Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.09.2017 19:03 Chop etish versiyasi

Aniq hudud, aniq muddat va shaxsga qaratilgan tibbiy xizmat

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan «Tibbiy patronaj: aniq hudud, aniq muddat va shaxsga qaratilgan xizmat» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari E.Bositxonova va boshqalar sog‘liqni saqlash sohasini yanada isloh etish, eng avvalo, uning birlamchi bo‘g‘inidagi bo‘linmalari va qishloq vrachlik punktlari faoliyatini tubdan takomillashtirish yuzasidan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish davlatimizning e’tibor markazida ekanligini ta’kidladi. Birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati ishini xalqimizning talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda tashkil etish maqsadida aholiga eng yaqin tibbiy bo‘g‘inda qator islohotlar olib borilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 29-martdagi «O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi vazifalarni amalga oshirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Qarorda birlamchi tibbiyot muassasalari joylashuvini oqilona tashkil etish, ularda ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, patronaj tizimini sifat jihatdan tubdan yaxshilash, mamlakatda, uning har bir hududi va aholi yashash punktlarida kasallanish darajasini pasaytirish, profilaktika ishlarini yanada yaxshilash ko‘zda tutilgan. Hujjat ijrosi doirasida 793 ta qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikalari, 441 tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etildi. Faoliyati tugatilgan 658 ta QVP binolari QVP va poliklinika shifokorlari uchun xizmat uy-joyi sifatida foydalanishga berilmoqda. QVPlar, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda xizmat ko‘rsatish vaqtining ertalab soat sakkizdan kech soat sakkizgacha uzaytirilgani aholining birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan foydalanish imkoniyatini kengaytirmoqda.

Tadbirda vazirlik tizimida tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini rivojlantirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar, tibbiy patronaj xizmati bilan aholini qamrab olish yo‘nalishlari va istiqboldagi rejalar xususida batafsil ma’lumot berildi.

Yuqoridagi hujjatning mantiqiy davomi sifatida shu yil 13-sentabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, biriktirilgan hududda oilalarning to‘liq patronaj bilan qamrab olinishini ta’minlayotgan va o‘z faoliyatining ijobiy natijalariga erishgan patronaj tibbiyot hamshiralari va umumiy amaliyot shifokorlariga tarif stavkasining 5 foizidan 20 foizigacha miqdorda oylik shaxsiy ustama belgilandi.

Mamlakatimizda tibbiyot xodimlaridan birinchi navbatda kasalliklarning oldini olish – xastalikka sabab bo‘luvchi omillarni oldindan aniqlab, bartaraf etish mexanizmini yo‘lga qo‘yish talab etilmoqda. Buni esa tibbiy patronaj xizmati bilan oilalarga kirib borgan holdagina amalga oshirish mumkin. Shu nuqtai nazardan, qishloq oilaviy poliklinikasi sobiq QVPdan tubdan farq qiladi. Yangidan tashkil etilayotgan ushbu muassasalar zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar – UTT, EKG va boshqa tekshiruv apparatlari bilan jihozlanmoqda. Qishloq oilaviy poliklinikalarida umumiy amaliyot shifokori va o‘rta tibbiyot xodimlaridan tashqari, jarroh, pediatr, akusher-ginekolog, stomatolog, ultratovush tekshiruvi mutaxassisi kabi tor mutaxassislar faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgani aholini tibbiy ko‘rik va maslahat olish uchun markazga, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarga qatnab yurish zaruratidan xalos etmoqda.

Tadbirda patronaj xizmati tubdan modernizatsiya qilinib, huquqiy asoslar bilan mustahkamlanayotgani, moddiy bazasi yaxshilanayotgani alohida qayd etildi. Mutaxassislar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.

Matbuot anjumanidan so‘ng ishtirokchilar poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi namunaviy asosda faoliyat yuritayotgan 47-oilaviy poliklinikaga tashrif buyurib, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar bilan tanishdi. Mazkur oilaviy poliklinikada elektron qabulning joriy qilingani aholiga yanada qulaylik tug‘dirmoqda.

Mohigul Qosimova, O‘zA
1 794






Все о погоде - Pogoda.uz