O‘zA O`zbek

12.09.2018 19:11 Chop etish versiyasi

Andijonning eng ibratli oilasi

Andijonda “Ibratli oila” respublika koʻrik-tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

“Oila“ ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, xotin-qizlar qoʻmitasi, “Mahalla” jamoat fondi, “Nuroniy“ jamgʻarmasi, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Markaziy bank, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamkorligida oʻtkazilayotgan tanlovning viloyat bosqichida 16 ibratli oila oʻzaro bellashdi.

– Viloyatimizda 750 mingga yaqin oila mavjud, – deydi Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Manzura Yunusova. – Oilalarimiz qanchalik barqaror va mustahkam boʻlsa, jamiyatimiz yuksalib boraveradi. Shu maʼnoda oʻtkazilayotgan tanlovning asosiy maqsadi ham oilalarni yanada mustahkamlash, bu boradagi ilgʻor tajribalarni ommalashtirish, ularni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga qaratilgan.

Tanlovda ishtirokchilarning oiladagi ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlash, ota-ona va farzandlar oʻrtasidagi munosabat, qoʻni-qoʻshnilar bilan oqibatli boʻlish, taʼlim muassasalari bilan hamkorlik va kitobxonlik madaniyati, shuningdek, oila aʼzolarining bandligi, tadbirkorlik, tomorqadan unumli foydalanish borasidagi tajribalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Oltinkoʻl tumanidagi Markaz mahallasida yashovchi Abdujabbor Mahkamov oilasi eng ibratli oila, deb topildi va tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi.

Ikkinchi oʻrinni Izboskan tumanidagi Toʻrtkoʻl mahallasida yashovchi Gʻulomjon Boyboboyev oilasiga, uchinchi oʻrin Asaka tumanidagi Gumbaz mahallasida yashovchi Orifjon Turgʻunov oilasiga nasib etdi.

Tanlovda, shuningdek, “Kitobsevar oila”, “Ahil oila”, “Ishbilarmon oila”, “Ziyoli oila”, “Orasta oila”, “Saxovatli oila” kabi qator nominatsiyalar boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi.

Gʻolib va sovrindorlar tanlov tashkilotchilarining diplom, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Faxriddin Ubaydullayev, OʻzA
1 539