O‘zA O`zbek

13.01.2018 16:22 Chop etish versiyasi

AQSh elchisi: Mirziyoyev shu qadar tez va talabchanki, u bilan yonma-yon ketish qiyin

AQSh elchisi: Mirziyoyev shu qadar tez va talabchanki, u bilan yonma-yon ketish qiyin Ayni paytda xalqaro ekspertlar, siyosatshunoslar, tahlilchilar, dunyo OAVlari O‘zbekistonda kechayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatib, olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho bermoqda.

Yaqinda O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda shiddat olgan islohotlarning mazmuni va ko‘lami borasidagi savollar bilan “Amerika ovozi” teleradiosi muxbiri AQShning O‘zbekistonda favqulotda va muxtor elchisi Pamela Spratlen bilan suhbat qurdi.

Quyida suhbatning matnli hamda video shakli bilan tanishasiz. 

Navbahor Imamova: 
– Elchi Spratlen xonim, sizni Vashingtonda ko‘rib turganimizdan, studiyamizga kelganingizdan juda xursandmiz.

Elchi Pamela Spratlen:
– Navbahor, sizni ko‘rib men ham xursandman. Yangi yil bilan!

Navbahor Imamova:
– Siz Markaziy Osiyoda va region bilan uzoq vaqtdan beri ishlab kelasiz. Tarixiy jarayonlarga guvoh bo‘lgansiz.

Elchi Pamela Spratlen:
– Shunday.

Navbahor Imamova:
– Bugungi O‘zbekiston haqida qanday fikrdasiz? Hozirgi aloqalarni qanday ta’riflaysiz? Eng muhimi, har ikki davlatda ham rahbarlar o‘zgarishidan oldingi ahvol bilan hozirgi sharoit qanchalik farqli?

Elchi Pamela Spratlen:
– Juda dolzarb savollar. O‘zbekistonda ish boshlaganimga bu oy uch yil bo‘ladi. 2015 yilning 27 yanvarida Prezident Karimovga ishonch yorlig‘i topshirganman. O‘sha davr bilan taqqoslasam, hozirgi vaziyat juda boshqacha. Eng katta farq — hozirgi O‘zbekiston g‘ayratga to‘la. O‘zgarish uchun xohish kuchli. O‘zbekistonning dunyodagi o‘rnini tiklash va uni qanday rivojlantirish haqida samimiy va ochiq muhokama ketmoqda. Juda hayajonli, quvonchli davr. O‘zbekistondan oldin Qirg‘izistonda elchilik qilganman, undan oldin Qozog‘istonda elchi o‘rinbosari bo‘lganman.

Prezident Mirziyoyev lider sifatida ko‘plab mintaqaviy masalalar yechimi tomon jonbozlik qilmoqda. Muvaqqat prezident sifatida 2016 yilning sentabrida qilgan nutqida yangicha qo‘shnichilik siyosati haqida gapirib, O‘zbekiston yonidagi davlatlar bilan aloqani mustahkamlaydi, degan.

Bu jarayon tezlikda avj olib, prezident Turkmanistonga bordi, keyin esa Qozog‘istonga va boshqa davlatlarga. Bosh vazir hozir Tojikistonga bormoqchi... Bu Markaziy Osiyo bilan ishlab kelayotgan tomonlar uchun juda quvonchli. Mintaqa katta potensialga ega deb kelganmiz va mana endi buni mintaqaning o‘zi isbotlashga harakat qilmoqda. Hamma umidga to‘la.

Markaziy Osiyo qo‘shni Afg‘oniston bilan ham hamkorlikni rivojlantirishni boshlagan. O‘zbekiston va Afg‘oniston aloqalarida o‘zgarishlar katta. Prezident G‘ani o‘tgan oy O‘zbekistonda juda yaxshi kutib olindi. Men o‘zim Prezidentlarning ziyofatida qatnashish sharafiga muyassar bo‘ldim. Ajoyib rishtalar. Prezident G‘ani Buxoroga ham borib, faxriy daraja oldi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri ayni damda afg‘on delegatsiyasi bilan muzokarada.

O‘zbekiston, Markaziy Osiyo bo‘ylab, qolaversa Afg‘oniston bilan avj olayotgan jarayonlarga qarasangiz, 2015 yildagi vaziyatdan yer va osmoncha farqni ko‘rayapman.

Navbahor Imamova:

– AQSh hamisha Markaziy Osiyoda integratsiyani targ‘ib qilib kelgan, o‘tgan uch prezidentlikda shuni ko‘rdik. O‘zbekiston hukumati odatda qarshi tomon, to‘siq sifatida qaralar edi. To‘g‘rimi?

Elchi Pamela Spratlen:
– Ko‘p hollarda, ha, to‘g‘ri.

Navbahor Imamova:
– Hozir esa Prezident Mirziyoyev integratsiyaga yetakchilik qilishga urinayotgandek.

Elchi Pamela Spratlen:
– Shunday, yetakchilik qilayapti ham, nazarimda.

Navbahor Imamova:
– Gap faqat shundami yoki u AQShning boshqa g‘oya va tashabbuslariga ham ochiqmi?

Elchi Pamela Spratlen:
– Prezident Mirziyoyev juda ochiq odam, nazarimda. Rahbarlikka kelishi bilanoq bu ko‘zimga tashlandi. Odamlar bilan yaqindan ochiq muloqot qilishni xohlaydi, sizni qunt bilan tinglaydi. Gaplashayotganda siz tomon egiladi. Prezident Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi Liza Kurtis bilan uchrashganida ham shunday muloqot qildi.

Barcha uchrashuvlarda shuni ko‘raman. Davlat kotibi o‘rinbosari Tomas Shennon ham 2016 yil kelganida juda ochiq gaplashdi. G‘oyalarni olqishlaydi. AQShdan, Yevropadan, Janubiy Koreyadan... Bu juda yaxshi, nazarimda. Ko‘p jihatdan tashqi dunyoga yopiq turgan davlatning hammaga ochiq ekanini ko‘rsatmoqda.

Endi bu real ma’noda nimani anglatadi, buni vaqt ko‘rsatadi, lekin "biz hamma bilan ishlashga shaymiz" deb turishning o‘zi ham katta o‘zgarish.

Navbahor Imamova:
– Mirziyoyevni yaqindan birga ishlash mumkin bo‘lgan rahbar sifatida ko‘rasizmi?

Elchi Pamela Spratlen:
– U bilan ochiq gaplashsa bo‘ladi, deb o‘ylaymiz. Davlatini yangicha yo‘ldan olib borishga tayyor rahbar deb hisoblaymiz. Bu degani Mirziyoyev bilan yaqindan ishlay olamiz.

Navbahor Imamova:
– Mirziyoyev Vashingtonga tashrif buyurish harakatida.

Elchi Pamela Spratlen:
– Shunday katta umid bor va har qanday elchi davlatlarning rahbarlari uchrashishini xohlaydi. Eng oliy darajadagi uchrashuv bo‘lsa, men elchi sifatida jon deyman. O‘tgan oyda Prezidentlar telefonda gaplashdi. Samarali muloqot, ijobiy. Keyingi qadamlar ustida harakat ketmoqda. Vashingtonga tashrif, albatta, eng ajoyib voqea bo‘ladi.

Navbahor Imamova:
– Mirziyoyev sizni hayron qoldiradimi? Chunki, bilasiz, u sistemadan chiqqan. Kamdan-kam odam u hozirgidek rahbar bo‘la oladi deb o‘ylagan.

Elchi Pamela Spratlen:
– Shak-shubhasiz. U nafaqat meni, balki hammani ajablantirdi. Uning rahbarlikka tanlanishi juda qiziq, ehtiyotkorona va pishiq, chuqur mulohazali bir qaror bo‘ldi. Xalqaro hamjamiyatda hech kim Prezident Karimov o‘rniga shu odam keladi deb kutmagan edi. Meni, shaxsan, Mirziyoyev juda ko‘p jihatdan hayron qoldirgan va qoldiradi.

Birinchidan, uning temperamenti, boya aytganimdek. U odamlar bilan ishlashni xohlaydi, hamjihatlik tarafdori. Ikkinchidan, va bu O‘zbekiston xalqi uchun juda muhim: Mirziyoyev rahbarlikka kelganidan beri davlat va xalqni yaqinlashtirish harakatida. Xalq manfaatlarini o‘ylang, u bilan muloqot qiling, deb kelmoqda. Bunday yondashuvni odamlar, nazarimda, kutmagan edi.

Oqsashlar bo‘ldi albatta, lekin ayrim ishlari samara bera boshladi. Gapirayotganida bir narsa oydek ravshan: u hukumat zolim kuch bo‘lishini xohlamaydi, aksincha, hukumat xalqqa xizmat qilsin, deydi. Bunga erishish esa juda qiyin. Mashaqqatli yo‘l oldinda, lekin Mirziyoyevning xalqqa xizmat qilishga bel bog‘lagani men uchun kutilmagan hol.

Ikkinchi ajablanarli hol, hukumat apparatini yangilash harakati. Oldinlari eski davr odamlari ko‘p edi. Ularning ayrimlari hali ham bor. Lekin ular orasida juda iqtidorli odamlar ham bor — ko‘p narsani biladi va foydasi katta. Yangi shaxslar ham serob. Hukumatning chet elda o‘qiganlarga keng ochilayotgani ham katta o‘zgarish.

Yoshlarga e’tibor katta. Xorijda ishlayotganlarga salbiy emas, ijobiy ruhda qarashayotgani tahsinga sazovor. Siz, masalan, bu haqda ko‘p gapirib kelasiz, "Tvitter" va boshqa joylarda. Bu juda muhim. Bozor iqtisodiyoti ham siljiy boshladi. Oldinda qilinadigan ishlar talay. Biroq Prezidentning bu borada BMTda va boshqa minbarlardan turib gapirishi, yangi yo‘nalishga o‘tish, o‘tgan sentabrda Nyu-Yorkda AQSh biznes doiralariga bu borada ochiq aytishi keng olqishlandi. Endi biz kutayapmiz, bu qarorlar amalga oshishini.

Har kuni xushxabar. Oldinlari O‘zbekistonga shoshmay, choy ichib, astalik bilan harakat qiladigan xalq va hukumat deb qarashar edi. Hozir ham ko‘p jihatdan mana shu madaniyat joyida. Lekin bugungi signal shuki, O‘zbekiston oldinga shahdam qadam tashlashga shay.

Prezident Mirziyoyev, nazarimda, orqada qolmoqchi emas; dadillik va epchillik bilan ko‘proq bizneslarni jalb etmoqchi; mamlakatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya oqimi oshsin, deya urinmoqda. Bu juda qiyin, lekin o‘tgan yili sentyabrda konvertatsiyani ochgani u bu mashaqqatni yengishga bel bog‘laganidan darak. Shunday ekan, yana ko‘plab xushxabarlar kutib qolamiz.

Navbahor Imamova:
– Mirziyoyev nimaga qodirligini isbotlashi uchun muhlat bormi, sizningcha? Gaplari odamlarga kuch berayotgani aniq. Retorik jihatdan xalqqa yoqayapti. Lekin Mirziyoyevning bir o‘zigina asosiy kuchdek ko‘rinmayaptimi? O‘zgarish ortida uning bir o‘zimasmi? O‘zgarishlar sistematik emas, keng ko‘lamli emas, deganlar ko‘p.

Elchi Pamela Spratlen:
– Bunga e’tibor berayapmiz va kuzatayapmiz. Hozirgacha o‘zgarishlar ortida uning o‘zi turibdi, bunga shubha yo‘q. Mirziyoyev shu qadar tez va talabchanki, u bilan yonma-yon ketish qiyin. Uning tashabbuslarini quvvatlovchilar haqiqatda qancha? Uning kelajak haqidagi gaplarini qanchalik tushunishmoqda? Mirziyoyevda tezlik kuchli. Shunday ekan, muhlat haqida gapirish menga qiyin.

Navbahor Imamova:
– Prezident kuchli bosim ostida.

Elchi Pamela Spratlen:
– To‘g‘ri, bosim kuchli. O‘zgarish qilish kerak. Bu imkoniyat aslida. Imkoniyatlardan foydalanib qolish kerak, chunki ularning muddati bor. Aholining toqati qanchalik? Buni bilmayman. Prezidentga qarab, u o‘ziga muhlat bergani aniq, deysiz. Ayrimlar fikricha, 2-3 yil. Qani, ko‘ramiz. Ammo, xulosangizga qo‘shilaman, Prezident nimaga qodirligini isbotlashi kerak degan bosim bor. Buni u o‘ziga o‘zi berayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Navbahor Imamova:
–Bu aniq. Har safar gapirganida umid darajasi yanada oshayapti. Ularni oqlash oson bo‘lmaydi. Bu ulkan sinov.

Elchi Pamela Spratlen:
– To‘g‘ri, shunday.

Navbahor Imamova:
– O‘zbekiston hukumati AQShdan qanday yordam so‘rayapti? Islohotlar bobida ko‘mak so‘rayaptimi? AQSh haqida gap ketsa, "sarmoya" umidi haqida ko‘p eshitamiz.

Elchi Pamela Spratlen:

– Muayyan narsalar bor lekin umuman olganda, hukumat O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni tan olishimizni xohlaydi. Prezident Mirziyoyev boshqarayotgan O‘zbekiston oldingi O‘zbekiston emas – u shuni tan olishimizni istaydi.

Navbahor Imamova:
– Mirziyoyev AQShdan unga islohotchi sifatida qarashini xohlaydimi?

Elchi Pamela Spratlen:
– Shubhasiz... Nafaqat men balki Amerika siyosiy doiralari unga islohotchi deb qarashini istaydi. U ko‘tarayotgan masalalar, nutqlarida ahamiyat qaratayotgan mavzular - misli ko‘rilmagan chiqishlar. Uning to‘rt soatlik murojaatida men yo‘q edim, lekin Konstitutsiya kunidagi nutqini tinglashga bordim. Qiynoqlarga qarshi gapirdi. Bu tarixiy o‘zgarish. Bu islohot. Qora ro‘yxatlar bekor qilinishi, odamlar undan chiqarilishi — islohot.

Mirziyoyev u qilayotgan ishlar to‘g‘ri baholanishini istaydi. U boshlayotgan islohotlar tan olinib, quvvatlanishini istaydi. U biladiki, O‘zbekiston uzoq davr salbiy baholangan. Xalq hukumatdan uzoq edi, shuni o‘zgartirmoqchi. U islohotchi sifatida maydonga chiqmoqda.

Prezident Mirziyoyev AQShning iqtisodiy jihatdan faol bo‘lishini xohlaydi, ayniqsa, savdo bobida. Bizning gapimiz shuki, O‘zbekistonda sharoit yaxshilangan sari sarmoyachilar ham ko‘payaveradi. Bizneslarimiz o‘zi boradi.

O‘zbekiston buning uchun nima qilishi kerakligi muhokamada. Bizning investorlarimizni qanday jalb qilishi mumkin? Shu haqda gaplashayapmiz. Amerika-O‘zbekiston Tijorat Palatasining Nyu-Yorkdagi yig‘inida, o‘tgan sentyabrda, qiziqish katta ekani sezildi. Mana shu qiziqish endi amalda qanday aks etadi? Shuning ustida ishlash kerak.

Ko‘p narsa O‘zbekistonga bog‘liq. Valyuta borasida qilinadigan ishlar ko‘p. Qonun ustuvorligini ta’minlash masalasida ham muammolar talay. Mamlakatdagi mehnat kuchi yuzasidan ham savollar ko‘p. Sarmoyachilar talabiga javob bera oladigan mehnat kuchi bormi? Hajmi va uquvi qanday?

Prezident to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kelishini istaydi. Biz bilan yaqin iqtisodiy hamkor bo‘lishni xohlaydi.

Bundan tashqari u mintaqa xavfsizligi borasida ham yetakchi rol o‘ynamoqchi. O‘zbekistonning Afg‘oniston yuzasigan hamkorlik qilib kelayotganini qadrlaymiz. Yangi strategiya e’lon qilindi. Mirziyoyev uni quvvatlamoqda. U xalqaro hamjamiyat bilan yaqin bo‘lmoqchi, AQSh bilan o‘zaro manfaatlar yo‘lida birga ishlab, hamkorlik qilmoqchi. Bizning ishimiz — mana shu manfaatlarni aniqlab, bosh qotirish va samarali qadamlar tashlash.

Navbahor Imamova:
– Vashington uchun siz Toshkentdagi eng ishonchli odamsiz. Poytaxtingizga kelib, siyosiy doiralar bilan gaplashganingizda, Tramp ma’muriyati bilan muloqot qilganingizda, nimalar deyishayapti, qanday masalalarni ko‘tarishmoqda? Tramp ma’muriyati uchun O‘zbekiston bilan aloqada nima eng muhimi? Biz yangi strategiya (Milliy Xavfsizlik Strategiyasi) matnini o‘qidik. Markaziy Osiyo muhim mintaqa deya tilga olingan, lekin prioritet emas. Pokiston bilan aloqalar sovuqlashar ekan, AQShda Markaziy Osiyoga qiziqish oshadi, chunki Afg‘onistonga kiradigan yo‘llar bor.

Elchi Pamela Spratlen:
–  Har bir masalaning o‘z murakkab jihatlari bor, albatta. Janubiy va Markaziy Osiyoga nisbatan strategiyada Markaziy Osiyo juda muhim. Markaziy qo‘mondonlik boshlig‘i General Votel, Oq uy rasmiysi Liza Kurtis O‘zbekistonga tashrif buyurib, Tramp ma’muriyati uchun O‘zbekiston qanchalik muhim ekanini qayd etdi. Markaziy Osiyo biz uchun juda muhim region. Uning ahamiyati pasaymagan.

Mamlakatlar bilan alohida hamkorlik ham bor. Vashingtondagi uchrashuvlarimda O‘zbekistonga qiziqish juda yuqori...

Navbahor Imamova:
– Gap faqat Afg‘onistonda emas, demak?

Elchi Pamela Spratlen:
– Faqat Afg‘onistonda emas. Keng muhokama. Odamlar O‘zbekistondagi jarayonlarni tushungisi keladi. Nima bo‘layapti, ahamiyati nimada, deb so‘rashadi. Farq qanday? O‘zgarish nimada? Boya aytganingizdek, o‘zgarishlar ortida kim turibdi? Prezidentni kim quvvatlamoqda? Shular qiziq.

Navbahor Imamova:
– Mirziyoyevning atrofidagi odamlarni qanday baholaysiz? Komandasi qanchalik kuchli? Toshkentdan eshitamizki, asosan eski odamlar...

Elchi Pamela Spratlen:
– An’anaviy komanda va unda eski davrdan qolganlar bo‘lsa-da, muhim odamlar bor. Ularning borligidan minnatdormiz. Tashqi ishlar vaziri, masalan. O‘zbekistonning qo‘shnilari va Afg‘oniston bilan bugungi ochiq va do‘stona siyosatda uning xizmati katta.

Navbahor Imamova:
– Abdulaziz Komilovni anchadan beri bilasiz.

Elchi Pamela Spratlen:
– Shunday. Tajriba va malakaning ahamiyati katta. Shu bilan birga yangi ovozlar va chehralar ham bor. Sarmoya qo‘mitasida, xususan, yosh raisni ko‘rasiz. Sobiq mehnat vaziri hozir turizm sohasini boshqarmoqda. Yangi odamlar ko‘p. Ularning g‘oyalari quvvatlanishi muhim. Senator Sodiq Safoyevdek maslahatchilar bor, ularning yordami ham muhim. Lekin, bizga ham qiziq: xo‘sh, bu komanda qanchalik katta va Prezident kimlarga tayanmoqda? Quvvatlov qanchalik ishonchli? Prezident berayotgan va’dalar amalga oshishi uchun u atrofidagilarga suyana olishi kerak.

O‘zbekistonga qaytish arafasidaman. O‘zgarishlar to‘xtamaydigan ko‘rinadi va ular davom etishi uchun O‘zbekiston xalqiga va rahbariyatiga kuch va matonat tilayman. Biz O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishni xohlaymiz, bu aniq.

Navbahor Imamova:
– Oxirgi savolim Amerikadagi o‘zbeklar haqida.

Elchi Pamela Spratlen:
– Ha...

Navbahor Imamova:
– Nyu-Yorkda o‘tgan oktyabr oyida yuz bergan terror xurujida o‘zbekistonlik ayblanayotgani rishtalarga biror jihatdan salbiy ta’sir qildimi? AQShdagi o‘zbeklar Prezident Trampning gaplarini eshitib, xavotirga tushgan.

Elchi Pamela Spratlen:
– AQShda biror joyda terror xuruji bo‘lsa, munosabat bildiriladi, javob beriladi. Sakkiz odam o‘ldi, axir. Og‘ir fojia. Bu voqea ortidagi odam O‘zbekiston fuqarosi ekani afsuslanarli hol.

Qo‘shma Shtatlarda immigratsiya masalasi dolzarb bo‘lib turgan paytda yuz bergani uchun ham bu ishga e’tibor kuchli. Bu shaxs AQShga qonunan kelgan.

Xavfsizlik, albatta, qaltis masala. Biz grin karta dasturini o‘rganib chiqib, shuni aniqlaganmizki, bu yo‘l bilan kelayotganlarning aksariyati Amerikada yangi hayot qurish bilan band va to‘g‘ri yo‘lda.

Immigratsiya bo‘yicha debatlar qanday qarorlarga yetaklaydi, buni oldindan ayta olmaymiz. Kuzatamiz, ogohmiz. O‘zbekiston hozirgacha biror cheklov yoki alohida chora bilan yuzlashadi, degan gap yo‘q. Terror xurujlarining ta’siri kuchli har doim, lekin O‘zbekistonga nisbatan salbiy qarashni sezmayapman. Bu voqeadan keyin Liza Kurtis (Oq uy rasmiysi) O‘zbekistonga kelib ketdi. Kongressdan sakkiz kishilik delegatsiya kelib ketdi. Prezident Mirziyoyev va Prezident Tramp telefonda gaplashdi. Bitta voqea bilan aloqalar izdan chiqmaydi.

Navbahor Imamova:
– U yerdagi o‘zgarishlarni ham, bu yerdagi o‘zgarishlarni ham kuzatishda davom etamiz.

Elchi Pamela Spratlen:
– Albatta. Kuzatamiz. O‘zbekiston bilan aloqalarimiz, ikki tomonlama rishtalarni mustahkamlashda davom etamiz. AQSh O‘zbekiston suvereniteti, mustaqilligini quvvatlab, uning taraqqiyotida hissa qo‘shaveradi.

Yaqinda AQSh Savdo boshqarmasi vakili O‘zbekistonda bo‘ldi. Respublikaning Jahon Savdo Tashkilotiga kirish harakatini quvvatlaymiz. BMT vakillari mamlakatga borib kelayotgani, bizning nazarimizda, juda muhim o‘zgarishlar va muloqotlar. Diniy erkinlik bo‘yicha janob Shahid, inson huquqlari bo‘yicha bosh rasmiy Ziyod borganidan xursandmiz. Bu O‘zbekiston yangi yo‘lga tushganidan dalolat.

2018-yil Prezident Mirziyoyev va uning butun komandasi uchun, O‘zbekiston xalqi uchun ajoyib davr bo‘lsin. Kelajak porloq bo‘lsin.

Navbahor Imamova:
– O‘zbekiston hukumati 2018-yildan juda ko‘p narsa kutmoqda, ulkan umidlar, ayniqsa AQSh bilan hamkorlikdan.

Elchi Pamela Spratlen:
–  Ular ro‘yobga chiqishi uchun mamlakatda ko‘proq o‘zgarishlar bo‘lishi kerak. Jarayonlar bir-biriga bog‘liq.

Navbahor Imamova:
– Shunday. Suhbatingizdan minnatdormiz, elchi xonim.

Elchi Pamela Spratlen:
–  Siz bilan ham gaplashib, juda xursandman. Navbahor, bir narsani qayd etmoqchiman, "Amerika Ovozi" juda muhim rol o‘ynaydi. Sizni "Twitter" orqali kuzataman. Sizning ta’sir maydoningiz keng, nafaqat O‘zbekiston ahlini boxabar qilishda, balki dunyo bo‘ylab o‘zbek tilida gaplashadigan odamlar xizmatidasiz. Sizning ta’siringiz siyosatni belgilovchilar doirasida ham seziladi. Ishingizga baraka tilayman. Ishingizni hurmat qilaman. Shunday davom eting. 2018-yil va undan keyingi davrda ham sizga muvaffaqiyat tilab qolaman.

Navbahor Imamova:

– Katta rahmat!

Elchi Pamela Spratlen:
– Omon bo‘ling!

45 007