Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 11:50 Chop etish versiyasi

“Armiya va yoshlar” festivali doirasida o‘tkazilgan marafonda 5 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi

Samarqandda “Milliy armiyamiz – yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostida “Armiya va yoshlar” festivali bo‘lib o‘tdi.

Samarqand viloyati hokimligi, Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Samarqand garnizonida joylashgan harbiy qism va muassasalar xizmatchilari, Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti kursantlari, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti maktablari tinglovchilari, viloyatdagi ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchi yoshlari, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Festival harbiy texnikalar, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining sport-transport vositalari va harbiy xizmatchilarning Registon maydoni oldidan Ko‘ksaroy maydonigacha safda yurishi namoyishi bilan boshlandi. Ularni Registon, Bo‘stonsaroy ko‘chalari va Universitet xiyobonida minglab yoshlar, shahar aholisi olqishlab, kuzatib turdi.

– Ushbu festival xalqimiz, jumladan, yoshlarning milliy armiyamiz haqidagi tushuncha va tasavvurlarini boyitishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda, – deydi Samarqand oliy harbiy avtomobil qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti o‘qituvchisi Sh.Abdug‘aniyev. – Ishtirokchilar harbiy texnikalar, qurol-yarog‘ va boshqa vositalar bilan tanishib, askar va ofitserlar, kursantlar bilan dildan suhbatlashmoqda. Bu armiya va xalq o‘rtasidagi mushtaraklikni ta’minlash, yosh avlodni Vatanga sodiq, yurt tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga qodir mard insonlar etib tarbiyalashga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida marafon musobaqasi o‘tkazilib, unda turli yoshdagi 5 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Ular Registon maydoni oldidan start olib, Universitet xiyobonidagi finish chizig‘ini bosib o‘tdi.

– Bugungi tadbirdan ham tomoshabin, ham ishtirokchi sifatida katta taassurotlar oldim, – deydi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti talabasi A.Sharifboyev. – Avvalo, marafonda ishtirok etib, sog‘lom turmush targ‘ibotiga hissa qo‘shdim, deb o‘ylayman. Harbiy texnikalar, osoyishtalik posbonlari foydalanadigan qurol-yarog‘ va aloqa vositalari bilan tanishib, armiyamizning kuch-qudratiga ishonchimiz oshdi.

Festival Samarqand garnizoni ofitserlar uyi jamoasi hamda viloyat san’atkorlarining konsert dasturi bilan yakunlandi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 556