O‘zA O`zbek

08.09.2018 12:49 Chop etish versiyasi

Angrenda yangi tikuv korxonasi ish boshlashi bilan 120 nafar aholi bandligi taʼminlandi

Angrenda yangi tikuv korxonasi ish boshlashi bilan 120 nafar aholi bandligi taʼminlandi

Toshkent viloyati Angren shahrida yangi tikuv korxonasi – “Rainbow Tekstil“ masʼuliyati cheklangan jamiyati ish boshladi.

Kattalar va bolalar uchun turli xildagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mazkur korxonaning ochilish marosimida shahar hokimligi, soliq inspeksiyasi, banklar, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi shahar kengashi masʼullari, shahar faollari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, ayniqsa foydalanilmay turgan binolarning tadbirkorlarga “nol” xarid qiymatida berilayotgani sohaning jadal rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi. Bu borada Prezidentimizning 2017-yil 23-fevraldagi “Tadbirkorlarning ishlab chiqarish maydonlaridan foydalanishlarini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjat asosida shahardagi foydalanilmay turgan bino “nol“ qiymatda 9,7 milliard soʻm investitsiya kiritish va 200 yangi ish oʻrni yaratish sharti bilan tadbirkorga berilgan edi.

Tadbirkor “Sanoatqurilishbank” viloyat filialidan olingan 1,7 milliard soʻm kredit hamda 8 milliard soʻm oʻz aylanma mablagʻi hisobidan ikki qavatli binoni rekonstruksiya qilib, zamonaviy jihozladi. Zamonaviy tikuv dastgohlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va mahsulot sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Bu yerda ishlab chiqarilayotgan trikotaj mahsulotlari ichki bozorga sotilishi bilan bir qatorda, Rossiya va Boltiqboʻyi davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan.

Eng muhimi, fabrika ishga tushirilishi bilan shaharning 120 nafar aholisi doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Korxonada joriy yil yakuniga qadar yana 80 chevarning doimiy bandligini taʼminlash, bu orqali doimiy ishchilarni 200 nafarga yetkazish moʻljallanmoqda.

A.Xudoyqulov, OʻzA
2 742