O‘zA O`zbek

24.08.2018 21:57 Chop etish versiyasi

Angliyalik sayyoh Aziza Ravat xonim: “Yuksak darajadagi insonparvarlikdan lol boʻldim”

Angliyalik sayyoh Aziza Ravat xonim: “Yuksak darajadagi insonparvarlikdan lol boʻldim” Buxoroda Vatanimiz mustaqilligining 27 yillik bayrami arafasidaijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi boʻlgan 193 fuqaroga yangi uylarning kaliti topshirildi.

Shu munosabat bilan Buxoro shahridagi Labi hovuz majmuasi hududida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda poytaxtdan kelgan qator mutasaddi idoralar, viloyat jamoatchiligi vakillari, koʻp yillik orzusi ushalgan ehtiyojmand oilalar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda ijtimoiy himoya davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangani taʻkidlandi. Joriy yilda Buxoro viloyati boʻyicha ana shunday toifaga mansub oilalarning 1 ming 156 tasi imtiyozli shartlar asosida uy-joy bilantaʻminlanadi.

– Shu paytga qadar toʻrt oila bir hovlida yashar edik, – deydi Peshku tumanidan Raʻno Rafiqova. – Buning nechogʻli mashaqqat va noqulay ekanini boshidan oʻtkazgan biladi. Besh farzandimiz bor, ulardan biri nogiron. Men ular tarbiyasi bilan bandman. Yolgʻiz oʻzi ishlaydigan turmush oʻrtogʻimning maoshi faqat roʻzgʻor tebratishga yetadi. Bu ahvolda yaqin yillarda uyli boʻlishimizga ishonmasdim. Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan yangi tizim tufayli uyli boʻldim. Bugun Yangiobod qishlogʻida namunaviy loyiha asosida qurilgan ikki sotixdan iborat uch xonali uy kaliti va boshlangʻich badal toʻlangani toʻgʻrisida sertifikat topshirildi. Badal davlat tomonidan toʻlangani, uy narxining qolgan 130 million soʻmi bank tomonidan 15 yilga kredit sifatida ajratilganini aytishganida rosti,hammamizning koʻzimizga yosh keldi. Axir, bundaygʻamxoʻrlik, mehribonlik yana qaysi yurtda bor?

Marosim katta bayramga aylanib ketdi. Tantanada koʻhna Buxoroni tomosha qilgani kelgan bir guruh xorijlik sayyohlar ham ishtirok etdi. Ularning ayrimlari shoʻx qoʻshiq va dilbar musiqalar yangragan maydonda raqsga tushayotgan yangi uy sohibalari davrasiga qoʻshilib ketdi.

– Dastlab, bu yerda nima boʻlayotgani bilan qiziqdim, – deydi angliyalik sayyoh Aziza Ravat xonim. – Mamlakatingizda kam taʻminlangan oilalarga, nogironligi boʻlgan fuqarolarga davlat tomonidan imtiyozli asosda uy-joy berilayotgani, uy kaliti jamoatchilik ishtirokida bayramona muhitda topshirilayotganini aytishdi. Men dunyoning koʻp mamlakatlarida boʻlganman. Lekin, bunaqasini uchratmaganman. Biror-bir davlatda bunday yuksak saxovat va olijanoblikni koʻrganim yoki bu haqda eshitganim yoʻq. Oʻzbekistonda koʻrganlarim – betakror obidalar, samimiyat, ochiq chehralik, yuksak darajadagi insonparvarlik meni lol qoldirdi. Ajnabiyning raqs tushayotganidan ajablanyapsizmi? Hayron boʻlmang, meni maftun etgan yurt odamlari shodligiga sherik boʻlishni juda-juda istadim. Axir, bunaqasini yana koʻramanmi-yoʻq, bilmadim.

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat) OʻzA
2 111