O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymang!

Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymang!

Bugungi kunga kelib, din mavzusi va dindorlar bilan bog‘liq masalalar nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo mamlakatlari uchun ham eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Afsuski, jahonda ekstremizm va terrorizm muammosi kuchayib borgani sari ushbu masala qayta-qayta ko‘rib chiqilyapti.

Albatta, bunday vaziyatda davlatning diniy sohadagi siyosati qanday bo‘lishi kerak, degan tabiiy savol tug‘iladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahriri loyihasining ishlab chiqilishi hamda jamiyatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan joylarda olib borilayotgan ekstremistik hamda terroristik tashkilotlarning yot g‘oyalariga qarshi kurashni ayrim guruhlar davlatni dunyoviylashtirish (sekulyarizatsiya), ya’ni jamiyat va davlat hayotida dinning rolini maqsadli pasaytirish siyosati, deb talqin qilmoqdalar.

Avvalo, mazkur atamani to‘g‘ri tushunish va to‘g‘ri talqin etish zarur. Dunyoviylik, bu — davlat boshqaruvining diniy qonunlar yoki din muhim o‘rin egallagan tuzumidan davlat boshqaruvining dunyoviy modeliga o‘tishidir.

O‘zbekiston dunyoviy davlat bo‘lib, Konstitutsiyaning 61-moddasida: “Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi”, — degan norma qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Shu ma’noda O‘zbekiston diniy tuzumdan dunyoviylik tuzumiga va ayniqsa, ateistik tuzumga o‘tyapti, degan gaplar asossizdir.

Xo‘sh, dunyoviylik nima? ¬Dunyoviylik ayrim kishilar xato talqin etayotgandek, ateizm emas. Dunyoviylik xudoni, imonni inkor etmaydi.

O‘zbekistonning dunyoviy davlat sifatida diniy sohadagi siyosati shundan iboratki, davlat biror-bir dinni rasmiy, deb hisoblamaydi va hech birini diniy mansublik asosida boshqa dinlardan ustun qo‘ymaydi.

Ya’ni davlat dinni siyosiylashtirishga yo‘l qo‘ymaydi, biroq ayni paytda diniy tashkilotlar va konfessiyalarning rivojlanishiga ko‘mak ko‘rsatadi, ularning ichki ishlariga aralashmaydi, dindorlarga diniy ehtiyojlarini qondirishlariga to‘sqinlik qilmaydi.

Davlat dindorlarning diniy marosimlarni qanday o‘tkazish kerakligi, nimalarga rioya qilish yoki boshqa shu kabi masalalar bo‘yicha ko‘rsatma bermaydi. Bularning barchasi diniy soha vakillari vakolatiga kiradi. Davlat organlari barcha diniy tashkilotlar tomonidan qonunga rioya etilishini nazorat qiladi.

Ko‘rinib turibdiki, davlat xolis hakam sifatida xizmat ko‘rsatadi va har bir shaxsning har qanday dinga e’tiqod qilish yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik huquqini hurmat qiladi.

Shu bilan birga, davlatning qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari orqali tartibga solinadigan masalalarga diniy tashkilotlarning aralashishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan, ta’lim muassasalari tartib-qoidalariga rioya qilish to‘g‘risidagi hukumat qarori yoki vazirlik buyrug‘i normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘quvchilar yoki ularning ota-onalari qaysi ijtimoiy guruhga, qaysi millatga mansubligi hamda diniy e’tiqodiga qaramasdan mazkur qaror va buyruqqa qat’iy rioya qilinishini ta’minlaydi. Qonun yoki normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan normalarni bajarish esa barcha uchun majburiydir.

Xo‘sh, nima uchun keyingi vaqtlarda O‘zbekistonda davlat va din orasidagi munosabatlarni aniq belgilash masalalariga alohida e’tibor berilmoqda? Ehtimol ayrim fuqarolar buning sababi din sohasi davlat hokimiyatiga nisbatan yuqorilab ketayotganligi natijasidir, deb iddao qilishlari mumkin.

Tan olib aytish kerak, haqiqatan ham keyingi yillarda jamiyatdagi ayrim guruhlar, hatto ba’zi din vakillari siyosat bilan din ajralmasdir, ijtimoiy hayotning barcha sohasi islom dini qoidalari asosida boshqarilishi kerak, degan demokratiya tamoyillariga zid da’volarni kun tartibiga kiritishga harakat qildilar. Ayrim kuchlar tomonidan davlat boshqarishi lozim bo‘lgan sohalarga diniy me’yorlarni kiritish talablari ham qo‘yila boshlandi. Jamiyatda diniy me’yorlar doirasini asossiz kengaytirishga, hatto dinni siyosiylashtirishgacha bo‘lgan urinishlar ko‘zga tashlandi.

Bunday da’volar mamlakatda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga diniy tus berish, soxta g‘oyalarni asl diniy qadriyatlar sifatida talqin qilish va oxir-oqibatda diniy-ijtimoiy barqarorlikni izdan chiqarishga urinish hisoblanadi.

Bunday jarayonlar dunyoning qator davlatlarida kechmoqda. Hatto islom davlatlari rahbarlari ham sog‘lom siyosiy kuchlar hamda diniy radikalizm va ekstremizm o‘rtasida g‘oyaviy qat’iy kurash avj olayotganligini tan olmoqdalar. Ayrim mamlakatlarda hukumat va dindorlar o‘rtasida ziddiyatlar kuchayib, hokimiyat uchun kurash avj olmoqda. Boshqa tomondan, xalqaro miqyosda dindan siyosiy maqsadlarda foydalanish orqali siyosiy, madaniy va gumanitar ta’sir hududlarini kengaytirishga urinishlar kuzatilmoqda. Ba’zi guruhlar nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa bir qator davlatlarda ham jamiyatni qonunlar emas, balki shariat me’yorlari boshqarishi lozim, degan shiorlarni oldinga surmoqdalar. Ammo bunday yo‘l O‘zbekiston uchun maqbul emasligini izohlashga hojat bo‘lmasa kerak.

Dunyoviy davlat tuzumidan islomiy davlat tuzumiga qadam qo‘ygan ayrim mamlakatlarning tarixiga bir nazar solaylik. Islomni siyosiylashtirish diniy asosda siyosiy partiyalar va guruhlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Islomda qarama-qarshi oqimlar va qarashlar mavjudligi sababli mazkur partiyalar hamda guruhlar o‘rtasida raqobat va kurash kuchaydi. Oxir-oqibat bularning barchasi davlatning milliy xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Shuning uchun ham diniy me’yorlar va aqidalarni qo‘llashni asossiz kengaytirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Mustaqillikning ilk davrida O‘zbekiston ham boshqa qo‘shni davlatlar kabi dindorlar faoliyatiga aralashmaslik hamda boshqarmaslikdan kelib chiqib ish ko‘rdi va barcha diniy oqimlarga erkinlik berdi. Buning natijasida muqaddas islom dini niqobi ostida yot g‘oya hamda turli buzg‘unchi oqimlar kirib kela boshladi. Bu jarayon, o‘z navbatida, chet ellarda faoliyat ko‘rsatayotgan muayyan guruhlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Hozir ham ushbu guruhlar tomonidan tegishli qo‘poruvchilik ishlari olib borilmoqda. Ular o‘z maqsadlariga erishish uchun mahalliy fuqarolar orasidan o‘z tarafdorlarini sotib olmoqdalar va buning uchun moliyaviy mablag‘larni ayamayaptilar.

O‘zbekistonda fikrlar xilma-xilligi mavjud bo‘lib, hech kimning ma’lum bir qarashlarga ega bo‘lishiga yoki qaysi bir dinga e’tiqod qilishiga qarshilik ko‘rsatilmaydi. Buzg‘unchi mafkuralar, shu jumladan, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi taqiqlovchi choralar orqaligina kurashib bo‘lmasligini esa tarix ko‘rsatdi. Ya’ni odamlarga o‘ylashni, u yoki bu muayyan dinga, hatto u noto‘g‘ri bo‘lsa ham, e’tiqod qilishni taqiqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham yangilanayotgan O‘zbekiston taqiqlash siyosatidan voz kechdi.

Biroq davlat ma’lum bir mafkura yoki g‘oyani buzg‘unchi deb atashi mumkin. Bunga uning huquqi bor. Bugun ayrim diniy oqimlarning g‘oyalarini oddiy fuqarolar ham buzg‘unchi deb hisoblamoqda va ularni taqiqlash lozimligini davlatdan talab qilmoqda. Lekin davlat ularni taqiqlash yo‘lidan bormayapti. Chunki ushbu mafkuralar va g‘oyalar alohida faoliyat yuritadigan tashkilot emas, balki noto‘g‘ri bo‘lsa ham, qarashlar, fikrlar, e’tiqodlar tizimidir. Bu davlat bunday buzg‘unchi mafkura va g‘oyalar bilan kurashmaydi, degani emas. Davlat mazkur mafkura va g‘oyalar tarqalishining oldini olish huquqini o‘zida saqlab qoladi, albatta.

Bu nima degani? Har kimning e’tiqodi uning shaxsiy ishidir, lekin agar kimda-kim zararli mafkura va g‘oyalarni targ‘ib qilsa, boshqalarni unga majburlasa, bunday holda davlat tegishli choralar qo‘llash huquqiga egadir.

Shuning uchun ham O‘zbekiston hukumati buzg‘unchi mafkura va g‘oyalar bilan kurashishda faqat axborot, tushuntirish hamda profilaktika ishlariga urg‘u bermoqda va buni barcha birdek e’tirof etmoqda.

Ekstremistik va terroristik tashkilotlarning buzg‘unchi g‘oyalariga qarshi kurashish, mamlakatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni tushuntirish bo‘yicha barcha viloyatlarda ekspertlar, dinshunoslar va imom-xatiblardan iborat targ‘ibot guruhlari faoliyat olib bormoqda. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan turli oqimlarning yot g‘oyalari ta’siriga tushgan shaxslarning ijtimoiylashuviga ko‘maklashishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, mazkur ishlar sifatini yanada yuksaltirish zarur.

Bugun mamlakatimizda diniy sohada yetarli bilimga ega tajribali dinshunoslar va ekspertlar mavjud. Lekin shunga qaramay, diniy soha vakillarining diniy hamda dunyoviy bilimlarini yanada oshirish, O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosati hamda boshqa sohalarda dadil bahsga kirisha olishlari uchun ularga ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda imom-xatiblar, imom-noiblar uchun turli yo‘nalishlarda o‘quvlar tashkil qilmoqda.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan fuqarolarning vijdon va diniy erkinligi huquqini ta’minlash, milliy hamda diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, boy ilmiy-tarixiy merosni o‘rganish va targ‘ib qilish, diniy-ma’rifiy sohada faoliyat samaradorligini oshirish hamda malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz va yaxlit tizimi ham yaratilganini qayd etish joiz.

Xususan, Toshkentda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Termizda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi hamda Kalom va Hadis, Buxoroda Tasavvuf, Qashqadaryoda Aqida, Farg‘onada Fiqh ilmiy maktablari tashkil etildi.

Bundan tashqari, birinchi marta vertikal diniy ta’lim tizimi yaratilib, islom fanlari bo‘yicha falsafa doktori hamda fan doktori ilmiy darajalarini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktorantura va doktorantura yo‘nalishlari joriy etildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzurida “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil etilganini ham alohida ta’kidlash joiz. Fondning asosiy vazifasi etib masjid va diniy ta’lim muassasalarining binolarini qurish, ta’mirlash, tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ziyoratgohlarni saqlash, obodonlashtirish, diniy soha xodimlarini moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabilar belgilab qo‘yildi.

Fuqarolarning vijdon erkinligi va diniy e’tiqodga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash maqsadida muqaddas ziyoratlarni ado etish bilan bog‘liq bir qator imkoniyatlar yaratildi.

Ma’lumki, ilgarilari Umra ziyoratiga belgilangan kvota asosida bir mavsumda faqat 10 ming fuqaro borar edi. 2018 yil oktabrdan boshlab bu kvota mexanizmi olib tashlandi. Natijada joriy yildagina 30 mingdan ziyod fuqarolar Umra amallarini ado etib qaytdi.

Muqaddas Hajga boruvchi ziyoratchilarning soni 5,2 mingdan 7,2 ming nafarga oshirildi, safar xarajatlari arzonlashtirildi.

Bundan tashqari, mamlakatda turli diniy tashkilotlarning o‘z faoliyatlarini amalga oshirish va mamlakat hayotida faol ishtirok etishlari uchun barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda. Xususan, 2019 yilning o‘tgan davrida respublikamizda 6 ta yangi xristian cherkovi ro‘yxatga olindi va bugun noislomiy konfessiyalarga oid diniy tashkilotlarning soni 182 tani tashkil etadi.

Shu bilan birga, pravo¬slavlar uchun Isroil, Gresiya va Rossiya, katoliklar uchun Isroil va Italiya, armanlar uchun Isroil va Armaniston, yahudiylar va bahoiylar uchun Isroil, krishnachilar uchun Hindiston va buddaviylar uchun Koreya Respublikasida joylashgan muqaddas joylarga ziyoratlar tashkil qilinmoqda.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, davlat jamiyat a’zolarining vijdon erkinligi huquqlarini ta’minlashda juda katta ishlarga bosh-qosh bo‘lyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017- 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida “Diniy sohadagi O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi”ni ishlab chiqish va qabul qilish belgilangan edi. Bugun jamiyat, chindan ham, ana shunday konsepsiyaga ehtiyoj sezyapti. Ushbu hujjatda diniy tashkilotlar bilan aloqalar, jamiyatda dinning o‘rni kabi masalalarda davlatning aniq va tizimli qarashlari hamda yo‘nalishlari aks etishi zarur. Umuman, Konsepsiya diniy sohadagi davlat siyosatini ochiq va shaffof aks ettiruvchi hamda strategik vazifalarni qamrab oluvchi hujjat bo‘lishi kerak.

Konsepsiyani ishlab chiqish va qabul qilishda, birinchi navbatda, davlat manfaatlaridan kelib chiqish, shu bilan birga, jamiyatning barcha qatlami va guruhlari manfaatlarini hisobga olish lozim.

Azizbek MAQSUDOV,
siyosatshunos.

241
O‘zA