O‘zA O`zbek

19.09.2019 Chop etish versiyasi

Anqara Meri Mansur Yavash: “Buxoro bilan hamkorlik qilishga alohida eʼtibor qaratiladi“

Anqara Meri Mansur Yavash: “Buxoro bilan hamkorlik qilishga alohida eʼtibor qaratiladi“

Mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi poytaxti Anqara shahri Meri Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiya 18-19-sentyabr kunlari Buxoroda boʻldi.

Anqara shahri delegatsiyasini Buxoro viloyati hokimi Oʻktam Barnoyev qabul qilib, dunyoning koʻplab davlatlari qatorida Turkiya Respublikasi bilan oʻzaro manfaatli iqtisodiy va madaniy aloqalar mustahkamlanib borayotganini taʼkidladi. Mamlakatning boshqa mintaqalari qatori Buxoro ham hamkorlikni rivojlantirishda katta salohiyatga ega ekanini qayd etdi.

Bugunga kunda viloyatda turkiyalik bilan hamkorlikda tashkil etilgan bir qator qoʻshma korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ayni paytda Turkiyaning “Varnet” kompaniyasi Buxoro tumanida gidroponika texnologiyasiga asoslangan zamonaviy issiqxona barpo etayotir.

Anqara shahri Meri Mansur Yavash mamlakatimizdagi katta oʻzgarishlarga yuksak baho berdi. U kuni -kecha Toshkent shahri bilan Anqara oʻrtasida hamkorlik shartnomasi imzolangani, respublikamizning boshqa shaharlari, jumladan, jahonga mashhur Buxoro bilan ham hamkorlik qilishga alohida eʼtibor qaratilishini taʼkidladi.

Muloqot yakunida Mansur Yavash jurnalistlarga intervyu berdi.

–Anqara shahri sanoat va turizmni rivojlantirishda katta salohiyat hamda tajribaga ega, – dedi Turkiya poytaxti Meri. – Buxoroning Anqara bilan hamkorligi juda muhim ahamiyatga ega. Yana bir jihati keyingi yillarda mamlakatingizda sayyohlikni, jumladan, Buxoro kabi tarixiy shaharlarda ziyorat turizmini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu nafaqat qadim maskanning oʻtmishi va buguni bilan tanishishda, odamlarning bir- birini anglashida ham yaxshi omil, balki katta daromad manbai hamdir. Turizmni rivojlantirish albatta, soha moddiy-texnika bazasini rivojlantirishni talab etadi. Biz bu sohada, ayniqsa, zamonaviy mehmonxonalarni barpo etishda hamkorlik qilishga tayyormiz.

Mehmonlar tashrif doirasida Buxoro shahrining qadimiy obidalari, jumladan, Buxoro davlat muzey -qoʻriqxonasining Ark qalʼasida joylashgan viloyat oʻlkashunoslik muzeyi filiali, Minorai Kalon, Masjidi Kalon va Miri Arab madrasasini oʻz ichiga olgan Poyi Kalon majmuasi hamda Labi hovuz majmuasi va boshqa diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi. Shuningdek, ular Kogon tumanida boʻlib Bahouddin Naqshband qabri joylashgan tarixiy yodgorlik majmuasi va Sayyid Mir Kulol maqbarasini ziyorat qildi.

Anqaraliklar viloyatda ajdodlardan qolgan buyuk madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, islom dini taʼlimotiga katta hissa qoʻshgan buyuk pirlar qadamjolarini obod etib, ziyoratgohlarga aylantirishga qaratilgan yuksak eʼtiborni yuqori baholashdi.

2 210
Erkin YODGOROV, Tohir ISTATOV (surat), OʻzA