Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.02.2017 11:42 Chop etish versiyasi

Aniq vazifalar belgilab olindi

Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi markaziy kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonidan kelib chiqadigan vazifalar muhokama qilindi.

Partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi S.Turdiyev va boshqalar mazkur farmon xalqimiz tomonidan mamnuniyat bilan kutib olingani, unda yaqin besh yillikda mamlakatimizni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish, xalqimiz hayot darajasini yuksaltirishning mexanizmlari aniq belgilab berilganini ta’kidladi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy hayot, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarini demokratlashtirish va liberallashtirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolik jamiyatini shakllantirishda aholi faolligini oshirish yo‘lida keng miqyosli ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi. Ushbu islohotlar jarayonida siyosiy partiyalar, jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fuqarolarning siyosiy va ijtimoiy, ayniqsa, saylov jarayonlaridagi faolligini oshirish, ularning irodasi va fikrini ifoda etish, markaz va joylardagi davlat hokimiyati organlarini shakllantirishdagi ishtirokini kengaytirishning muhim vositasiga aylandi.

Prezidentimizning ushbu farmoni davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga qaratilgan keng miqyosli o‘zgarishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi. Harakatlar strategiyasiga davlatimiz rahbari tomonidan saylovoldi jarayoni, jamoatchilik, ishbilarmon doiralar vakillari hamda davlat organlari bilan uchrashuvlar chog‘ida bildirilgan mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar rivojlantirishning konseptual masalalari kiritilgani partiya faollari va deputatlik korpusiga alohida mas’uliyat yuklashi qayd etildi.

Yig‘ilishda Harakatlar strategiyasining har bir yo‘nalishi partiya va uning deputatlik korpusi, hududiy tashkilotlari, partiya faollari oldida turgan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida puxta o‘rganilib, tahlil qilindi.

– Bugungi yig‘ilishda partiyamiz elektorati manfaatlari, tadbirkorlar va fermerlar bilan joylarda o‘tkazilgan uchrashuvlarning natijalaridan kelib chiqib, Harakatlar strategiyasining iqtisodiyotni liberallashtirish borasidagi vazifalariga alohida e’tibor qaratildi, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati To‘lqin Karimov. – Tadbirkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy investorlar uchun investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportga mo‘ljallangan mahsulot va materiallar ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy prinsiplari va mexanizmlarini joriy etishni qamrab oladigan vazifalar ko‘rib chiqildi.

Partiyaning 2017-yilga mo‘ljallangan harakat dasturi atroflicha muhokama qilindi. Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o‘sish sur’atlarini ta’minlash, kadrlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
1 981






Все о погоде - Pogoda.uz