Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.02.2017 18:37 Chop etish versiyasi

Armiya – jasorat va mardlik maktabi

Toshkent viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, bo‘lajak askarlarning ota-onalari, yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda zamonaviy harbiy texnika, qurol-yarog‘ va yuksak malakali kadrlar bilan ta’minlangan, yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, xalqimiz osoyishtaligini himoya qilishga qodir milliy armiyamiz shakllantirilgani ta’kidlandi. Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga tanlov asosida saralab olish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yilgani Qurolli Kuchlar safini puxta tayyorgarlikka ega chaqiriluvchilar bilan to‘ldirish imkonini berayotir.

– Yigitlarni jismoniy tayyorgarlik sinovidan o‘tkazish bilan birga, ularning bilim darajasi test natijalariga ko‘ra alohida baholanadi. Xususan, maktab ta’limi dasturidagi fanlarni o‘zlashtirishi, intellektual rivojlanish darajasi hamda moslashuvchanlik, chidamlilik qobiliyati tekshiriladi, – deydi Toshkent viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi chaqiruv bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Xayrullo O‘runov. – Chaqiruv komissiyasi a’zolari tarkibiga mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan bir qatorda “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari ham kiritilgani chaqiriluvchilar uchun o‘tkazilayotgan tanlov hamda sinov jarayonlarida oshkoralikni ta’minlamoqda.

Jismoniy tayyorgarlik sinovidan a’lo darajada o‘tgan, test topshiriqlari yakunida eng yuqori ballarni qo‘lga kiritgan yigitlar safida Bo‘ka pedagogika kasb-hunar kollejini tamomlagan Dostonjon Sherov ham bor.

– Sport bilan muntazam shug‘ullanganim, til o‘rganish va aniq fanlarga qiziqqanim barcha sinovlardan muvafaqqiyatli o‘tishimga zamin bo‘ldi, – deydi Dostonjon. – Harbiy xizmatdan so‘ng Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga o‘qishga kirmoqchiman. U yerda Vatanni himoya qilishdek sharafli kasb sirlarini puxta egallab, yetuk ofitser bo‘lishni qat’iy maqsad qilganman.

Yigitlik burchini o‘tash uchun yo‘l olayotgan o‘g‘lonlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Vatan, tinchlik, mardlik va jasoratni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar kuzatish marosimi ishtirokchilariga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
1 418






Все о погоде - Pogoda.uz