O‘zA O`zbek

13.11.2019 Chop etish versiyasi

Aqlli tibbiyot – barcha uchun

Aqlli tibbiyot – barcha uchun

Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida “Aholining tibbiy madaniyatini oshirish – davr talabi” mavzusida saylovoldi targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston “Adolat” cotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, deputatlar, tumandagi tibbiyot muassasalari xodimlari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Partiya tomonidan “Salomatlik yo‘lida birlashaylik”, “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur”, “Sog‘lom turmush tarzi yo‘lida birlashaylik”, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat – porloq kelajak” kabi loyihalar doirasida joylarda aholining tibbiy madaniyatini oshirish, erta turmush va yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohlarning oldini olish, aholi, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, joylardagi tizimga oid mavjud muammolarni hal etishda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator tadbirlar, aholi duch kelayotgan to‘siqlarni o‘rganish maqsadida hududlar kesimida muntazam ravishda mitinglar va saylovchilar bilan muloqotlar uyushtirilmoqda.

Bo‘ka tumani markaziy xiyobonida o‘tkazilgan navbatdagi ana shunday tadbir o‘ziga xos miting shaklida tashkil etildi. Tadbir avvalida maydonga yig‘ilgan ishtirokchilar uchun ko‘rgazmali qo‘l jangi namoyish etilib, partiya tomonidan qiziqarli aksiyalar tashkil etildi.

Ayniqsa, san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan partiya g‘oya va maqsadlarini aholi ongiga singdirish maqsadida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni turli yot g‘oyalar, giyohvandlik, ichkilikbozlik kabi illatlardan asrash, yoshlarda ijtimoiy-siyosiy islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish ruhidagi konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbirda partiyaning yangi Saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor maqsadlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Muhokamalar davomida ishtirokchilar tomonidan dasturda sog‘liqni saqlash masalalariga yanada kengroq joy ajratish, bunda ayniqsa aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, “Aqlli tibbiyot” tizimini shakllantirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi taklif etildi. 

Mitingda “Aqlli tibbiyot – barcha uchun” shiorini hayotga to‘liq tatbiq etish g‘oyasi ilgari surildi. Sog‘liqni saqlash tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, pulli xizmatlar chegarasini aniq belgilash, tibbiyot xodimlari o‘rtasida korrupsion harakatlarni batamom yo‘qotish tashabbusi ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

568
Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA