O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

“Aravani quruq olib qochmang...”

“Aravani quruq olib qochmang...”


Kecha Inson huquqlari boʻyicha Samarqand xalqaro veb-forumi oʻz ishini boshladi.

Uning ochilishi BMT tomonidan Xalqaro yoshlar kuni deb eʼlon qilingan muhim sanaga toʻgʻri kelganida ham oʻziga xos ramziy maʼno bor.

“Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan “Samarqand yoshlar forumi: global miqyosdagi birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini, tinchlik va taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida navqiron avlod tomonidan qoʻyilgan muhim” sarlavhali material mazkur nufuzli anjuman tafsilotlariga bagʻishlangan. Maqolada taʼkidlanishicha, koronavirus pandemiyasi tufayli Samarqand forumi ilk bor yoshlarga mos zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllagan holda, onlayn tarzda oʻtkazilyapti. Shuningdek, materialdan forumning ahamiyati haqida xalqaro va mahalliy ekspertlarning fikr-mulohazalari ham oʻrin olgan...

... Maʼlumki, umumtaʼlim maktablarida kimyo va biologiya fanlarini oʻqitish sifati bugungi davr talablariga javob bermayotir, oʻqitish metodologiyasi va laboratoriyalar maʼnan eskirgan, oʻqituvchilarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish mexanizmlari joriy qilinmagan. Prezidentimizning “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mavjud kamchiliklarni bartaraf etish borasida muhim qadam boʻldi.

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan “Fanlarni oʻqitish samaradorligini oshirish — asosiy maqsad” sarlavhali materialda soha mutasaddilarining bu boradagi munosabatlari berilgan. Ularda qayd etilishicha, qaror ijrosi doirasida maktablarda asosiy oʻquv rejasidan tashqari, kimyo va biologiyaga qiziqqan yigit-qizlar bitta sinfga jamlanib, ularga ushbu fanlarni koʻproq oʻqitishga maktablarga imkoniyat beriladi. Ikkinchisi, maktablarda kimyo-biologiya fanlarini oʻqitish dasturi koʻrib chiqiladi...

“Tarozining ham ikki tomoni bor, bir tomoniga oʻz manfaatingiz uchun ogʻirroq tosh qoʻysangiz, muvozanat buziladi. Dastlab kimgadir, soʻngra butun jamiyatga ziyon yetadi. Shu tariqa adolatsizlik yuzaga keladi. Jamiyat tarozining ogʻir tomoniga qarab ogʻib ketishi ham mumkin. Ana keyin haqiqiy falokat, jamiyatni “xaos”ga yetaklaydi...”

“XXI asr” gazetasida berilgan “Aravani quruq olib qochmang...” sarlavhali maqola ana shunday mulohazalar bilan boshlangan. Material muallifi — Nuriddin Murodovning yozishicha, keyingi paytlarda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda hayotdan nolish, qaysiki islohotga qoʻl urilmasin, hali oʻsha xayrli ishlar boshlanmasidanoq, ishonchsizlik bildirish, hech bir fuqarolik masʼuliyatini his qilmay turib, masalani chuqur anglamay, mohiyatiga yetmasdan osongina qoʻl siltash holatlari bolalab ketyapti...

"... Dehqonlarimiz shu kunlarning har bir soniyasini qadrlab, gʻoʻza parvarishini sinchkovlik bilan olib bormoqdalar, — deyiladi “Qishloq hayoti” gazetasida bosilgan “Avgust — gʻoʻza parvarishida muhim oy” nomli maqolada. — Ular hosilni koʻpaytirish va uni saqlab qolish ayni palladagi gʻoʻza qator oralariga beriladigan ishlov sifatli bajarilishiga bogʻliqligini yaxshi bilishadi. Mana shu tadbirlardan biri paykaldagi tuproq namligini bir maromida saqlab turishdir. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, gʻoʻzani chanqatish yoki unga keragidan ortiq suv berish ham zarardir. Yana bir gap, gʻoʻzani koʻproq tunda sugʻorish lozim. Shundan suvning foydasi oshishi, hosil tugunchalari toʻkilishi kamayadi..."

* * *

Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.


1 726
OʻzA