O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Armiya hayoti qanday yoritilmoqda?

Armiya hayoti qanday yoritilmoqda?

Fargʻona shahrida Sharqiy harbiy okrug matbuot xizmatining multimedia markazi (harbiy studiyasi) faoliyat koʻrsatishni boshladi.

Yangi zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli uskunalar bilan jihozlangan markazning ochilish marosimida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi aʼzolari, okrug qoʻmondonligi ofitserlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimiz mudofaa tizimidagi katta oʻzgarishlarga barchamiz guvoh boʻlyapmiz. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasining qabul qilingani, armiya va xalq birligini taʼminlash borasida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikdagi ishlarning kuchaytirilgani milliy armiyamiz saflarini mustahkam iroda, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlgan yoshlar bilan toʻldirib borish imkonini bermoqda. Armiyamizning jamoatchilik nazaridan, nazoratidan chetda qolmasligi, kechayotgan islohotlardan xalq muntazam xabardor boʻlib borishiga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur multimedia markazining tashkil etilishi ham harbiy sohadagi islohotlarni yaqindan tanishtirishda muhim oʻrin tutadi.

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni, polkovnik L.Buzrukov harbiy sohada olib borilayotgan islohotlar, armiya siyosatining yangi bosqichlari haqida soʻz yuritib, ilgarilari xalq uchun yopiq boʻlgan harbiy tizim, harbiy qismlar endi ochiqligi, oʻtkaziladigan jangovar tadbirlar keng omma uchun yoritilib borilishi muhim ekanligini taʼkidladi.

Multimedia markazida ijod qilish uchun barcha sharoit yaratilgan. Bu yerda maxsus dekoratsiyali va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan studiyalar mavjud.

Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tomonidan multimedia markaziga “Neksiya” rusumli xizmat avtomobili topshirildi.

715
M.SULAYMONOV, Muqimjon QODIROV (surat), OʻzA