O‘zA O`zbek

09.08.2018 19:42 Chop etish versiyasi

“ARMI-2018”: 33 davlat va 200 dan ortiq jamoa

“ARMI-2018”: 33 davlat va 200 dan ortiq jamoa Jahonning yetti mamlakati poligon va o‘quv markazlarida “ArMI-2018” IV xalqaro armiya o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda.

“ArMI-2018” musobaqalarida 33 davlatning 200 dan ortiq jamoasi 28 yo‘nalishda kuch sinashmoqda. Mamlakatimiz “ArMI-2017” o‘yinlarida ilk bora ishtirok etib, sakkizta yo‘nalishning beshtasida Rossiya va Xitoydan so‘ng uchinchi o‘rinni egallagan edi. Joriy yilda o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar musobaqada 13 yo‘nalish bo‘yicha ishtirok etmoqda.

Musobaqaning dastlabki yo‘nalishlari nihoyasiga yetib, g‘oliblar aniqlandi.

Harbiylarimiz “Yo‘l patruli”, “Harbiy ralli” va “Qurolsoz usta” yo‘nalishida faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Kinologlar o‘rtasidagi “Sodiq do‘st” tanlovida harbiy xizmatchilarimiz va xizmat itlarining ishtiroki ham barchada katta taassurot qoldirdi. Ularning “Gita” laqabli iti 300 metrli to‘siqlar yo‘lagidan o‘tishda 1 daqiqayu 15 soniya natija bilan rekord o‘rnatdi. Shuningdek, “Himoya xizmati” shartidagi “shartli dushman”ni ushlash harakatlari hakamlar hay’ati e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

“Qurolsoz usta” yo‘nalishida O‘zbekiston harbiy xizmatchilari qo‘yilgan vazifani bajarishda yuqori natija ko‘rsatdi. Ular olti mamlakat jamoasi ishtirokida besh bosqichda o‘tkazilgan tanlovda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “ArMI-2018“ musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytgan dastlabki to‘rt jamoa vakillari tantanali kutib olindi.

– “Yo‘l patruli” musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etdik, – deydi jamoa sardori Dilshod Toshpo‘latov. – Harbiy xizmatchilarimizning tajribasi tobora ortib bormoqda. Vakillarimizning ishtiroki boshqa mamlakatlar harbiy xizmatchilari diqqat markazida bo‘ldi.

Muhayyo Toshqorayeva, Oqil G‘ulomov (surat) O‘zA
2 854