Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2017 18:08 Chop etish versiyasi

Armiyaga navbatdagi chaqiruvga tayyorgarlik ishlari yakunlandi

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘lim va boshqarmalarida fuqarolarning mamlakatimiz Qurolli Kuchlariga muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruviga tayyorgarlik ishlari yakunlandi. Tibbiy komissiyalar o‘z bilimi va jismoniy tayyorgarligini namoyish qilgan minglab yosh yigitlarni saralab oldi. Yaqin kunlarda ular o‘z Vataniga xizmat qilish uchun belgilangan joylarga jo‘nab ketadi.

Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, yurtimizning barcha viloyatlarida milliy armiyamizga navbatdagi chaqiruv va muddatli harbiy xizmatni o‘taganlarni uylariga jo‘natish ishlariga tayyorgarlik olib borilmoqda.

Chaqiruv komissiyalari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida ularning tarkibiga davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik tashkilotlari, O‘zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Nuroniy» va «Mahalla» jamg‘armalari vakillari kiritilgan. Istiqlol yillarida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga tanlov asosida saralab olish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. Muddatli harbiy xizmat davomida o‘zining ijobiy jihatlarini namoyish etgan harbiy xizmatchilar uchun belgilangan imtiyozlar tizimi yaxshi natija bermoqda.

Mamlakatimizda fuqarolarning Qurolli Kuchlarga muddatli harbiy xizmatga chaqiruvi yiliga bir marotaba – fevral-mart oylarida amalga oshiriladi. Bu chaqiriluvchilarni saralab olish jarayonini sifatli tashkil qilish imkonini beradi.

– Har yili avgust oyidan boshlab chaqiriluvchilarning shaxsiy yig‘ma jildlari, mahallalardan to‘plangan ma’lumotnomalar, ularning oilaviy ahvoli, chaqirilish muddatini kechiktirish huquqiga egaligi o‘rganib chiqiladi, – deydi Toshkent shahar Mirobod tumani mudofaa ishlari bo‘lim boshlig‘i E.Hojiahmadov. – Ayni kunlarda barcha chaqiriluvchilar tibbiy komissiya tekshiruvidan o‘tdi. Shifokorlar chaqiriluvchilarning salomatlik darajasi oshganini ta’kidlashmoqda. Bu mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasidir.

Yigitlarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovi asosida saralab olishga alohida e’tibor qaratilayotir. Ushbu tanlovda yoshlarning maktab ta’limi dasturidagi predmetlarni o‘zlashtirish darajasi, ularning intellektual salohiyati, moslashuvchanlik va chidamlilik qobiliyatlari tekshiriladi. Shuningdek, jismoniy tayyorgarligi sinovdan o‘tkaziladi. Test sinovlari yakunida barcha ballar jamlanadi va shu asosda chaqiriluvchining salohiyati aniqlanadi.

– Bolaligimdan harbiy libos kiyib, Vatanimizga xizmat qilishni orzu qilganman, – deydi chaqiriluvchi Sh.Haydarov. – Bir oy oldin O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkiloti Toshkent birlashgan texnika maktabini tugatdim. Men bu maktabda muddatli harbiy xizmatda qo‘llashim mumkin bo‘lgan radiotelefonchilik bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni egalladim. Harbiy xizmatni tugatib, Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtiga o‘qishga kirib, hayotimni Vatan himoyasiga bag‘ishlamoqchiman.

Roman Bondarchuk, O‘zA
4 353






Все о погоде - Pogoda.uz