Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.01.2018 17:33 Chop etish versiyasi

Armiya bilan xalq ­– bir tanu bir jon

Bugun “Lokomotiv-Anhor” deb atalayotgan istirohat bog‘i yaqindagina tashlandiq, ovloq joy edi. Yillar davomida yo‘lovchilar nigohini to‘sib, ko‘ngilni g‘ash qiladigan manzara kasb etgan muvaqqat devor ortida nimalar boru, nimalar bo‘layotganligini ko‘pchilik bilmasdi.

Hozir esa ko‘ngilochar bog‘ga aylantirilib, Yangi yilning katta archasi bolajonlarimizu onajonlarimizga bir olam quvonch ulashdi. Mana, bugun ham boshqa bayramlardan qolishmaydigan, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Barcha bayramlarning boshi” bo‘lgan Vatan himoyachilari kunini ayni shu joyda xalq sayli sifatida nishonlayapmiz. Quyosh yaraqlab turgan bo‘lsa-da, yelvizakli havodan qishning zahri seziladi. Shunga qaramasdan minglab poytaxt ahli, ayniqsa yoshlar harbiylarimizning bo‘y-bastini ko‘rish, harbiy texnikalarimizni tomosha qilish, umuman olganda, saylda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan. Ular orasida ba’zilari harbiy bo‘lishga orzumandligi bois oshiqib kelgan bo‘lsa, aksariyatida ayni shu lahzada shu maydonda yurt himoyachisi bo‘lishga ishtiyoq uyg‘ongan bo‘lsa ajabmas. Chunki ishonch bilan qurol ko‘targan, alpqomat, qarashlari qat’iy yigitlarimizga, albatta, hamma havas, mehr, faxr va g‘urur bilan qarashi tabiiy.

Prezidentimiz 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini tomosha zallarida shunchaki o‘yin-kulgu bilan o‘tadigan bir martalik tadbir emas, balki xalq sayliga aylantirish, mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham chinakam ayyom sifatida nishonlash kerak ekanligi to‘g‘risida fikr bildirdi. Quvonchlisi shuki, davlatimiz rahbarining har qanday sohaga tegishli har bir qarori tez fursatda amalga oshib, o‘z samaralarini bermoqda. Harbiy tizimda bir yil avval berilgan ko‘rsatmalar bugun hayotga tatbiq etilib, ko‘z o‘ngimizda hayot-mamot masalasi – mudofaa ishlarida ham yangilanishlar bo‘y ko‘rsata boshladi. Avvalo, Qurolli kuchlar akademiyasi isloh qilinib, yangi mazmun-mohiyat kasb etdi. Yetti oy ichida Situatsion markaz qurilib, zamonaviy ko‘rinish olgani, bu bilan bugungi kun qo‘yishi mumkin bo‘lgan savollarga tezkor javob berish imkoniyati yaratilgani ayni muddao bo‘ldi.

Maktab va kollej-litsey o‘quvchilaridan tortib onasining yetovida yurgan bolakaylargacha ishtiyoq bilan, ko‘zlarida zavqu shavq porlab harbiy ko‘rgazmani tomosha qilishyapti. Bir tomonda tariximizni eslatadigan manzara: harbiy chodirlar tikilgan, dala oshxonalarining temir o‘choqlariga o‘tin qalanib, askar qozonlarida shavla qaynayotgan bo‘lsa, bir tomonda o‘q otish nishonlarini mergan miltig‘idan mo‘ljalga olishga havasmandlar son-sanoqsiz. Bir to‘p bolalar qurshovida ko‘rgazma aylanib, askarlar bilan suratga tushib yurgan sayl ishtirokchilaridan birining dil so‘zlariga quloq tuting:

– Men, Hikoyat Ilyosova, 322-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. O‘quvchilarim bilan birga o‘zimning to‘rt yashar o‘g‘limni ham olib kelgandim, to‘g‘ri qilgan ekanman. Biz bolalarga dars beramiz, uyda tarbiya qilamiz, Vatanni sevish kerak, deb uqdiramiz. Qarang, shuncha sa’y-harakatlarimiz bir yonu, mana bu sayl bir yon bo‘ldi. Menimcha, hayot maktabi deganlari shu bo‘lsa kerak. Bolalarni hayrati, hayajonini ko‘ring. Ularga bir umrlik taassurot beryapti bugungi tadbir...

Hikoyat opa shu so‘zlarni aytarkan, samoda vertolyotlar paydo bo‘lib, tomoshabinlarning his-hayajonli qiyqiriqlari suhbatimizni bo‘lib qo‘ydi. Harbiy temirqushlar saylgoh tepasiga tik kelib, tumshuqlarini egib salom qilgandek bo‘ldi. Olqishlar avjiga mindi...

Prezidentimiz kuni kecha o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan majlisida kuyunchaklik bilan nutq so‘zlab, sohada mavjud bo‘lgan kamchiliklar to‘g‘risida tanqidiy fikrlar bildirdi. Achchiq haqiqatlarni o‘rtaga tashlab, “Sen menga tegma, men senga tegmay” kabi boqibeg‘amlik, qog‘ozbozlik kabi illatlarni keskin tanqid ostiga oldi.

Bu tanqid va talablar barchasi Prezidentning xalqimizga bo‘lgan cheksiz mehri, e’tibori, muhabbati tufayli, deb qabul qilinishi kerak. Chunki agar bugun mavjud holatga xolis baho berilmasa, o‘zimizni o‘zimiz aldab, maqtanish bilan kamchiliklarni xaspo‘shlasak, buning oqibati yomon bo‘lishi kunday ayon. Afsuski, ko‘p yillar mobaynida biz o‘tmishdagi daholarimiz bilan maqtanish, bobolarimiz bunyod etgan shaharlarni ko‘z-ko‘z qilish, arzimas yutuqlarimizga mahliyo bo‘lish kabi kasallikka mubtalo bo‘ldik.

Mana, shu bemorligimizni isitmamiz oshkor qila boshladi. Endi jamiyatni sog‘lomlashtirish, turli “yuqumli kasalliklar”ga qarshi “emlash” kun tartibida turibdi. Ko‘ngilni yoritadigan, xalqimizda umid uchqunlarini paydo qiladigan islohotlar kun sayin keng quloch yoyib borayotgan, mamlakatni taraqqiy yo‘liga olib chiqadigan yangi hayotbaxsh g‘oyalar tug‘ilayotgan tarixiy kunlarda befarq bo‘lish, chetda turish millatga xiyonatdan o‘zga narsa emas. Ha, jiddiy muammolar ko‘p, lekin bu tugunlarning yechimlari bor.

Prezidentimiz ham Oliy bosh qo‘mondon, ham shu Vatanning birinchi himoyachisi sifatida mudofaa tizimidagi masalalarni ham qanday hal qilishni ochiq-oydin ko‘rsatib berdi. Endi belni kamar bilan tortib bog‘lab ishlash kerak. Ishlaganda ham ongli ravishda, mas’uliyatni zimmaga olib, yurt taqdiri uchun qayg‘urib mehnat qilish kerak. Bu borada kadrlar tayyorlash, ma’naviyati butun, millatsevar qodir o‘g‘lonlarni tarbiyalash shart.

Armiyamizning jamoatchilik nazaridan, nazoratidan chetda qolmasligi, kechayotgan islohotlardan xalq muntazam xabardor bo‘lib borishiga ham alohida e’tibor qaratildi. Armiya ma’naviyatli, ma’rifatli bo‘lishi lozim. Buning uchun, Prezidentimiz aytganlaridek, harbiy xizmatdagi yigitlar badiiy yuksak kitoblarni o‘qishi, shu bilan birga, o‘qilgan adabiyotlar bo‘yicha imtihon topshirishini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqdir.

Rostdan ham biz har yili harbiylarga mana shuncha kitob berdik, deganimiz bilan natija qanday, bu kitoblar o‘qilyaptimi, yo‘qmi, noma’lum edi. Endi bu borada ham tizim yaratiladigan bo‘ldi. Chunki kitobni o‘qish boshqa, o‘qish mas’uliyatini anglash boshqa.

Biz o‘tkazgan so‘rovlarga ko‘ra, harbiylar va mutaxassislar quyidagi asarlarni ma’qul topishgan: buyuk bobokalonimiz Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Nasaviyning “Jaloliddin Manguberdi” solnomasi, “Alpomish” dostoni, Navoiyning “Mahbub ul-qulub”i, “Boburnoma”, “O‘tgan kunlar”, “Navoiy”, “Yulduzli tunlar”, “Shum bola”, “O‘tmishdan ertaklar”va Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva kabi xalq shoirlarining to‘plamlari, chet el adabiyotidan Lev Tolstoy, Pushkin, Xeminguyey, Aytmatov kabi adiblar asarlari shu jumladandir. Endi ularni o‘qitish metodikasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olsak, askar ma’naviyati bo‘yicha qilgan ishlarimizning eng salmoqlisi shu bo‘ladi. Ha, biz eng zamonaviy, eng qudratli qurollarga ega bo‘lishimiz mumkin, lekin mazkur yaroqlar qanday tafakkurga, ongga va yurakka bo‘ysunadi, asosiy masala shunda.

Shu o‘rinda yaqinda qabul qilingan Mudofaa doktrinasi haqidagi qonunga ham to‘xtalib o‘tish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. Ilgari bu kabi armiyaning ma’no-mohiyati, maqsadi va u nimaga xizmat qilishi kerakligini ochiq-oydin aks etgan me’yoriy hujjat yo‘q edi. Yangi Doktrinaga ko‘ra, armiyamiz tezkor, hozirjavob, mobil bo‘lishi, shu bilan birga, moslashuvchan, ya’ni bugungi dolg‘ali davrning kutilmagan “ob-havosi”ga tayyor turadigan milliy armiya bo‘ladi. “Milliy” degani faqat bir millatga mansub lashkar emas, balki O‘zbekistonni sevuvchi, fidoyi qo‘shin demakdir. Doktrina xavfsizlik va mudofaa sohasida boshqa chet davlatlar bilan manfaatimiz yo‘lida samarali hamkorlik qilish uchun huquqiy sharoit yaratadi. Va juda to‘g‘ri ta’kidlanganidek, Doktrinamiz birinchi marta xalq muhokamasidan o‘tib, ochiq-oydin, oshkor ko‘rinishda qabul qilindi.

...Maydonda parad boshlandi. Orkestr jangovor, ko‘tarinki musiqa chalib, ko‘ngillarni jumbushga keltirdi. Alpomish avlodlari, Temurbek vorislari saf-saf bo‘lib shahdam odimlari bilan yerni larzaga solib o‘ta boshladi. Shu kezlarda Qo‘ng‘irotda, Bulung‘urda, Qumqo‘rg‘onu Bag‘dodda ham ayni shunday saflar o‘tib bormoqda. U yerlarda ham bolakaylar ko‘zida hayrat, askarlar qalbida iftixor, onalar ko‘zida quvonch yoshlari, butun yurtda, jonajon O‘zbekistonimizda bayram shodiyonasi. Ustozlar aytganidek, tinchlikda o‘tgan har bir kun bayram, xotirjam otgan tong taraqqiyot beshigidir.

Iqbol Mirzo,
Mudofaa vazirligi huzuridagi
Jamoatchilik kengashi raisi.

O'zA
9 448