvchilarga javob berib yuborardi. Darslar oʻlda-joʻlda oʻzlashtirilgan. Eng achinarlisi shoʻrolar tomonidan tuzilgan soxta tarix darsi oʻquvchilarning ongiga singdirilardi. Markazda oʻtirib, bizni qoloqdan olib qoloqqa solgan, goʻyo xalqimizga “madaniyat” olib kelgan “ogʻalar” faqat bizga emas, yon-atrofimizdagi boshqa respublikalarda yashovchi xalqlarga ham sizlar madaniyatni va boshqa sohalarni bizdan oʻzlashtirdingiz, deyishdan charchamasdi. Sobiq tuzumning makkor va gʻaddol siyosati tufayli oʻzbek oilasidagi ismlar ham buzib aytilgan. Masalan, Shomilni Shamil, Xoltoʻrani Xaltura, deb chaqirishgani, ularning ismlari “metrkalarga”ga xato yozilib ketavergan. Tohir va Zohir Tair, Zair, xullas sanasang adogʻi yoʻq bularning. 

Haydovchimiz tamaddi qilib olish maqsadida mashinani yoʻl boʻyidagi kafega burdi. Yozning jaziramasida salqin, mijoz keti uzilmaydigan oshxonada ovqatlanib, yoʻlga tushdik. Tabiiyki, hamrohlarim va men nuroniy bilan uzilib qolgan suhbatimizni davomini kutardik. Shuni kutib turgan Asad bobo davom etdi:–Oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilganida quvonganimdan koʻzimga yosh kelgandi. Chunki oʻsha shoʻrolar davrida tilimizga boʻlgan eʻtiborni sizlarga qisman boʻlsa-da aytib oʻtdim. Toʻgʻrisi, poytaxt juda goʻzallashib ketibdi. Mustaqillik maydonini bir borib koʻraylik, deb yoʻlga tushdik. Yangi imoratlaru koʻpriklarni koʻrib hayratlandim. Ayniqsa, Bunyodkor koʻchasidagi yoʻl oʻtkazgich menga juda maʻqul keldi. Odamlar oʻtishi uchun ham mashinalar oʻtishi uchun ham qulay. Mustaqillik maydoni va unga tutash Xotira maydoni boʻylab sayr qildik. 

Buyogʻiga yoʻlimiz unchalik olis emas. Mustaqillik davrining inshootlari namunaviy uy-joylar bilan boshlanadigan Oqdaryo tumanidan oʻtib, Samarqandning yangilanib, yasharib borayotgan Ishtixonni ham ortda qoldirdik. Mana otaxonning manzili Kattaqoʻrgʻon tumanidagi Qiymadoʻz qishlogʻi. Shu yerga kelganda, yoʻl boʻyi qadrdon boʻlib qolgan Parda bobo bilan xayrlashib, manzil sari ildamladik. Ha, koʻpni koʻrgan bu nuroniy siymosida hayotdan mamnunlik, oʻtayotgan umrdan shukronalik hissini tuyasan kishi. Xalqimiz asrlar davomida orzu qilib kelgan, bundan 26 yil muqaddam erishilgan mustaqilligimiz abadiy boʻlsin.


Akbarjon Abduraimov
3 650