O‘zA O`zbek

17.08.2018 17:09 Chop etish versiyasi

“Aqlli tartibga solish” modeli

“Aqlli tartibga solish” modeli
Bu yangi tamoyil xalqaro ekspertlarni befarq qoldirmadi

“Aqlli tartibga solish” modelining elementlari shundan iboratki, bunda mavjud norma xarajatlari fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari va jamiyat tomonidan taklif etilayotgan norma loyihasida nazarda tutilayotgan xarajatlarga teng yoki ortiq bo‘lganda bekor qilinadi. Ya’ni, hayotga tatbiq etishga qulay norma tanlanadi. Shu jihatdan ham bu jarayonga “aqlli” ta’rifini berish mumkin.

Mazkur model Prezident Shavkat Mirziyoyevning shu yil 8-avgustdagi «Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni asosida tatbiq etilmoqda.

Toshkentda tashkil etilgan “Norma ijodkorligi jarayonida ”aqlli tartibga solish“ modeli elementlarini joriy etishning dolzarb masalalari” mavzuidagi xalqaro davra suhbatida shu haqda so‘z yuritildi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda BMT Taraqqiyot dasturi, YEXHT, GIZ, “Mintaqaviy muloqot” kabi xalqaro tashkilotlar vakillari, Rossiya, Qozog‘iston, Sloveniya, Belgiya kabi davlatlardan ekspertlar ishtirok etdi.

Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari Nodir Jo‘rayev norma ijodkorligining samarali tashkil etilishi qonunlar sifati va ta’sirchanligi oshishiga xizmat qilishini qayd etdi.

YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori Jon Makgregor O‘zbekistonning jadal taraqqiyotida 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.

Prezident farmoni bilan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Bu jarayonda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga elektron ko‘rinishdagi viza qo‘yish amalga oshiriladi.

– Qonunchilik – har qanday davlatning huquqiy asosini tashkil etuvchi tizim, – dedi Sloveniya Respublikasi adliya vaziri Goran Klemenchich. – O‘zbekistonda bu soha takomillashtirilayotgani muhim ahamiyatga ega. Olti yil avval mamlakatingizda bo‘lgan edim. Bu safar yangilanishlarga guvoh bo‘ldim.

Davra suhbatida norma ijodkorligiga oid yangi konsepsiyadan kutilayotgan natijalar muhokama qilindi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
3 449