Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.06.2018 17:29 Chop etish versiyasi

Anjuman ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarasiga bag‘ishlandi

Namangan viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida mamlakatimiz ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar va ularning samarasi haqida so‘z yuritildi.

Namangan o‘ziga xos noyob nabotot va hayvonot olami, yer osti va usti boyliklari, suv havzalari bilan mamlakatimizning ekologik boy hududlaridan biri hisoblanadi. Viloyatning ochiq suv havzalarida, jumladan, Norin, Qoradaryo va Sirdaryo sohillarida oq laylak, o‘rdaklarning bir necha turi, tog‘oldi hududlarda boyo‘g‘li, burgut, sor, qirg‘iy, bedana, tog‘ tovug‘i, kaklik, tustovuq, to‘qayzorlarda fazan, qumri kabi parrandalarni hamda bo‘ri, tulki, chiyabo‘ri, jayra, yovvoyi quyonni uchratish mumkin.

Shuningdek, daryolar sazan, oq amur, do‘ngpeshona, karas, xonbaliq, ilonbosh kabi baliq turlari, bo‘rsiq, ondatra singari suv hayvonlariga boy.

– Juda noyob tur bo‘lgan oq laylakni tabiatning indikatori deymiz, chunki u havo va suv eng musaffo, xavfsiz hududlarda yashaydi, – deydi viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i M.Apaqov. – Bu qush viloyatimizni makon tutgani e’tiborlidir. Ekologiya atrof-muhit muhofazasi bir tashkilotning emas, balki, butun jamiyatning vazifasi bo‘lmog‘i kerak. Bizning vazifamiz esa jamiyat har bir a’zosining ana shu vazifaga ongli safarbarligi, bu boradagi qonunchilik ijrosini ta’minlashga ko‘maklashishdir.

Tadbirda chiqindilar bilan bog‘liq ekologik muammolar tobora jiddiylashib borayotgani ta’kidlandi. Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi qonunlari talablari asosida davlat nazoratini olib borish bilan birga qirg‘oq mintaqa yer maydonlariga har xil chiqindilarni tashlash va suvga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.

Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi faoliyati yuzasidan xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sessiyalarida hisobot berib borilmoqda.

Tadbir yakunida aholining ekologik madaniyatini yanada yuksaltirish, sohadagi islohotlarni izchillik bilan yoritishda faol hamkorlik qilayotgan jurnalistlarga boshqarmaning tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 789