O‘zA O`zbek

18.09.2018 19:24 Chop etish versiyasi

Arzimas bahonalar oila tanazzuliga sabab boʻlmasin

“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Fargʻona viloyati boshqarmasi tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 2 mingdan ziyod ajrim arafasida turgan oilalar muammosi oʻrganildi.

Shuningdek, sogʻlom oila qurish, sogʻlom farzandni dunyoga keltirish, sogʻlom turmush tarzini yuritish asoslarini xotin-qizlar orasida manzilli targʻib qilish maqsadida shahar va tumanlarda ochiq muloqot va davra suhbatlari tashkil etilmoqda.

Oila – muqaddas dargoh. Mamlakatimizda jamiyatning boshlangʻich va muhim boʻgʻini hisoblangan oiladagi ijtimoiy-maʼnaviy muhitni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Negaki, barqaror davlat va farovon turmush barpo etish koʻp jihatdan ayni shu masalaga bogʻliq. Xalqimizning milliy-maʼnaviy qadriyatlaridan kelib chiqqan holda oila institutini rivojlantirish, bu sohada yillar davomida eʼtibordan chetda qolib kelgan boʻshliqni toʻldirish hamda muammolar yechimi yuzasidan izchil ishlar olib borilayotgani fikrimiz dalilidir.

Prezidentimizning 2018-yil 2-fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur hujjat asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi yagona tizim sifatida tashkil etilib, joylarda uning viloyat boshqarmalari, shahar va tuman boʻlimlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

– Mamlakatimizda oilalar maʼnaviy hayotini yuksaltirish, ularning faolligini taʼminlash, yaratuvchanlik salohiyatini namoyon etish, notinch-muammoli oilalardagi maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazish kabi qator masalalar asosiy vazifalarimizdan sanaladi, – deydi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi Hamidaxon Abdugʻaniyeva. – Boshqarmaning shahar va tuman boʻlimlarida malakali, katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan 37 nafar oliy maʼlumotli xodim davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik asosida ish olib bormoqda. Yaqinda shahar va tuman boʻlimlariga “Spark” avtomashinalari topshirildi.

Bugungi kunda viloyatda ogʻir turmush sharoitida yashayotgan 5 mingdan ziyod xotin-qiz roʻyxatga olingan boʻlib, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining hududiy boʻlimlari tomonidan ularga har tomonlama koʻmak koʻrsatilmoqda. Shu kunga qadar 1 ming 788 nafar ana shunday xotin-qizga tibbiy yordam koʻrsatildi, 904 nafarining bandligi taʼminlandi, 154 nafariga uy-joy berildi. 473 nafari uy-joy olish uchun tavsiya etildi.

Shu kunga qadar tuman va shahar boʻlimlarida 2 ming 159 ta ajrim arafasida turgan oilalar muammosi oʻrganilib chiqildi. Tadqiqot jarayonlarida oilaviy murosasizliklar er-xotin oʻrtasiga uchinchi shaxsning aralashuvi, mol-mulk bilan bogʻliq mojarolar, kelinning xatti-harakatlaridan ayb qidirish holatlari aniqlangan. Hatto mayda maishiy muammolar sabab ajrashishga qaror qilgan oilalar ham bor. Targʻibot ishlarining tizimli tashkil etilgani, suhbat-muloqotlar, yoshlarga pand-nasihatlar, oʻzaro kelishuvlar natijasida 1 ming 826 oilani yarashtirishga erishildi.

Birgina avgust oyida Qoʻqon shahrida 82, Fargʻona shahrida 50 oila yarashtirildi. Notinch, ajrim yoqasiga kelib qolgan 310 oila roʻyxatga olinib, ularning muammolarini oʻrganish, muhitni sogʻlomlashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ajrimlarning yana bir sababi quda-andachilik munosabatlarining darz ketishidir. Ayrim qudalar mehr-oqibat va andishani unutib qoʻymoqda, oila baxtini arzimas matohlarga alishmoqda. Baʼzi ayollarning mol-dunyoga boʻlgan orzu-havaslari ham yosh oila buzilishiga olib kelmoqda.

Viloyatning barcha shahar va tumanlarida mahalla faollari, otinoyilari ishtirokida aholi oʻrtasida ”Oila – muqaddas dargoh” mavzusida tadbirlar oʻtkazildi. Ularda oila bilan bogʻliq barcha masalalar boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi. Targʻibot tadbirlarida qizlarning turmushga tayyor emasligi, oʻz huquq va burchini toʻliq anglab yetmayotgani, oilada erkak kishining oʻrni yoʻqolib borayotgani taʼkidlandi.

Tuman va shahar boʻlimlari rahbarlari uchun oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash mavzusida maxsus oʻquv kursi mashgʻulotlari tashkil etildi. Mashgʻul

otlarda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini oʻrgatish, oiladagi maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Markaz boʻlimlari tomonidan har hafta payshanba kunlari oila qurish boʻsagʻasida turgan yigit-qizlar va ularning ota-onalari ishtirokida ”Oila dorilfununi” nomida davra suhbatlari oʻtkazilmoqda. Oilaviy qadriyatlarni asrash va rivojlantirish, ichki munosabatlarni mustahkamlash maqsadida “Ibratli kelin”, “Ibratli qaynona”, “Ibratli oila” mavzularida koʻrik-tanlovlar tashkil etish markazda yaxshi anʼanaga aylangan.

Viloyatda nizoli va ajrim yoqasiga kelib qolgan 301 oilaning muammosi oʻrganilib, ularni ishga joylashtirish yuzasidan shahar, tuman bandlikka koʻmaklashish markazlari va korxona-tashkilotlar rahbarlariga bu borada yordam berish vazifasi yuklatildi.

Kuzatishlar shuni koʻrsatmoqdaki, ayrim yoshlar oila qurishga tayyor emas, ularda oilaga, turmushga jiddiy macʼuliyat hissi yetishmaydi. Oila psixologiyasi ilmining muhim vazifasi yoshlarni oilaviy turmushga tayyorlashda nafaqat qizlar, balki yigitlarga ham uy tutish, roʻzgʻor tebratish, poklik, hayo, andisha, qaynona-qaynotani chuqur hurmat qilish, oila, nikoh, farzand burchi, oilaviy munosabatlar odobini oʻrgatish, yigitlik gʻururi, qizlik shaʼni haqida tushuncha va tasavvur berib borishdir. Shuning uchun ham targʻibot tadbirlarida ana shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

– Arzimas sabablar, ayrim tushunmovchiliklar bilan ham oilalar buzilib, ajrimlar soni koʻpayib borayotgani tashvishlanarlidir, – deydi Fargʻona shahridan mehnat faxriysi Salimaxon Joʻraboyeva. – Hayotda shirin-achchiq tashvishlar koʻp boʻladi. Er-xotin ularni ahil va hamjihat boʻlib yengishi kerak. Balogʻat yoshiga yetgan har bir oʻgʻil-qiz ertami-kech turmush quradi. Ammo oila oʻz-oʻzidan shakllanib qolmaydi. Oilada har bir kishining oʻz oʻrni, burch va masʼuliyati bor. Oilaviy hayotda ana shu jihatlar hisobga olinsa, oʻsha oilada oʻzaro ishonch ruhi hukm suradi, tinch va saodatli hayot kechiradi.

Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA
1 042