AQSHda Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani ingliz tilida nashr etildi
2019-yil 27-dekabrda Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasida ushbu kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Avval xabar qilinganidek, yaqinda tavalludining 125-yilligi yurtimizda va xalqaro miqyosda keng nishonlangan buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani ilk bor bevosita oʻzbek tilidan ingliz tiliga tarjima qilindi va Amerika Qoʻshma Shtatlarida “Bygone days” nomi ostida kitob holida chop etildi.
2019-yil 27-dekabrda Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasida ushbu kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi. Yangi kitobning ilk nusxalari AQSHdagi davlat tashkilotlari, yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ushbu mamlakatda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillariga tarqatildi.
U AQSHning eng yirik kutubxonasi – Kongress kutubxonasi katalogiga kiritildi. Shuningdek, ushbu asar e-book shaklida ham chop etilgan.
Mashhur asar tarjimasi amerikalik taniqli tarjimon va tadqiqotchi Mark Edvard Riz tomonidan amalga oshirilgan.
Mark Edvard Riz 1969-yilda AQSHning Arizona shtatida tugʻilgan. Jorj Vashington nomidagi universitetni “Ural, Kavkaz va Markaziy Osiyo xalqlari adabiyoti” mutaxassisligi boʻyicha tamomlagan. 1994-1996 yillarda “Tinchlik korpusi”ning koʻngilli vakili sifatida Oʻzbekistonda ishlab, Qoʻqon shahridagi oʻrta maktabda ingliz tili fanidan saboq bergan. Shuningdek, AQSH Davlat departamenti hamkorlik dasturining Oʻzbekiston boʻyicha direktori boʻlib ishlagan.
Mark Riz 2017-yilda poytaxtimizning Samarqand darvoza mahallasidagi Abdulla Qodiriy yashab ijod etgan xonadonda boʻlib, adib ijodiy merosini chuqur oʻrgangan.
Tarjimon ushbu koʻlamdor romanni oʻzbek tiliga oʻgirish uchun 15 yildan ortiq vaqt sarflagan va 660 betdan iborat asar amerikalik oʻquvchilarga tushunarli boʻlishi uchun unga 400 dan ortiq tushuncha va izohlar yozgan.
Ayni paytda roman oʻquvchilar tomonidan aniqlanadigan “Besh yulduzli” reytingda yuqori bahoga sazovor boʻlmoqda.
Mark Riz Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodi, uning zamoni va zamondoshlari, “Oʻtkan kunlar” romanidagi siymolar haqida maʼlumotlar beruvchi theuzbekmodernist.com veb-saytini ham yaratgan.
Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga “Bygone days” kitobi va Mark Edvard Rizdan maktub keldi. Quyida ushbu maktub matni eʼlon qilinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari!
Sizga 1994-1996 yillarda Tinchlik korpusining koʻngilli xodimi sifatida Oʻzbekistonda, Qoʻqonda oʻz xizmat faoliyatimni boshlaganimdan soʻng yigirma besh yil oʻtib xat yoʻllash men uchun katta sharafdir. Oddiy oʻzbek maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlagan davrim mening hayotimni beqiyos darajada boyitgan sayohatning muqaddimasi boʻldi va Sizga yoʻllanayotgan ushbu maktub ana shu sayohatning avj nuqtasidir.
Haqiqatan ham shunday, men ayni paytda ingliz tiliga tarjima qilib tugatgan Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani Markaziy Osiyo va jahon adabiyotida oʻxshashi yoʻq asardir.
Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodini oʻrganish men uchun shunchaki oʻquv mashgʻuloti vazifasini oʻtagani yoʻq. Asar tarjimasi mendan katta kuch talab etganining boisi shundaki, adib romanga shunchaki “personajlar”ni emas, balki mening hayotiy qarashlarimni shakllantirgan qissani jo etgan.
Asardagi Otabek, Kumush yoki men yaxshi koʻradigan Hasanali kabi adabiy personajlar nomigagina tahlil qilib oʻtiladigan mavhum, toʻqima obrazlar emas. Ushbu mashhur obrazlar timsolida men butun professional faoliyatim davomida Toshkent, Qoʻqon hamda Vashingtonda yashab, birga ishlagan insonlar qiyofasini koʻraman.
Shu tariqa men oʻn besh yil mobaynidagi ish jarayonida nafaqat adib tiliga xos nozik jihatlarni, balki 1938-yilda uning qatagʻonga uchrashi va oʻlimiga sabab boʻlgan, asarlariga jo etilgan chinakam milliy ruhni ilgʻashga muvaffaq boʻldim.
1994-yilda oʻzbeklar, garchi ular uchun bundan hech qanday naf boʻlmasa-da, meni oʻz xonadonlarida koʻp bor mehmon qilishdi. Xuddi oʻz yaqinlaridek koʻrib, Qoʻqondagi Jomeʼ masjidida birgalikda ibodatga ham olib borishdi. Ularning milliy romanini ingliz tiliga tarjima qilish orqali men ham bu insonlarga ana shunday munosib hurmat-ehtirom koʻrsatishga burchliman.
Har qanday katta ish singari roman tarjimasi ham ulkan shaxsiy safarbarlikni talab etdi. Mening umidim va ishonchim shundaki, qachondir oʻgʻlim bu kitobni qoʻliga olar ekan, uning otasi yer yuzida shunchaki umrguzaronlik qilmagani, balki nedir qimmatli bir ishni ado etib ketganini anglaydi. Siz ham ota sifatida ayni shunday hissiyotni his qilasiz, deb ishonaman.
Oʻtgan haftada mamlakatingiz elchisi Javlon Vahobov va Oʻzbekiston elchixonasi xodimlari tomonidan kamtarona xizmatimning yuksak darajada eʼtirof etilishi mehnat faoliyatimdagi ajoyib lahzalar boʻlib qolishini alohida taʼkidlab oʻtishni istardim.
Vashington shahridan kelgan yuzdan ziyod mehmonlar ishtirokida ushbu kitobimning taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi. Biz elchi bilan birgalikda Oʻzbekiston haqida, ayniqsa, uning adabiy manzarasi haqida koʻproq bilishni istagan mehmonlarga mamlakatingizni tanishtirdik. Men oʻz nutqimda Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi munosabatlar atigi ikki yil davomida yuqori darajada oldinga siljiganini alohida taʼkidladim. Ushbu islohotlar Abdulla Qodiriyning hayoti bardavomligi va uning orzu-oʻylari roʻyobga chiqayotganidan dalolat ekanini ishonch bilan aytib oʻtdim. Ana shu marosimdan keyin minglab odamlar ijtimoiy tarmoqlarda ijobiy fikrlar bildirishdi, taqdimotda ishtirok etganlar oʻzbek adabiyoti haqida yanada koʻproq bilish uchun men bilan bogʻlanishdi.
Shu narsa ayonki, sizlar barchangiz bugungi dunyomiz uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan muhim hayotiy ishda ishtirok etmoqdasiz va men ishonaman, Oʻzbekiston Respublikasi ushbu saʼy-harakatlarni kuchaytirish, ayniqsa, kelgusida Abdulla Qodiriyning boshqa asarlarini ham tarjima qilish, oʻzbek tili tarjimonlarini tayyorlash, Oʻzbekistonning maqsadlarini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladigan strategik loyihalarda bajonidil yordam koʻrsatadi.
Sizning nomingizga xat yozish men uchun katta sharaf boʻlgani uchun soʻzimning nihoyasida aytmoqchiman: Rahmat. Siz namoyon etayotgan xarakter va yetakchilik salohiyatidan men hayratdaman.
Men Oʻzbekistonni yaxshi bilaman, rafiqam toshkentlik va oʻzimni bu yurtda sayyoh deb hisoblamayman. Sizning yaqinda Qoʻqon va Margʻilonga tashrif buyurganingiz, Abdulla Qodiriy muzeyini tashkil etganingiz, Sizning oʻz islohotlaringizga uygʻun ravishda “Oʻtkan kunlar” romanini eslab aytgan fikrlaringiz mening qalbimda chuqur aks-sado berdi. Bu menga islohotlarning hozirgi bosqichi – Abdulla Qodiriy ijodiga boʻlgan ehtiromning eng yaxshi davri ekanini anglab yetish imkonini berdi. Men qatʼiy ishonaman, bu mening ikkinchi Vatanim bilan bogʻlangan ishimning yangi yigirma besh yillik bobining boshlanishi boʻladi.
Hurmat bilan,
Mark Edvard Riz
2019-yil 27-dekabr