O‘zA O`zbek

09.08.2018 17:39 Chop etish versiyasi

“ArMI – 2018”: Moskvada harbiylarimiz uchinchi o‘rinni egalladi

“ArMI – 2018”: Moskvada harbiylarimiz uchinchi o‘rinni egalladi
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida bo‘lib o‘tayotgan “ArMI – 2018” Xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat to‘rt jamoa vakillari tantanali kutib olindi.

28 yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilayotgan Xalqaro armiya o‘yinlarining 12 turida ishtirok etgan o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar “Yo‘l patruli”, “Harbiy ralli” va “Qurolsoz usta” turlari bo‘yicha muvaffaqiyatli yakunlab, faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Harbiy kinologlar o‘rtasidagi “Sodiq do‘st” tanlovida harbiy xizmatchilarimiz va xizmat itlarining ishtiroki ham barchada katta taassurot qoldirdi. Ularning “Gita” laqabli Belgiya ovcharkasi 300 metrli to‘siqlar yo‘lagidan o‘tishda 1 daqiqayu 15 soniya natija bilan rekord o‘rnatdi. Shuningdek, “Himoya xizmati” shartidagi ehtimoliy dushmanni ushlash harakatlari hakamlar hay’ati e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Aeroportda hamyurtlarimizni Mudofaa vazirligi vakillari, ishtirokchilarning ota-onalari va yaqinlari kutib oldi.

– Rossiya Federatsiyasida o‘tkazilgan “Yo‘l patruli” musobaqalarida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Harbiy avtomobil nazorati inspeksiyasi xodimlari ham jonbozlik ko‘rsatdi. Ular ikki yildan buyon faxrli uchinchi o‘rinni qo‘ldan boy bermayapti, – deydi “Yo‘l patruli” tanlovida ishtirok etgan jamoa sardori kapitan Dilshod Toshpo‘latov. – Ushbu nufuzli bellashuvda harbiy xizmatchilarimizning tajribalari tobora ortib bormoqda. Vakillarimizning ishtiroki boshqa mamlakatlar harbiy xizmatchilari diqqat markazida bo‘ldi. Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi “Harbiy ralli” tanlovida o‘zbekistonlik avto ustalari “Yakka tartibdagi poyga”, “Ta’qib bilan poyga”, “Otish tayyorgarligi” va “Guruh yordamida poyga” kabi 4 tur bo‘yicha o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Mazkur musobaqada birinchi o‘rinni mezbon yurt vakillari qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin esa xitoylik harbiylarga nasib etdi.

“Qurolsoz usta” tanlovida ham O‘zbekiston harbiy xizmatchilari qo‘yilgan vazifani bajarishda yuqori natijalarga erishdi. Ular olti mamlakat jamoasi ishtirokida besh bosqichda o‘tkazilgan tanlovda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
3 382